Komarov boʻzboshi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Komarov bo‘zboshi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Dracocephalum
Oila: Yalpizdoshlar
Binar nomi
Dracocephalum komarovii

Komarov boʻzboshi (lotincha: Dracocephalum komarovii ) – ikki urugʻpallalilar sinfi, yalpizdoshlar oilasi, dracocephalum turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Qizilnura togʻi, Maydontol hamda Qorabuloq havzasi, Qurama tizmasi Lashkarak qishlog‘i, Gushsoyda tarqalgan[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boʻyi 10-20 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi silliq, koʻndalang kesimi toʻrt qirrali. Bargi oddiy, bandli, shakli uchburchak tuxumsimon, uchi oʻtkir, asosi yuraksimon, chetlari tekis, yuzasi qalin silliq tuklar bilan qoplangan. Pastki barglari qisqa bandli, yuqoridagilari bandsiz. Gullari ikki jinsli, poyaning yuqori qismida, barg qoʻltigʻida qisqagina gulbandda bittadan joylashgan. Gultojibarglari sariq tusda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul avgust oylarida gullab mevasi sentabrda pishib yetiladi. Mevasi quruq yongʻoqcha. Urug‘i orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda juda kam tarqalgan, bir biridan ajralib turadigan toʻplar hosil qilib oʻsadi. Toshkent viloyati Qizilnura togʻi, Maydontol hamda Qorabuloq havzasi, Qurama tizmasi Lashkarak, Gushsoy daryosi vodiysida uchratish mumkin. Togʻning yuqori qismidagi toshli shagʻalli yerlarda oʻsadi. Gullab turgan novdalari mahalliy aholi tomonidan dorivor sifatida yigʻilishi va yozda oʻsadigan hududlarida chorva mollarining boqilishi tufayli areali qisqarib ketgan. Chatqol biosfera rezervati qoʻriqxonasi va Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Dracocephalum komarovii“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.