Oʻyin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻyin —tarbiyalash va hordiq chiqarish vositalaridan biri. Oʻ. insoniyatning butun tarixi mobaynida diniy marosim, sport, harbiy va boshqalar mashqlar, shuningdek, sanʼat, ayniqsa uning ijro shakllari bilan qoʻshilib kelgan.

Maʼlumki, inson oʻz hayotida oʻyin, oʻqish, mehnat, dam olish kabi mashgʻulotlar bilan band boʻladi. Inson hayotining dastlabki davrlarida Oʻ. asosiy faoliyat hisoblanadi, keyin esa u oʻqish bilan baravar davom etadi, undan soʻng esa Oʻ. kamayib, uning oʻrnini oʻqish va mehnat egallaydi. Odamzod tarixining dastlabki davrlarida Oʻ.lar hayotda muhim oʻrin tutgan. Oʻ.lar yordamida insoniyat oʻsgan, ulgʻaygan, chiniqqan, jismonan baquvvat boʻlgan, aqlan, ruhan rivojlangan, maʼnaviy kamol topgan.

Oʻzbek xalqi orasida milliy Oʻ.larning quyidagi turlari keng tarqalgan:1) tabiiymavsumiy Oʻ.lar ("Yomgʻir yogʻaloq"; "Oq terakmi — koʻk terak", "Uloq" va boshqalar); 2) hududiy va turli joylarga mos Oʻ.lar (mas, uydaboshqotirma va soʻz oʻyinlari; hovlida — "Tosh Oʻ.", "Arqon Oʻ."; bogʻda — yongʻoq, danak Oʻ.lari, "Quvlashmachoq" va boshqalar); 3) turli yosh va jinslarga xos Oʻ.lar (yigitlar orasida "Podachi", "Chavandoz", "Quloq choʻzma" va boshqalar, Qizlar orasida "Durra", "Chorichanbar", "Gʻozgʻoz" va boshqalar). Katta yoshdagi erkaklarning kurash, uloq, chavgon kabi sport Oʻ.lari boʻlsa, ayollarning koʻproq soʻz, raqs, qoʻshiqli Oʻ.larni oʻynash odatlari boʻlgan; 4) mashgʻulot, mehnat faoliyati bilan bogʻliq Oʻ.lar, odatda, "Navroʻz" kunlari oʻynalgan (mas, chorvachilikda "Ov oʻyin", kamondan otish, "Kiyik ovi"; dehqonchilikda "Mashoba", "Xirmonxirmon" va boshqalar; hunarmandchilikda "Sartarosh", "Kovushim", "Kashtachi" va boshqalar); 5) voqeaband Oʻ.lar ("Podshovazir", "Urush Oʻ.", "Echkichoʻpon", "Boʻri va qoʻylar" va boshqalar); 6) harakatli Oʻ.lar ("Tepa kurash", "Qoʻriqchi", "Chirkash" va boshqalar); 7) turli vositali Oʻ.lar. Bu Oʻ.lar moddiy vositalar (qoʻgʻirchoq, oʻyinchoq, tosh, tayoq, toʻp, yongʻoq kabilar) yordamida bajariladigan va maʼnaviy, badiiyifodali vositalar (soʻz, qoʻshiq, raqs, teatr) yordamida amalga oshiriladigan Oʻ.lar; 8) hayvonlar ishtirokida oʻtadigan Oʻ.lar. Bu Oʻ.lar eng qadimiy hisoblanadi ("Uloq", "Ot poyga", "Chavgon", "Xoʻroz urishtirish", "Qoʻchqor urishtirish", "Bedana urishtirish", "It urishtirish" va boshqalar).

Oʻzbek xalq Oʻ.lari avlodlarni tarbiyalashda "hayot maktabi" vazifasini oʻtagan. Oʻ.lar yosh avlodni aqlan, ruhan va jismonan barkamol boʻlib yetishishlarida muhim oʻrin egallab kelgan (yana q. Bolalar oʻyinlari).

Adabiyot[tahrir]

  • Usmonxoʻjaye v T., Xoʻjayev F., 1001 oʻyin, T., 1990.

Usmon Qoraboyev.