Kod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kod (frans. code, lot. codex — qonunlar majmui) — 1) turli axborotlarni ifodalovchi shartli belgilar (timsollar) tizimi. K. belgilarining biror maʼnoni anglatgan tugal ketmaketligi soʻz deyiladi. K. soʻzlarida foydalaniladigan turli timsollar soni uning a s o s i deyiladi. K.ni yozma tarzda ifodalash uchun koʻpgina raqamlar, sonlar (mas, 0; 1; ...57; 927 va b.), maxsus belgilar [mas, " — " (tire), " . " (nuqta) va ularning "omixta"lari] ishlatiladi (q. Morze alifbosi, Telegraf kodi); 2) raqamli hisoblash mashinalari (RHM) da programmalar (dasturlar) tayyorlash uchun qoʻllaniladigan shartli belgilar tizimi. RHM da koʻpincha ikkilik pozitsion K. va ularga keltiriladigan K. qoʻllaniladi. RHM da arifmetik amallarni bajarishda algoritmlarni soddalashtirish uchun toʻgʻri, teskari, qoʻshimcha K.lardan foydalaniladi. Toʻgʻri K., odatda, sonlarni RHM ning xotira qurilmasida saqlashda, teskari va qoʻshimcha K.lar esa sonlar ustida arifmetik va b. amallarni bajarishda ishlatiladi; 3) telemexanikad a — maʼlumotlarni aloqa kanali orqali uzatish uchun moʻljallangan signallar tizimi; bunda radio xalaqitlarga turgʻunlikni taʼminlash uchun korretsiyalovchi (tuzatuvchi) K.lar tuziladi. K.ning ayrim elementlarini ifodalash va uzatish uchun amplitudasi, chastotasi, fazasi va b. alomatlari turlicha boʻlgan signallar qoʻllaniladi; 4)astronomiyada — kometalar, yangi va oʻrta yangi yulduzlar kashf qilinganligi, sayyoralarda noyob hodisalar koʻzatilganligi va b. haqida rasadxonalar va astronomik telegrammalar xalqaro markaziy byurosi orasida oʻzaro telegraf axborotlari almashishda qoʻllaniladigan soʻz va raqamlar tizimi. Shakli Xalqaro astronomiya ittifoqi, KOSPAR (Ilmiy uyushmalar xalqaro kengashi) va b. xalqaro ilmiy tashkilotlar tomonidan belgilanadigan K. va axborot-bibliografik K.dan foydalaniladi. Sunʼiy kosmik obʼyektlarni kuzatish st-yalarining ishini uyushtirish uchun maxsus K. tuziladi; 5) harbiy K. — harbiy mazmundagi maxfiy maʼlumotlarni yashirin uzatish uchun qoʻllaniladigan shartli belgilar tizimi. Shartli belgilar shtablar tomonidan tuzilishi va raqamli, harfli va b. maxsus belgili boʻlishi mumkin. Umumiy qoʻshin K.lari va maxsus (bir qoʻshin turi yoki qurolli kuchlar xili, mas, aviatsiya, harbiy havo kuchlari, artilleriya va x.k.) Klar boʻladi. Maʼlum qisqa vaqt uchun yoki jang va operatsiya vaqtlari uchun tuzilgan soʻzlashuv qamda radiosignal jadvallari eng va sodda harbiy K. hisoblanadi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil