Sunan ad-Dorimiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Movarounnahrda hadis ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan samarqandlik buyuk muhaddis, faqih, mufassir Abdulloh ibn Abdurahmon ad-Dorimiy (798-869) bir qancha asarlar taʼlif etgan boʻlib, bizgacha uning faqat „Sunan“i etib kelgan."Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ad-Dorimiy as-Samarqandiy. Sunan ad-Dorimiy. 2 j.//As-Shayx Muhammad Abdulaziz al-Xolidiy nashrga tayyorlagan. — Bayrut: Dor ar-kutub al-ilmiyya, 1996" „Sunan“ — musulmon kishining shahsiy va ijtimoiy hayotida uchraydigan deyarli barcha holat (masala)larni oʻz ichiga olgan keng qamrovli hadis toʻplamidir. Asar fiqhiy boblarga koʻra ajratilib, shu boblarni nomlashda (ularning mazmuniga) fiqhiy masalalar va hukmlarni kiritgan. „Sunan“ Muqaddima hamda 23 kitobdan tashkil topgan boʻlib, har bir kitob boblarga boʻlingan. IX asrga mansub boʻlgan ushbu asarda jami 1306 ta bobda Pajgʻambarning 3503 ta hadislari keltiriladi. U butun musulmon dunyosiga mashhur boʻlib, „Toʻqqiz tan olingan ishonchli hadis toʻplamlari“ („Al-kutub at-tisʼ’a“)ning biri sifatida tan olingan.[1] Lekin „Sunan“ respublikamizda shu kunga qadar oʻrganilmagan.

Maʼlumki, „Sunan“ turkumidagi hadis toʻplamlarida hukmlarga tegishli boʻlmagan hadislar kam uchraydi. Eng avval ibodat (Alloh bilan banda oʻrtasidagi munosabat), muomalot (banda bilan banda oʻrtasidagi munosabat), uqubat (oldingi ikki munosabatdagi talablarni bajarish yoki bajarmaslik jihatidan jazolash)ni bayon qilgan hadislar jamlanadi. Sunanlar umumiy holatda ibodat masalalaridan biri boʻlgan tahorat bilan boshlanib, muomalot va uqubat bilan yakunlanadi. Imom ad-Dorimiyning „Sunan“ida ham avvalo islom dinining asosiy ruknlariga oid ibodat masalalari keltiriladi:

  1. Tahorat kitobi — 120 bob
  2. Namoz kitobi — 216 bob
  3. Zakot kitobi - 38 bob
  4. Roʻza kitobi - 56 bob
  5. Haj kitobi - 91 bob
  6. Qurbonlik kitobi- 28 bob

Soʻngra muomalot munosabatlariga oid quyidagi masalalar:

  1. Savdo kitobi — 83 bob
  2. Nikoh kitobi — 56 bob
  3. Taloq kitobi — 18 bob
  4. Qasamlar kitobi — 12 bob
  5. Jihod kitobi — 40 bob
  6. Ov kitobi - 9 bob
  7. Ichimliklar kitobi — 28 bob
  8. Yeguliklar kitobi - 42 bob
  9. Tushlar kitobi - 13 bob
  10. Merosni taqsimlash kitobi — 56 bob
  11. Vasiyatlar kitobi — 45 bob

Asarda keltirilgan uqubat masalalari:

  1. Hun (tovon) toʻlash kitobi — 25 bob
  2. Jazolar kitobi — 21 bob

Ammo Imom ad-Dorimiyning „Sunan“ asari oʻziga hos bir uslubda yozilgan boʻlib, unda „jomeʼ’“ turkumidagi hadis toʻplamlariga xos boʻlgan masalalar ham alohida kitoblarga ajratilgan:

  1. Izn, ruhsat soʻrash kitobi - 69 bob
  2. Nozik masalalar kitobi — 122 bob
  3. Siyarlar kitobi — 83 bob
  4. Qurʼon fazilatlari haqidagi kitob - 35 bob

