Maxdumi A’zam Dahbediy qadamjosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maxdumi Aʼzam Dahbediy qadamjolari — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Buxoro shahrida Maxdumi Aʼzam nomli guzar va ziyoratgoh bor. Bu guzar hozirgi Namozgoh ko‘chasidadir. Turki Jandi ziyoratgohi kun chiqarida Maxdumi Aʼzam guzarlari joylashgan. Ushbu joyda Maxdumi Aʼzam bir necha muddat yashagan. Maʼlumki, Maxdumi Aʼzam Dahbediyning ismi Sayid Ahmad Jaloliddin Kosoniy bo‘lib, 1461-yil Farg‘ona vodiysining Koson degan joyida tug‘ilgan. Hazrat Maxdumi Aʼzam o‘z davrining buyuk piri murshidi bo‘lib, tariqat sabog‘ini Xoja Ahrori Valiyning shogirdlari Xoja Muhammad Qozidan olgan. Hazrat Maxdumi Aʼzam o‘ttizta kitob yozgan: „Asrorun nikoh“, „Risolai samoʻiya“, „Risolayi vujudiya“, „Odobus solikin“, „Odobus siddiqin“, „Ganjnoma“, „Risolayi buqoiya“, „Nasihatus solikin“, „Sharhi savodil vajh“, „Nafohatus solikin“, „Risolai zikr“, „Risolayi chahor kalom“, „Silsilayi siddiqin“, „Mirʼotus safo“, „Meʼrojul oshiqin“, „Murshidul solikin“, „Risolayi Boburiya“, „Tanbehul ulamo“, „Risolai fanoiya“, „Risolai ilmiya“ va boshqalar. Ushbu nodir asarlar OʻzFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasida saqlanmoqda[1]. „Tuhfat az-zoirin“ kitobida Hazrat Maxdumi Aʼzamning nasabi ham berilgandir: Hazrat Sayid Ahmad Maxdumi Aʼzam bin Sayid Jaloliddin bin Sayid Jamoliddin bin Sayid Burhoniddin bin Sayid Amir Majmun bin Sayid Burhoniddin Qilich bin Sayid Kamoliddin bin Sayid Jaloliddin bin Sayid Shoh Husayn bin Sayid Hasan bin Sayid Muhammad bin Sayid Ahmad bin Sayid Abdullo al Afzal bin Sayid Abdullo al-Akmal bin Sayid Abu Tolib hujjatulloh Sayid Muhammad Ali bin Sayid Imom Ali Muso ar Rizo bin Sayid imom Muso Kozim bin Hazrat Sayid Jaʼfari Sodiq bin Hazrat Sayid Imom Muhammad Boqir bin Hazrat Imom Zaynulobidin bin Hazrat Imom Husayn bin Hazrat Amiral Mʼminin Imom Ali r.a[2]. Maxdumi Aʼzam toʻgʻrisida Botirxon Valixo‘jayev, Komilxon Kattayevlarning ko‘plab ilmiy maqola va risoladari chop etilgan. Hazrat Maxdumi Aʼzamning mozori Samarqanddagi Dahbed mavzeida joylashgan va u yer obod ziyoratgohga aylantirilgan. Uning nomidagi ulkan jome namozxonlar ixtiyoriga berilgan. Bu jome Amir Yalangto‘sh Bahodir tomonidan 1618-yilda qurilgan. Dahbeddagi mozorda avliyolar qatori hukmdorlar, jumladan, Amir Yalangto‘sh Bahodir, Amir Sultonquli va Malika Iqlimabonu, shuningdek, Afg‘oniston podshohlari Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim, Shoh Saodatlar ko‘milgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291 bet. 
  2. Насир ад-Дин ал-Ханафи ал-Хасани ал-Бухари. Тухфат аз-заирин («Подарок паломникам») Автор перевода с таджикско-персидского, предисловия и комментариев: Халим Тураев. Toshkent: Splendid Idea, 2021 — 204 bet.