Laparoskopiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Laparoskopiya (yun. lapara — qorin va ... skopiya), peritoneoskopiya, abdominoskopiya — qorin devorini teshib, unga kirgizilgan endoskop yordamida qorin boʻshligʻi va undagi aʼzolarni tekshirish usuli. Birinchi boʻlib 1901 y. rus akusher-ginekologi D.O.Ott taklif qilgan. Keyinchalik optik asboblar—laparoskoplar paydo boʻla boshladi, ular takomillashtirilib, soch tolasidek nozik, egiluvchan xillari ishlab chiqarildi. Laparoskopningturli modellaridan [Maschida (AQSH), Olympus (Yaponiya), Karl-Storz (Germaniya)] tashhis qoʻyish va davolash maqsadlarida foydalanilmoqda. Zamonaviy laparoskop va videolaparoskoplarda (obʼyektlarni televizor ekraniga chiqarib koʻrsatadi) qorin boʻshligʻi hamda kichik chanoq aʼzolaridagi turli operatsiya (appendektomiya, xoletsistektomiya) larni bemalol bajarish mumkin. Buning uchun qorin boʻshligʻi keng ochilmaydi, balki 2 yoki 3 nuqtadan laparaskop asboblari kiritilib, ular op-kali aʼzoni ajratib olish, oqayotgan qon yoki boshqa biror suyuklik (safro, yiring)ni soʻrib olish, dorivor moddalar yuborish, shuningdek, optik moslama bilan qorin boʻshligʻida bajarilayotgan muolajani teleekranga uzatish mumkin. Laparoskopik operatsiyadan soʻng bemorlarning shifoxonada yotish muddati 3—4 kunni tashkil etadi. L. aseptika qoidalariga bekamu kust amal qilgan holda mahalliy anesteziya qilib amalga oshiriladi. Tekshirilishi kerak bulgan soha yoki aʼzoga qarab, L. uchun teshish joyi tanlanadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil