Plug

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

PLUG — yer haydashda ishlatiladigan q.h. quroli. Misr, Xitoy, Oʻrta Osiyoda qadimdan maʼlum boʻlgan. Dastlab yogʻochdan yasalgan, uchiga tigʻ qoplangan. Ot, xoʻkiz qoʻshib ishlatilgan (qarang Omoch). Miloddan avvalgi 1-ming yillikda temir lemexli P.lar paydo boʻla boshlagan. Metall P.lar 18-asr yarmida paydo boʻlgan. Traktorlar P.lari 1marta 20-asr 20-yillarida ishlab chikarilgan. P. asta-sekin takomillashtirib borilgan.

Ish organlarining tuzilishiga qarab lemehli va diskli; tortish kuchi turiga qarab, traktorga oʻrnatiladigan (oʻrnatma, yarim oʻrnatma, tirkama), otga qoʻshiladigan va kanatli; ish organlari soniga qarab, 1—2 va koʻp korpusli; vazifasiga qarab, umumiy va maxsus; yer haydash usuliga qarab, tuproqni ichkariga va tashqariga agʻdarib egat ochadigan hamda tekis haydaydigan P.lar boʻladi.

Traktorga oʻrnatiladigan lemexli P.lar (tirkama, yarim oʻrnatma) keng qoʻllaniladi. Asosiy uzellari: ish organlari, haydash chuqurligini rostlovchi mexanizm, avtomat, silindr, tayanch gʻildiraklar, oʻrnatish yoki osish moslamasi. Lemexli P.larning ish organlari — korpus, chimqirqar, disk-pichoq. Haydalma qatlam ostini yuqoriga chiqarmasdan 5—12sm chuqur haydashda korpusga qoʻshimcha chuqurlatkichlar mahkamlanadi. Chim-qirqarlar P. korpusidan 30—35 sm oldinga oʻrnatiladi, 10 sm gacha tuproq qatlamini olib, korpus hosil qilgan egat tagiga tashlaydi. Diskli P.lar, asosan, yangi yerlarni haydashda ishlatiladi. Umumiy ishlarga moʻljallangan P.lar har qanday yerni 18— 45 sm chuqurlikda haydashda qoʻllaniladi. Mokisimon P.larning korpusi oʻngga va chapga aylanadigan 2 seksiyadan iborat. Seksiyalar navbat bilan ishlaydi. Maxsus P.lar changalzor-botqoqliklarni, bogʻ, tokzor, oʻrmon, toshloq yerlarni haydashda ishlatiladi. Yerni shudgor qilish uchun 1 korpusli (PO-1-30 markali) va 2 korpusli (PO-2-30) agʻdarma-osma P.lar, dehqon va fermer xoʻjaliklari uchun 2 korpusli (PN-2-30) va 3 korpusli (PN3-30) agʻdarma-osma P.lar, texnik ekinlar uchun moʻljallangan yer haydaladigan 3 korpusli (PDN-3-30) va toʻrt korpusli (PDN-4-45) agʻdarma-osma P.lar, yerni chuqur haydashga moʻljallangan yarusli tirkama (PYA-3-35) P.lar (hammasi "Chirchiqqishmash" AJ); paxta, gʻalla va boshqa ekinlar ekiladigan yerlarni xaydash uchun moʻljallangan osma P. (PN-3-35) ("Urganchozuqamash" AJ), yerni bir tekis agʻdarib haydash uchun moʻl-jallangan agʻdarma-osma P. (EurOpal 9 (4+1) N 100) ("Agregat" zavodi va "Lemken" firmasi) va boshqa ishlab chiqarilmoqda. Bu P.lar yerni 18—45 sm chuqurlikda haydaydi.