Goʻdak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Goʻdak

Goʻdak — emadigan, koʻkrakdan ajramagan odam bolasi. Chaqaloq, yosh bola soʻzlari bilan ham ataladi. „Chaqaloq“ soʻzi yangi tugʻilgan, qirq kun toʻlmagan bola maʼnosini bildiradi.

Goʻdak, emadigan bola — bir yoshgacha boʻlgan bola (shartli ravishda tugʻilganidan keyin toʻrt haftagacha — chaqaloq). G. organizmi xali tuzuk rivojlanmagan, aʼzolari takomillashmagan, turli xil kasalliklarga tez chalinadigan, shu sababli sinchiklab parvarish qilishga muhtoj boʻladi. Bu davrda bolaning boʻyi va vazni tez usadi, unda energiya sarfi ortadi, shu bois uning koʻpgina, xususan hazm, nafas, yurak-tomir va b. sistemalari faoliyati jadal takomillasha boradi. Bolani yaxshi parvarish qilinsa va toʻgʻri, iloji boricha ona suti b-n boqilsa, u sogʻlom boʻlib, vazni oshaveradi. G. uchun eng zarur ovqat — ona suti, unda bolaning sogʻlom va toʻgʻri oʻsishi uchun zarur moddalar — oqsil, yogʻ, uglevod, tuz, suv, vitaminlar, shuningdek, himoya antitelolari bor, ular bola hayotining dastlabki oylarida baʼzi bir yuqumli kasalliklardan saqlab qoladi. Koʻkrak suti boshqa ovqatlarga qaraganda yaxshi hazm boʻladi va toʻla-toʻkis singadi, tarkibida mikroblar boʻlmaydi. Bolaning normal oʻsishi uni bekamu koʻst ovqatlantirishga bogʻliq. Bola bir oylik boʻlishiga yaqin boʻyi 3—3,5 sm, bir yoshida esa 25—27 sm uzayadi. Dastlabki 3 oyda vazn hafta sayin 200—250 g dan, 6-oylarda 150— 200 g dan oshib boradi. 6 oylik G. vazni tugʻilgandagi vazniga nisbatan ikki hissa, 1 yoshida uch hissa oshadi, bu davrda vazni 10—11 kg ga yetib qoladi. Bolaning harakat faoliyati va psixikasi juda tez rivojlanadi: avvaliga bola oʻtira boshlaydi, keyin emaklab ketadi va nihoyat, turadigan boʻladi, ota-onasini taniydi. Bir yoshga yaqin avval kattalar yordamida, keyin oʻzi yuradi; tili chiqadi va murgʻak qiyofasiga kiradi; u nimjonligiga qaramay oʻzining hissiyotlari, kechinmalari boʻladi. Bu davrda bola organizmining hamma aʼzo va sistemalari yana ham rivojlanadi, biroq uncha takomillashmagan va oʻziga xos boʻladi. Terisi nozik, salga shikastlanadigan va oʻziga xos parvarishni talab etadi. Dastlabki 3—4 oyda ter bezlari funksiyasi sust boʻlib, bu issiqlik idora etilishini yomonlashtiradi, harorat oʻzgarganida bola salga issiqlab ketishi yoki sovqotishi mumkin. G. yarim yoshligida ayniqsa yuzda teri osti yogʻ qavati yaxshi rivojlanadi. G. hayotining dastlabki oylarida suyaklari qisman togʻay toʻqimasidan iborat boʻlib, borabora suyak toʻqimasiga aylanadi. Togʻaylar sohasida suyaklanish nuqtalari paydo boʻladi. Katta liqildoq kechi b-n 1,5 yoshga borib yopiladi; kalla suyaklari oraligidagi choklar 3—4 oyga borib sekin-asta zichlashadi. Bolaning umurtqa pogʻonasi juda mayin boʻlib, salga qiyshayadi. Bola notoʻgʻri parvarish qilinsa, u sof havoda kam boʻlsa, skeletining shakllanishi buziladi — bu raxit va b. kasalliklarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Taxm. 6 oygacha bolada tish boʻlmaydi; 6—8 oylikda tish chika boshlaydi, bola bir yasharligida 8 ta tishi boʻladi. Tish chiqishi maromida, hech qanday kasallik alomatlarisiz kechadi, baʼzan tishi chikayotgan bola injiq boʻlib qoladi; darmonsizlanish, uyqusizlik, isitmalash, ich ketishi va b. kuzatilishi mumkin. Bu vaqtda darhol vrachga murojaat etish kerak .

G. hayotining dastlabki oylarida hazm aʼzolari faqat ona sutini azm qila oladi, 1,5—2 oyligida vitaminlarga boy sabzavot va meva sharbatlari, asta-sekin 4—5 oylik boʻlganida sutli va sabzavotli omuxtalar, 6—7-oylarga kelib goʻshtli (qiymalangan) ovqatlar va tvorog berish mumkin. Bola 10—12 oylik boʻlganida xilma-xil ovqatlarni beraversa ham boʻladi. Bolaga ovqatni maʼlum tartib-qoidalarga amal qilgan holda, uning murgʻaqligini nazarda tutib tayyorlash talab etiladi. Aks holda meʼda-ichak va moddalar almashinuvining turli kasalliklari tez avj oladi. Bu davrda G.ning muskul sistemasi hali tuzuk rivojlanmagan boʻlib, bola oʻsgan sari u takomillashib, birmuncha kuchli, chidamli boʻlib boradi. Bolani muntazam badan tarbiya qildirilganda muskullari juda toʻgʻri va bekamu koʻst rivojlanadi. Nafas muskullari ancha rivojlanadi va koʻkrak qafasi nafas olishda faol qatnashadi: oʻpka sigʻimi kattalashadi. Bu yoshda oʻpkaga ancha zoʻr keladi. Nafas yoʻllarining shilliq qavati nozik boʻladi, shu sababli, bola pala-partish parvarish qilinsa, nafas aʼzolari botbot kasallanadi. Yurak-tomir sistemasi birmuncha rivojlanib, takomillashib boradi, yurak vazni ortaveradi. Yuraktomir sistemasining oʻziga xos xususiyatlari qon aylanishini osonlashtiradi. Siydik-tanosil aʼzolari ham rivojlanib boradi; qovuq kattalashadi, siydik ajralishi ancha kamayadi. G.ning nerv sistemasi juda tez rivojlanadi. Sezgi aʼzolari yaxshi rivojlangan boʻlib, ilk goʻdaqlik kunlaridanoq bola shirin va achchiqni ajratadi; qattiq tovush kelganda seskanib tushadi, ravshan yorugʻlikka yalt etib qaraydi. Bir oylik bola rangli buyumlarga tikilib turadi. Bola tugʻilishidan hid biladi, ona koʻkragini yaqinlashtirsa, jonlanadi — boshini buradi, ogʻzini ochadi, soʻrish va yutish harakatlarini qiladi.

G.ning nerv faoliyati birinchi va ikkinchi signal sistemasi rivojlanishiga bevosita bogʻliq. G. 2-oydan boshlab ixtiyoriy harakat qiladi; boshini koʻtara va tuta boshlaydi. Yoʻrgaklanganda qoʻli va oyoklarini qimirlatadi, jilmayadi. Bu yoshda G. bir kecha-kunduzda taxm. 20 soatcha uxlashi kerak. 3—4 oylik G. chalqancha yotqizilsa, qaddini koʻtaradi, yon tomonga agʻdariladi. Qoʻl harakati faollashadi, oʻyinchoqqa intiladi, barmoqlarini ogʻziga tiqadi, yoʻrgakni tortadi. Unga tikilib karaganda guvranib bir qadar aniq tovush chiqaradi. 4 oylik bola suyab turilsa oʻtiradi, tanish-notanish kishilarni ajratadi, guvranib xonish qiladi, 5 oyligida onasini yaxshi taniydi, begonalarga bormaydi, qoʻltigʻidan ushlansa, oyoqda tekis turadi, 6 oyligidan hech narsaga suyanmay oʻtira oladi, emaklamoqchi yoki ushlab tursa, qadam tashlamoqchi boʻladi, sodda boʻgʻinlarni talaffuz qila boshlaydi. 8 oyligida bemalol emaklab ketadi, biror narsaga tirmashib oʻrnidan tura oladi, qoʻlidan ushlansa, qadam tashlaydi, "oyi", "ada" soʻzlarini aniqaytadi. 10 oyligida oʻrnidan bemalol turib "obke" yoki "ayt" deganingizni qiladi; "qilma", "qil" deganning farqiga yetadi, 10—15 tacha soʻzni biladi. Sutkada 14—16 soat uxlaydi. G. harakat funksiyasining rivojlanish sxemasi rasmda koʻrsatilgan. Bu davrda badan tarbiya va chiniqtirish muhim ahamiyatga ega, chunki chiniqqan bola turli kasalliklarga kamroq chalinadi. Nimjon bolalarda diatez, raxit, anemiya, gipotrofiya va b. kasalliklar kuzatiladi. Shuning uchun iloji boricha G.ni ochiq havoda sayr qildirish, havo va quyosh vannalaridan bahramand etish, massaj, gimnastika va b. uning har tomonlama yetuk va sogʻlom oʻsishiga yordam beradi.