„Namoz“ kitobi asarning eng katta kitobi boʻlib, unda mavzuga aloqador boʻlgan barcha masalalar boʻyicha hadislar bor. Jumladan, namoz vaqtlari, azon aytish va uning fazilatlari, namoz shartlari, uni ado etish tartibi, erkak va ayollar uchun safning qaysi joyi afzalroq ekanligi, namozxonlarning kiyimlari, jamoat namozlarining fazilatlari, namozlarda qiroatning meʼyori, namozning buzilish holatlari, namoz oʻqish mumkin boʻlgan joylar, masjidda namozxon odobi, masjidda oʻtirib namoz (vaqtini) poylashning fazilati, namozning turlari haqidagi hadislar keltiriladi. Jumladan, „Namoz vaqtlari“ga bagʻishlangan ikkinchi bobda mavzuga oid uchta hadis keltiriladi. Ulardan biri Jobir ibn Abdulloh (r.a.) tomonidan rivoyat qilingan: „Nabiy peshin namozini ayni kun qizigan (quyosh tikka kelgan) paytda, asrni quyosh tiniq paytda, shom namozini quyosh botganda, xuftonni baʼzida tezlashtirar, baʼzida kechiktirar edilar. Agar namozxonlarning toʻplanganliklarini koʻrsalar tezlashtirar edilar, ularning kechikayotganliklarini koʻrsalar kechiktirar edilar. Bomdod namozini qorongʻu paytda oʻqir edilar“,-degan mazmundagi hadis keltirilgan.[2]

„Zakot“ kitobida esa badavlat odamlarning mol-mulki nisobga (islom dini belgilagan meʼyoriga) etib, undan kundalik ehtiyojga ishlatilmayotgan qismdan beva-bechora, yetim-yesir, muhtojlarga ajratib berish yoʻli bilan amalga oshiriladigan ibodatga oid masalalar kiritilgan. Unda zakotga qanday moldan, qancha miqdorda kimga, qachon va qaysi tartibda berilishi va zakot bilan bogʻliq boshqa masalalar bayon qilinadi. Jumladan, qoʻy, sigir, tuya uchun beriladigan zakot alohida boblarda, kimlarga sadaqa berish, qanday sadaqa afzalroq ekanligi haqidagi masalalar ham alohida boblarga ajratib berilgan. Jumladan, Adiy ibn Hotam (r.a.) rivojat qilgan: "Rasululloh: „Yarimta xurmo sadaqa qilib boʻlsa ham doʻzax oʻtidan saqlaningiz! Agar (uni ham) topolmasangiz, yaxshi soʻzlar bilan sadaqa qiling!“,- hadis ham keltirilgan.[3]

Muomalot masalalaridan boʻlgan „Nikoh“ kitobida ijtimoiy masalalar ichida har qanday jamiyatning oʻzagini tashkil etuvchi oila va nikoh masalalari aks ettirilgan. Bu kitobda qurbi etgan kishining albatta uylanishi lozimligi, ayol kishiga toʻrt narsa (xislat) uchun uylanishlik haqidagi, qanday ayolga uylanish taʼqiqlanganligi, valiysiz nikoh qurmaslik, yetim qiz, beva va qiz bolaning turmushga chiqishdagi raʼyi kimdaligi, Paygʻambarning zavjalari va qizlariga berilgan mahrning miqdori haqidagi hadislar keltiriladi. Bundan tashqari nikoh shartlari, oilada erkak va ayolning oʻrni, oʻzaro munosabatlar, qul va joriyalar masalasi, bola emizish, erlarning oʻz ahli ayoliga nafaqa berishi kerakligi va boshqa koʻplab mavzular haqidagi boblar keltiriladi. Ushbu kitob 56 bobdan tashkil topgan boʻlib, unda jami 125 ta hadis oʻrin olgan.

