Radiatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Radiatsiya (lot. radiatio — nurlanish) — yadroviy oʻzgarishlar oqibatida vujudga keladigan elektromagnit va korpuskulyar nurlanishlar, Quyosh nurlanishi, kosmik nurlar oqimlari. R.ning tirik organizmga taʼsiri R. dozasi bilan belgilanadi. Rentgen (r) bilan oʻlchanadi. R. miqdori singuvchi radiatsiya va b. radioaktiv nurlanishlarning shikastlovchi taʼsiriga bogʻliq. Bir kunda 20 r gacha R. kishi organizmi uchun xavfsiz doza hisoblanadi. Bundan ortiq miqdordagi R. organizmdagi toʻqimalarni shikastlab, kishini nurlanish kasalligiga mubtalo qiladi. R. dozasi dozimetrik asboblar yordamida oʻlchanadi. Radioaktiv modda (a, r~, u nurlar, neytronlar va b.) va b. ionlovchi nurlanish manba (rentgen qurilma)lari bilan ishlaganda ularning zararli dozasini xavfsiz nurlanish dozasigacha kamaytirish uchun tadbirlar kompleksi ishlab chiqilgan.

Berk nurlanish manbalari (germetik nurlanish manbalari, rentgen qurilmalari, tezlatkichlar va b.) dan atrof muhitga radioaktiv moddalar tarqalmaydi. Bunday manbalar bilan ishlaganda organizmga faqat tashqi nurlanish taʼsir qiladi. Tashqi nurlanish dozasini kamaytirish uchun nurlanish maydonida ishlash vaqtini minimal holatga keltirish, uzok, masofada turish va manba yoki obʼyektni ekranlash kerak.

Ochiq nurlanish manbalari bilan ishlaganda radiaktiv moddalar nafas yoʻli, oshqozon, ichak yoki teri orqali organizmga kirishi va organizm ichdan nurlanishi mumkin (q. Radioaktivlik). Ichki nurlanish dozasini kamaytirish uchun texnologik uskuna va ish joyini germetiklash, ventilyasiya tizimlariga filtr qoʻyish, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish va radiatsion gigiyena qoidalariga amal qilish zarur.

Radioaktiv modda va b. ionlovchi nurlanish manbalari bilan ishlaydigan hamma korxonalarda radiatsiya xavfsizligi xizmati (RXX) radiatsion nazorat olib boradi (yana q. Radiatsion himoya).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil