Vandallar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vandallar — qad. german xalqlarining sharqiy tarmogʻiga mansub kabila; dastlab Yutlandiya ya.o.da, mil. av. 1-a.dan esa — Oder va Visla daryolari, shuningdek Sudet va Karpat toglari oraligʻidagi hududlarda yashashgan. V. ikki qavmga (silinglar va xasdinglar) boʻlingan. Mil. 2-a.da Markoman urushida qatnashib, hozirgi Vengriya hududiga qadar siljiganlar. 4-a.da Pannoniyada oʻrnashib olgan V. Rimga yollanma askarlar yetkazib berishgan, ular orasidan iqtidorli sarkardalar ham (mas., Stilixon) yetishib chiqqan. V. alanlar va svevlar bilan birgalikda Gʻarbga yurish qilib (406), Reyn daryosidan kechib oʻtishgan va butun Galliyani bosib oʻtib Ispaniyaga qadar borishgan (409). Bu toʻgʻrida hozirgi Andalusiya (Vandalusiya) provinsiyasiping nomi hanuzgacha eslatib turadi. Silinglar Ispaniyada vestgotlar tomonidan deyarli tor-mor etilganlar, xasdinglar esa Geizerix rahbarligi ostida 429—439 y.larda Rim imperiyasiga qarashli Shim. Afrikani bosib olganlar va hozirgi Tunis hududida oʻrnashganlar. V. qirolligi Rim imperiyasiga tobe yerlarda barpo etilgan birinchi german qirolligi edi. V. floti Oʻrta dengizda hukmron boʻlib olgan. V. 455 y. Rimni talon-taroj qilishgan, Balsar o.lari, Sardiniya va Korsikani egallashgan. Vizantiya sarkardasi Velizariy 533—534 y.larda V. qirolligini zabt etgan. V. tarixda oʻzlarining talonchilik, bosqinchiliklari bilan mashhur boʻlishgan. Shu tufayli madaniy qadriyatlarni bekordan bekorga yoʻq qilinishini anglatuvchi vandalizm tushunchasi paydo boʻlgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil