Golf

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Golf (ing . golf) — sport turi. Toʻp va chavgonlar bilan ochiq maydonda oʻynaladi. Bunda 50 mingdan 200 ming m2 gacha sahnga ega boʻlgan past-balandligi oʻrtacha tabiiy maydon (qir-adir, istiroxat bogʻi, oʻrmon chekkasi) kerak, unda tabiiy holatida qoldirilgan 9 yoki 18 ta yoʻlak-trassa belgilanadi; har qaysi yoʻlakning uz. 150 dan 470 m gacha, kengligi 30—40 m. Birinchi yoʻlak boshlanishida taxm. 4 m2 kattalikdagi maydoncha tayyorlanadi, har bir yoʻlakning oxirida oʻrtasida oʻyiq-chuqurcha (chuqurligi 11 sm va diametri 10 sm)li taxm. 20 m2 keladigan maydoncha boʻladi. Oʻyinchilar joy relyefi va toʻpni yoʻnaltirish kerak boʻlgan masofa qandayligiga qarab kattaligi, yoʻgʻonligi, uchining shakli birmuncha farqlanadigan, uz. 85—110 sm chavgon (kleb)lardan foydalanadilar. Oʻyinning maqsadi toʻpni (vazni 44 g quyma rezinali koptok) chavgon bilan urib barcha yoʻlaklardagi chuqurchalarning har biriga olib borib tushirish. Bu ishni kamroq zarb bilan amalga oshirgan oʻyinchi yoki jamoa gʻalaba qiladi. G. oʻyini oʻrta asrda Daniyada paydo boʻlgan. AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliyada tarqalgan. 1900 va 1904 y.da Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan edi. G.ni asosan oʻrta va katta yoshdagilar oʻynaydi.

G. Oʻzbekistonda ham ommaviylasha boshladi. Bunda 1998 y.da qurib bitkazilgan Toshkent G. klubi katta ahamiyat kasb etdi. Bu klub Oʻrta Osiyo mintaqasida birinchi boʻlib xalqaro G. musobaqalarini oʻtkazish imkonini yaratdi. 2001 y. 20 mayda Toshkent G. klubida G. boʻyicha Oʻzbekistonning birinchi ochiq chempionati oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston, AQSH, Germaniya, Jan. Koreya, Malayziya, Angliya, Shotlandiya, Kanada, JAR va b. mamlakatlardan 100 ga yaqin sportchi qatnashdi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil