Myuzik-xoll

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Myuzik-xoll (ing. music-hall — musikali zal, konsert zali) — estrada teatri turi. 19-asr Angliyada London taverna (oshxona)larida yuzaga kelgan. Dastlab havaskor musiqachilar tomonidan ijro etilgan eski xalq qoʻshiklaridan tarkib topib, keyinroq M.-x.ga professional sanʼatkorlar jalb etilgan (1848-yil Ch. Morton tashkil etgan Canterburry Hall). Unda qisqa pyesa, qoʻshiq, raqslar ijro etilgan, koʻzboʻyamachi, muqallidlar tomosha koʻrsatgan. Keyinchalik Yevropa va Amerika mamlakatlarida, 1880-yillardan faqat tomosha muassasasi sifatida keng rivoj topgan. M.-x. dasturlari turli janrlarga oid kichik tomoshalardan iborat boʻlib, musiqali-estrada konserti yoki muay-yan syujetga asoslangan musiqali estrada spektakllarini tashkil qiladi.

Oʻzbekistonda ilk M.-x. dasturi "Bandung ruhi" nomi bilan 1958-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan 1-Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi yozuvchilari anjumanida koʻrsatilgan (rej.lar A. Qobulov va A. Ikonnikov, dirijyor — A. Dvoskin, solistlar — Botir va Luiza Zokirovlar, K. Jalilova va boshqalar). 1973—78 yillarda Toshkent M.-x.i faoliyat koʻrsatgan (badiiy rahbari va bosh re-j.i — Botir Zokirov).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil