Hun xoqonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hun mamlakati

Hun xoqonligi, Ulugʻ hun xoqonligi, Hunlar davlati — Markaziy Moʻgʻuliston, Baykalor-ti, Xesi yoʻlagi, Shim. Xitoyda qadimda mavjud boʻlgan davlat (mil. av. 240 — mil. 216). Xitoy manbalarida "shyunnu" nomi bilan qayd etilgan. Mil. av. 3-a. oxirida (214 y.) birinchi Xi-toy imperiyasi — Sin (Chin) davlati hunlarga hujum qilib, ularga tegishli baʼzi hududlarni bosib olgan. Shundan soʻng , ular oʻrtasida uzoq muddatli urush boshlangan. Sin imperiyasi mudofaa devori qurib hunlarning otliq qoʻshinlari hujumiga qarshi toʻsiq yaratishga kirishgan (q. Buyuk Xitoy devori). Shunga qaramay, mil. av. 209 y. yangi tashkil etilgan Gʻarbiy Xanning dastlabki davrida hunlar ilgari yoʻqotgan hududlarni qaytarib olishga erishganlar. Mil. av. 209 y. Mode Ruziye davlatidagi tutqunlikdan qochib qutulib otasidan hokimiyatni tortib olgan. U chorak asr davomida atrofdagi barcha turkiy qabilalarni tobe etib, mustaqil H.x.ni tashkil etgan. Mil. av. 177—176 y.larda hunlar gʻarb tomonga yurish qilib, Sharqiy Turkiston va uning gʻarbidagi 26 davlatni, jumladan, Krurona, Usun, Xujis (Oʻgʻuz) kabi xonliklarni boʻysundirgan. Qangʻ (Qangkiya, Kangyuy) davlati ham hunlar xoqoniga tobelik izhor etib, u bilan qudalashgan. Xitoy bilan H.x. oʻrtasidagi chegara Buyuk Xitoy devoridan oʻtgan. Gʻarb bilan Xitoyni bogʻlab turuvchi barcha savdo yoʻllari H.x. nazoratiga oʻtgan. Xitoy hukmdorlari H.x. bilan quda-andachilik qilish va ularga oʻlpon tariqasida sovgʻa-salomlar yuborib turish evaziga oʻzlarini himoya qilishga majbur boʻlishgan. Hunlar tobe mamlakatlarda davlatni idora etish usulini saqlab qolishgan. Shu tufayli ayrim olimlar H.x.ni konfederatsiya tuzumiga qiyoslashadi.

H.x.ning oliy hukmdori "Tangriqut" (Xitoy manbalarida tanyi, shangyuy, shanyuy) deb atalgan boʻlib, u "Tangri farzandi" degan maʼnoni anglatgan. Undan keyingi oʻrinda soʻl qoʻl xoni va oʻng qoʻl xoni kabi kichik xonlar lavozimi joriy etilgan. Harbiy ishlar boʻyicha soʻl qoʻl qoʻmondon va oʻng qoʻl qoʻmondon kabi 2 bosh qoʻmondonlik lavozimlari taʼsis etilgan. H.x.ga tobe oʻlkalarni Markaziy hokimiyat tomonidan qoʻyilgan 14 ta kichik xon boshqargan. Mamlakat hududi har biri 10 ming oiladan iborat tumanlarga boʻlingan. Tuman boshliqlari kichik xonlar nazoratida boʻlgan. Mil. av. 2-a.ning 2-yarmida Gʻarbiy Xan imperiyasi kuchayib, H.x.ga qarshi urush boshlagan (mil. av. 129 y.). Xitoyliklar H.x.ga qaram davlatlar bilan ittifoq tuzishga harakat qilgan. Chjan Szyanning Davan (Fargʻona) davlatiga yuborilishi mazkur siyosat bilan bogʻliq boʻlgan. H.x.ning tashqi siyosati Gʻarbiy Xan imperiyasining tajovuziga qarshi oʻzini mudofaa etishga qaratilgan, gʻalaba goh u tomon, goh bu tomonda boʻlib turgan.

Mil. av. 73—48 y.larda 5 ta hun yobgʻusi (hokimi) oʻrtasida boshlangan urush hunlarni zaiflashtirgan. Bundan foydalangan Xan hukmdori Syuandi (mil. av. 73—48) Shim. hunlar tangriqutini Qangʻ davlatiga chekinishga majbur etgan. Mil. av. 38 y. Gʻarbiy Xan hukm-dori Yuandi Qangʻ davlatiga urush eʼlon qilgan. Qangʻ xoni Xitoy bilan kelishishga va oʻgʻlini Xitoy poytaxti Changanga garov tariqasida yuborishga majbur boʻlgan. Biroq Xitoydagi ichki siyosiy va ijtimoiy vaziyat kes-kinlashgan, natijada Gʻarbiy Xan sulolasi qulagan. Shundan soʻng H.x. yana kuchaygan.

Mil. 25 y. Sharqiy Xan imperiyasi tashkil topgan, xitoylar bilan hunlar oʻrtasidagi kurash yana avj olgan. Natijada mil. 48 y. H.x. janubiy va shim. qismga ajralib ketgan. Jan. hunlar xitoylar bilan til topishib, oʻzaro tinchlik munosabatlari oʻrna-tishga majbur boʻlganlar. Sharqiy Xan davlati bundan foydalanib, Shim. hunlarga qarshi kurashni davom ettirgan. 89—134 y.lardagi urush xitoyliklarga gʻalaba keltirgan. tarim vohasidagi asosiy shaharlar hunlardan tortib olingan. Hunlar Qangʻ davlati hududiga chekinib, 2 a.ga yaqin mazkur davlat yerlarida yashaganlar. 5-a.ning boshida Issiqkoʻlning gʻarbida hunlar Yuyeban (Yaypan) davlatini tashkil etgan. Bu davlat keyinchalik Ili vodiysi va uning jan. dagi yerlarni oʻz nazorati ostiga olgan.

Shim. hunlarning boshqa qismi Gʻarbga chekinib, u yerdagi mahalliy xalqlar bilan aralashib ketgan va Yevropada gunnlar nomi bilan mashhur boʻlgan yangi xalqqa asos solishgan.