Romitan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Romitan
shahar
39°56′0″N 64°23′0″E / 39.93333°N 64.38333°E / 39.93333; 64.38333 G OKoordinatalari: 39°56′0″N 64°23′0″E / 39.93333°N 64.38333°E / 39.93333; 64.38333 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Buxoro viloyati
tuman Romitan tumani
Aholisi
15 000
Vaqt mintaqasi UTC+5
Romitan xaritada

Romitan — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyati Romitan tumanidagi shahar (1981-yildan), tumanning maʼmuriy markazi.

Yaqin temir yoʻl stansiyasi—Kogon (30 km). Viloyat markazi (Buxoro)dan 17 km. Aholisi 15 ming kishi (2003), asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, tatar, rus va boshqa ham yashaydi. Romitan Oʻzbekistonning qad. shaharlaridan biri. Romitan nomi mahalliy rivoyatga koʻra, "Romitan" — "Tan oromi" dan deyiladi. "Romitan" atamasi turkiy mitan urugʻi nomidan kelib chiqqan degan taxminlar ham mavjud.

Narshaxiy yozishicha, Romitan katta bir koʻhandizga ega va mustahkam bir qishloq boʻlib, Buxorodan qadimiyroqdir. Baʼzi manbalarda bu qishloqni Buxoro deb ataganlar. R.da qadimda hukmdorlar turar joylari boʻlgan. Buxoro sh. vujudga kelgandan soʻng ular Romitanda faqatgina qish faslida yashaganlar.

Arab sarkardasi Ubaydulloh ibn Ziyod qoʻshini 674 yilda Romitanga bosqin uyushtirgan. Buxoroliklarning arab qoʻshini bilan boʻlgan hal qiluvchi jangi Romitan yaqinida Vardonze hududida boʻlib oʻtgan. Tabariyning yozishicha, 707 yilda Kutayba Romitanni bosib olgan. Xuroson voliysi Abu Muslim Buxoroga har gal kelganida oʻz qarorgohini Romitanda joylashtirgan. Arab geograf va sayyohlari 10-asrda Buxoro vohasidagi 30 ga yaqin shaharlar qatorida Romitan nomini ham tilga olishgan.

Mahmud ibn Banuwmx: "Bahr al-asror" (17-asr) asarida yozishicha, Romitan Buxoro viloyatidagi 10 ta tumanning biri, oʻrta asrlarda "Samjon" (R. tumanining 2nomi) deb atalgan.

Romitan Toshkent—Samarqand—Urganch, Toshkent—Nukus avtomagistral yoʻli yoqasida joylashgan. Aholisi va xoʻjaliklari Amu — Buxoro mashina kanalidan suv oladi. Shaharda gʻisht va paxta tozalash zavodlari, toʻquvchilik fabrikasi, bosmaxona, dehqon bozori, novvoyxona, mehmonxona, aloqa boʻlimi, bank, madaniy savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Umumiy taʼlim maktablari, qishloq xoʻjaligi kasbhunar kolleji, madaniyat saroyi, kutubxona, stadion, "Xotira va Qadrlash" madaniyat va istirohat bogʻi, kasalxona va dorixonalar mavjud. "Motamsaro ona" yodgorligi qurilgan.

Romitanda meʼmoriy yodgorliklardan Mulla Mir Hakim xonaqohi, Xoja Ali Romitaniy (Xojai Azizon) va Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralari (13—14-asrlar), Zarafshon daryosi ustida qurilgan Choriqulboy koʻprigi saqlangan. Hazrati Xoja Ubbon va Xoja Zaʼfaron qadamjo (ziyoratgoh)lari bor.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Romitan" OʻzME. R-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966;
  • Istoriya at-Tabari, T., 1987;
  • Maxmud ibn Vali More tayn, T., 1977;
  • Naselyonnie punkti Buharskogo emirata, T., 2001.