Kontent qismiga oʻtish

Ma’sumobod masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Maʼsumobod masjidi — Qarshi masjidi. Ushbu masjidga doir qiziqarli maʼlumotlar uchradi. U Qarshining qadimiy masjidlaridan biri edi. Uning faoliyati bilan bogʻliq Amir Haydar zamonida rasmiylashtirilgan vaqf hujjatlari saqlanib qolgan[1]. Unda taʼkidlanishicha: „Hijriy 1225-yili muborak Ramazon oyida hoji Avaz Muhammad mulla Nurmuhammad oʻgʻli shahar qoʻrgʻoni ichkarisidagi Maʼsumobod guzarida joylashgan Choʻbkori guzaridagi masjid uchun uz tasarrufidagi mulkini shar’iy tarzda vaqf qiladi“. Mazkur masjid gʻarbi qal’a devori, shimoli Eshboy oqsoqol oʻgʻli mulla Niyoz Muhammad hovlisi, sharqida omma yoʻli va janubi Yaqubboy oʻgʻli Sadr hovlisi bilan chegaradosh boʻlgan. O. A. Suxareva uni uchinchi devor ichkarisida boʻlsa kerak, deb taxmin qilgandi. Lekin u qoʻrgʻonning gʻarbiy devori ichki tarafi bilan yonma-yon boʻlgan. Ushbu hudud hozirgi Xoja xiyol koʻchasi atrofiga toʻgri keladi. Voqif ushbu masjid uchun Xoʻrda mavzesida ikki boʻlakdan iborat 2 tanobu 3 chorak yerini vaqf qiladi. Mutavalli voqifning oʻzi va soʻngra bu vazifani avlodlari davom ettirgan. Ulardan hech kim qolmasa viloyat qozisi munosib kishini tayinlaydi. Vaqf hosili masjid binosi ehtiyojiga sarflanadi. Soʻngra mutavalli undan ushr oladi. Ortgani uch qismga boʻlinib, imomga 2 va muazzinga 1 hissa ulush beriladi. Hujjatda ayni paytda usta Avaz Muhammad usta Muhammad Amin oʻgʻli Maʼsumobod guzari masjidi uchun ikki boʻlakdan iborat yerini vaqf qilgani qayd etiladi. Uning biru chorak tanob qismi Xoja Yusuf mavzesida va bir tanobdan iborat ikkinchi boʻlagi Xoja Gʻafur mavzesida joylashgan edi. Mutavalli voqifning oʻzi va soʻngra avlodlari edi. Ulardan hech kim qolmasa, viloyat qozisi oʻzi yo istasa boshqa munosib kishi tayinlaydi. Mutavalli ushr oladi. Qolgani masjid imoratiga sarflanadi. Ortgani imom va muazzinga boʻlib beriladi. Imom shar’iy masalalarni yechib bera oladigan ilmli kishi boʻlishi kerak edi. Bu masjid xam shahar devori bilan birga tekislab tashlangan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204 bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639 bet.