Rahmonali Rahmatullayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Rahmonali Rahmatullayev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1878-yil
Qoʻqon shahri
Vafoti 1938-yil

Rahmonali Rahmatullayev (1878—1938) — davlat va jamoat arbobi. Rahmonali Rahmatullayev 1878-yil Qoʻqon shahriga uzoq boʻlmagan Oltinqoʻsh qishlogʻida tavallud topgan. Otasi Rahmatullo hoji oʻziga toʻq, ziyoli inson boʻlgan. Rahmonali oilada ukasi Hayitali, Ergash buvi va Hurmat buvining toʻngʻichi edi. Oltiqoʻsh qishlogʻi savdo va hunarmandchilik uchun juda qulay nuqtada joylashgan[1]. Rahmonali Rahmatullayev ulgʻayib, halol mehnati bilan boyidi, bir soʻzli chopagʻon polvon sifatida el nazariga tushadi. U Kosonsaroyda bosh mirob etib saylanadi. 1916-yilgi mardikorlikka qarshi kurash davrida Rahmonali Rahmatullayev xalqqa suvni odillik bilan taqsimlagani uchun Aravon dahasiga ming boshi qilib koʻtariladi. 1917-yilda u „Shoʻroyi Islom“ jamiyatiga aʼzo boʻlib, Turkiston Muxtoriyati hukumatining targʻibotchilaridan biriga aylanadi. Muxtoriyat tugatilgach, milliy istiqlolchilik harakati aʼzolari qoʻrboshilarni qoʻllab quvvatlaydi. U 1930-yil aksinqilobiy targʻibotda ayblanib 5 yil koʻchma qilinadi. U koʻchmani Stalinobod (Dushanbe) va Oʻratepa hududlarida tashkil etilgan quloq xoʻjaliklarida oʻtaydi. 1937-yil u oʻz qishlogʻiga qaytib kelib, „Madaniy inqilob“ kolxoziga aʼzo boʻladi. Rahmonali Rahmatullayev 1937-yil 23-noyabr kuni OʻzSSR JKning 66-moddasi 1-qismi bilan „aksinqilobiy targʻibot“da ayblanib, yana qamoqa olinadi. 1937-yil 27-noyabr kuni OʻzSSR NKVD huzuridagi sud Rahmonali Rahmatullayevni 10 yil mehnat tuzatish lageriga hukm qiladi. 1938-yil 10-aprel kuni shifokorlar tomonidan Rahmonali Rahmatullayev Toshkentdagi tarqatish nuqtasida kasallik tufayli vafot etdi deb qayd qilingan maʼlumotnoma mavjud. Biroq uning oilasi va farzandlari toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot keltirilmagan. 1990-yil 3-aprel kuni OʻzSSR prokuraturasi tomonidan oqlangan[2].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240 bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304 bet.