Nasriddin Tusiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nasiriddin Tusiy, Abujaʼfar Muhammad ibn Muhammad Nasirid­din Tusiy (1201, Tus – 1272, Bagʻdod) – fors-tojik olimi va shoiri. Boshlangʻich maʼlumotni oʻz davrining fozil kishilari boʻlgan otasi va amakisi huzurida olib, Nishopurda tahsilini kamolga yetkazadi. Moʻgʻullar istilosi davrida 1227-yil Koʻhis­tonga ketib, oʻsha yerda 1256-yilgacha qoladi, nomaʼlum sabablarga koʻra zindonband ham boʻladi. Halokuxon Koʻhistonni zabt etgach, Marogʻaga kelib, rasadxona tashkil etadi. U turli sohalarga oid 200 dan ortiq asar yozgan. Abu Ali ibn Sinoning falsafiy qarashlarini rivojlantirib, muxoliflar tanqididan himoya qiladi. Olimning ijtimoiy, falsafiy, axloqiy qarashlari “Ravzat at-tas­lim” (“Itoat bogʻi”), “Axloqi Nosiriy”, “Sharh ul-ishorat”, “Qavoid ul-aqoid” (“Eʼtiqod qoidalari”), “Tajrid ul- aqoid” (“Eʼtiqodda yolgʻizlanish”), “Tajrid ul-kalom” (“Kalomni ajratish”) kabi asarlarida oʻz aksini topgan. U mantiq rivojiga ham katta hissa qoʻshib, “Axloqi Nosiriy”, “Asos ul-iqtibos”, “Axloqi muhtashamiy” (“Ulugʻ kishilar axloqi”), “Avsof ul-ashrof” (“Eʼtiborli zotlar tavsifi”), “Nasihatnoma ba Oboqoxon” (“Oboqoxonga nasihatnoma”) kabi asarlarini yaratdi. Aniq va tabiiy fanlarga oid qarashlari “Tahriri Uqlidus” (“Evklid tahriri”), “Usuli handasa” (“Geometriya usuli”), “Shakl ul-qitʼa”, “Ziji Elxoniy” (“Elxoniy astronomiya jadvali”), “Tazkirai Nasiriya” (“Nasiriy tazkirasi”), “Bist bob dar usturlob” (“Teleskop haqida yigirma bob”), “Zubdat ul-hayʼat” (“Astronomiya qaymogʻi”), “Si fasl dar taqvim” (“Ta³vim haqida oʻttiz fasl”), “Risola dar taqvim va harakati aflok” (“Falak aylanishi va ta³vim haqida risola”), “Qavonin ut-tib” (“Tib qonunlari”), “Havoshi ba kulliyoti “Qonuni Buali” (“Ibn Sino “Qonun”i kulliyotiga hoshiyalar”), “Halli mushkuloti “Qonun”i Buali” (“Abu Ali ibn Sino “Qonun”idagi mushkulliklarni yechish yoʻllari”) kabi asarlarida aks etgan.

Nasriddin Tusiy adabiyotshunoslik bilan ham, badiiy ijod bilan ham shugʻullangan. Uning aruzga oid “Meʼyor ul-ashʼor” (“Sheʼrlar oʻlchovi meʼyori”) asari asrlar davomida adab ahli orasida mashhur boʻlgan. Doston, gʻazal va ruboiylari ilmiy-falsafiy fikr-qarashlarni badiiy talqin etgani bilan ajralib turadi.

Navoiy “Mezon ul-avzon”ni yaratishda asosiy manbalardan biri sifatida “Meʼyor ul-ashʼor”dan ham foydalangan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoi: Qomusiy lug'at.