„Taloq yoki er-xotin oʻrtasidagi ajrim haqidagi kitob“da esa islom nuqtai nazaridan nikohning buzilishi nima, u qanday tartibda amalga oshiriladi, taloqning turlari, uning oqibatlari va masʼulyati, idda masalasi, taloq qilingan ayolning nafaqasi masalasi, bevaning aza tutishi, idda saqlagan ayolning ziynatlanmasligi va taloqqa aloqador boshqa masalalar bayon etilgan. Shu bilan birga, ushbu kitobda „Azador ayol idda muddatida ziynatlanmasligi“ haqidagi Ummu Atiyya rivoyat qilgan: "Nabiy dedilar: „Ayollar eridan boshqa mayyitga uch kundan ortiq aza tutmasligi, eri oʻlsagina toʻrt oy-u oʻn kun aza tutmogʻi mumkin. Bu muhlat davrida boʻyalgan (rangli) kiyim kimay, odmi kiyim kiyib, surma qoʻymay va na atir-upa sepmay, faqat hayzdan poklanib, gʻusl qilganda biror zufor atri va kustdan fojdalanishi mumkin“,- degan mazmundagi hadis keltirilgan.[4]

Uqubat masalalariga oid boʻlgan kitoblarda ham turli mavzulardagi hadislar jamlangan. Jumladan, „Jazolar“ kitobida jinoyatning jazosi haqida bayon qilinadi. Unda jazoning turlari, jinoyatga oid masalalar, mayxoʻrlikning jazosi, oʻgʻirlik, uning turlari, oʻgʻirlik jinoyatiga beriladigan jazo, qay holatda oyoq yoki qoʻlni kesish jazosi tayinlanishi haqida hadislar keltiriladi. Shuningdek, zinokorning jazosi, toshboʻron qilish jazosi qoʻllaniladigan kishilar, jazoning amalda jorij qilinishi va boshqa shu kabi masalalar haqidagi boblar ham keltiriladi.

Asardagi „Vasiyatlar haqidagi kitob“da vasiyatning fazilati, uni yozish tartibi, mulkning qancha miqdori vasiyat qilinishi mumkinligi, kim kimga vasiyat qoldirishi mumkinligi, bemor kishining vasiyati, qilingan vasiyatdan qaytish mumkin yoki mumkin emasligi, marhum kishiga qilingan vasiyat qilingan, qulga, yaqin kishilarga va boshqalarga qilingan vasiyatlar haqidagi hadislar keltiriladi. Jumladan, „Vasiyat qoldirish“ haqidagi bobda Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qilgan quyidagi hadis keltiriladi: "Rasululloh: "Musulmon kishining vasiyat qilib qoldiradigan narsasi boʻlib, yonida vasiyati yozib qoldirilmagan boʻlsa, ikki kecha (kasal boʻlib ham) yotishga haqi yoʻq.[5]

„Sunan ad-Dorimiy“ turdosh asarlardan oʻzining tuzilishi, mavzularning izchil tartibda joylashtirilishi, hadislarning oʻz mavzularidagi boblarda toʻri aks etishi bilan ajralib turadi. „Sunan“dagi hadislar Islom dini taʼlimotiga oid umumi qoidalarni aks ettirish bilan cheklanmay, mehr-muhabbat, sahiylik, ochiq koʻngillilik, kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, halollik singari chin insoniy fazilatlarni ham ulugʻlaydi.[6]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qarang: Ahmad Abdulqodir ar-Rafoiʼy. Fahras ahadis va osor sunan ad-Dorimiy. Bayrut: Aʼlam al-kutub. 1988.-B.20.; CD-disk. Mavsuʼa. Al-Kutub at-tisʼ’a.
  2. Sunan ad-Dorimiy. I jild. 1184-hadis. -B.184.
  3. Sunan ad-Dorimiy. 1657-hadis. I jild. -B.303. Kust — maxsus daraxt boʻlib, uni qaynatib shifobaxsh modda olingan.
  4. Sunan ad-Dorimiy. 2286-hadis. II jild. -B.137.
  5. Sunan ad-Dorimiy. 3175-hadis. II jild. -B.304.
  6. Mahfuza Alimova. Toshkent islom universiteti.