Oyoq topografiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oyoq mushaklari, fassiyalari va suyaklari oʻrtasida turli teshik, chuqur, kanal va egatlar boʻlib, ularda Qon va Limfa tomirlari, Nervlar yotadi. Katta o‘tirg‘ich teshigidan o‘tgan noksimon mushak uni ikki: noksimon usti (foramen suprapiriformis) va noksimon osti teshiklarga (foramen infrapiriformis) ajratadi. Bu teshiklar orqali Chanoq bo‘shlig‘idan Oyoqning erkin qismiga boruvchi Qon tomirlari va nervlar o‘tadi.

Chov boylami bilan yonbosh suyagi o‘rtasidagi soha arcus iliopecteneus vositasida ikki: lateral joylashgan mushakli lakuna va medial joylashgan tomirli lakunaga ajraladi.

Mushakli lakuna[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mushakli lakuna (lacuna musculorum) oldindan va yuqoridan chov boylami, orqadan yonbosh suyagi, medial tomondan arcus Iliopecteneus bilan chegaralangan. Undan yonbosh-bel mushagi va son nervi o‘tadi.

Tomirli lakuna[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tomirli lakuna (lacuna vasorum) old tomondan chov boylami, orqa va past tomondan taroqsimon boylam, lateral tomondan yonbosh-taroqsimon ravoq, medial tomondan lig. lacunare bilan chegaralangan. U orqali son arteriyasi, Venasi va Limfa tomirlari o‘tadi. Sonning oldingi yuzasida chov boylamidan pastda son (skarp) uchburchagi (trigonum femorale) joylashgan. Uni yuqori tomondan chov boylami, lateral tomondan tikuvchilar mushagi, medial tomondan esa uzun yaqinlashtiruvchi mushak chegaralaydi. Son uchburchagining uchidan yaqinlashtiruvchi (son-taqim osti yoki gunter) kanali (canalis adductorius) boshlanadi. Bu kanal sonning oldingi yuzasini taqim osti chuqurchasiga qo‘shib turadi. Uning medial devorini m.adductor magnus, lateral devorini m.vastus medialis, old tomondan yuqoridagi mushaklar o‘rtasida tortilgan fibroz qatlam — lamina vastoadductoria qoplab turadi.

Son kanali[tahrir | manbasini tahrirlash]

Son kanali (canalis femoralis) sog‘ odamda bo‘lmaydi, ammo tomirli lakunani ichki burchagida son halqasi (anulus femoralis) bo‘ladi. Uning devorlarini old tomondan chov boylami, orqadan taroqsimon fassiya, medial tomondan lig.lacunare va lateral tomondan son venasi chegaralab turadi. Son kanalining ichki teshigi sog‘ odamda ichki tomondan qorin ko‘ndalang fassiyasi bilan chegaralangan bo‘lib, tashqi tomonida Pirogov limfa tuguni turadi. Qorin boʻshligʻida bosim oshganida son churrasi paydo boʻlishi mumkin. Bunday holatda son halqasi son kanalining kirish teshigiga aylanadi. Bu teshik orqali kirgan churra sonning serbar fassiyasining yuza va chuqur varaqlari o‘rtasidan o‘tib oval chuqurcha sohasiga borib hiatus sapheaus orqali Teri ostiga chiqadi. Bu teshik son kanalining chiqish teshigiga aylanadi. Son kanalining uchta devori bo‘lib, oldingi devorini sonning keng fassiyasining yuzavarag‘i, orqa devorini sonning keng fassiyasining chuqur varag‘i, lateral devorini son venasi hosil qiladi.

Taqim chuqurchasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taqim chuqurchasi (fossa poplitea) romb shaklida bo‘lib, tizza boʻgʻimi orqasida joylashgan. Uning yuqori burchagi lateral tomondan sonning ikki boshli mushagi, medial tomondan yarim Pay mushak bilan, pastki burchagi Boldir mushagining boshchalari bilan chegaralanadi. Taqim osti chuqurchasida nerv, qon tomirlar, limfa tugunlari yotadi.

Taqim osti chuqurchasining pastki burchagidan taqim-boldir kanali (canalis cruropopliteus) boshlanadi. Bu kanal boldirning orqa guruh mushaklarining yuza va chuqur qavatlari oʻrtasida joylashib, old tomondan orqa katta boldir mushagi, orqa tomondan kambalasimon mushak chegaralaydi. Kanaldan orqa katta boldir arteriyasi, venasi va katta boldir nervi o‘tadi.

Boldirning lateral yuzasining yuqori qismida kichik boldir suyagi bilan kichik boldirning uzun mushagi o‘rtasida ustki mushak-kichik boldir kanali (canalis musculoperoneus superior) joylashgan bo‘lib, undan yuza kichik boldir nervi o‘tadi. Pastki mushak-kichik boldir kanali (canalis musculoperoneus inferior) boldirning o‘rta qismida taqim-boldir kanalidan lateral tomonga ajrab chiqadi. Uning oldingi devorini kichik boldir suyagining orqa yuzasi, orqa devorini esa bosh barmoqni bukuvchi uzun mushak hosil qiladi. Bu kanalda kichik boldir arteriyasi va venasi yotadi.

Oyoq panjasining kaft yuzasida medial va lateral kaft egatlari bo‘lib, ulardan shu nomdagi Qon tomir va nervlar oʻtadi. Yangi tugʻilgan chaqaloqning oyoq mushaklari yaxshi taraqqiy etmagan boʻladi. Boldir mushaklarining qisqaruvchi qismi uzun boʻlgani uchun, ulaming hajmi boldirning yuqori va pastki qismlarida bir xil. Chuqur qavat mushaklari aniq takomillashmagan boʻlib, umumiy tuzilishga ega. Oyoq mushaklari umumiy mushak massasining 38% ini tashkil qiladi. Son uchburchagi yangi tugʻilgan chaqaloqda nisbatan katta va sonning 1/3 qismini egallaydi. Unda tomirli va mushakli lakunalar nisbatan tor va vertikal joylashgan boʻladi,

Taqim chuqurchasi yuza boʻlib, pastga tomon taqim-boldir kanaliga oʻtib ketadi. Tovonning suyak-fibroz kanallari va sinovial qinlari hosil boʻladi. Oyoq mushaklari 5—6 yoshgacha va balogʻat yoshida tez oʻsadi. Birinchi navbatda oyoq panjasining kaft mushaklari takomillashadi.

[1]

  1. Odam anatomiyasi, 1000, Toshkent: Iqtisod-moliya, 2007 — 151-153 bet. 8-dekabr 2022-yilda qaraldi.