G.ning ovqati ham oʻziga xos va rangbarang boʻlishi kerak. Bola notoʻgʻri ovqatlantirilsa, u zarur oziq moddalarni yetarlicha olib turmasa, bu uning jismoniy va aqliy jiHatdan rivojlanishiga yomon taʼsir koʻrsatadi, natijada organizm turli xil kasalliklarga chidamsiz boʻlib qoladi. Haddan tashqari koʻp ovqat bermaslik kerak, aks holda bola xom semiz boʻlib, bot-bot kasallanadi. Ovqat tarkibida oqsil, yogʻ, uglevod, tuzlar va vitaminlar maʼlum miqdorda boʻlishi mumkin. Koʻkrakda sut kam degan bahona b-n bolani barvaqt koʻkrakdan ayirish yaramaydi, onaning hatto ozgina suti ham bolani chiniqtiradi. Mabodo sut kamligidan bola och qolib oza boshlasa, vrach b-n maslahatlashib qoʻshimcha ovqat beriladi.

G. sogʻligʻini saqlashda ich kiyimi, oziqovqati, idish-tovoqlari va oʻrinboshlarini ozoda tutish juda muhim. G. beshikda yotadigan boʻlsa, uni vaqtida belab, vaqtida yechishga eʼtibor berish kerak. G. beshikdan yechilgach, uning badanlarini, xususan boshi va kuraklarini silab-siypalash, oyoq-qoʻllarini mashq qildirish, beshik hamda unga ishlatiladigan anjomlarini bot-bot shamollatib turish lozim. G.ka quruq soʻrgʻich soʻrdirish yaramaydi, uni yaxshilab qaynatib ishlatish lozim. G. alo-hida uyda yotqizilsa tinch uxlaydi, xona toza, yorugʻ boʻlishi va vaqt-vaqti b-n shamollatib turilishi lozim. Xona t-rasi 20° boʻlgani maʼqul. Bundan isib ketsa, bolani ochiq havoga olib chiqilganda tez shamollaydi. G. terisi nozik boʻlib, salga zararlanishi mumkin, shuning uchun muntazam parvarish qilish, har kuni ertalab va kechqurun yuzini iliq suv b-n, qoʻlini esa sovunlab yuvish (chunki u qoʻlini ogʻziga tiqadi, soʻradi), tirnogʻini vaqt-vaqti b-n olib turish zarur. Uni har kuni iliq suvda sovunlamasdan, har 2—3 kunda sovunlab choʻmiltiriladi, betob boʻlib qrlsa, tuzalguncha choʻmiltirmay turiladi. Choʻmiltirilgandan keyin mayin sochiq b-n artiladi, chov burmalari, qoʻltiq va quloq orqasiga vazelin yoki qizdirilgan oʻsimlik yogʻi, "Bolalar" kremi surtiladi. Qaynatilgan toza suvga hoʻllangan paxta b-n G. koʻzini burchagidan burunga qarab har kuni artiladi. Xuddi shu zaylda uning burni ham tozalab turiladi. Burundan nafas olganda koʻkrak qafasi va oʻpka yaxshi rivojlanadi, bola tinch uxlaydi va kasallikka kam chalinadi. G.lar kiyim-kechagi yengil, issiq, keng , ter va b. chiqindilar bemalol bugʻlanib ketadigan boʻlishi kerak. Uni haddan ziyod oʻrabchirmash yaramaydi, aks holda u isib ketib tez-tez shamollaydigan boʻlib qoladi. G. hayotining birinchi kunidan boshlab ochiq havoga oʻrgatilishi kerak. Sof, salqin havoda organizmi chiniqadi, ishtahasi ochiladi, teri va oʻpkasi mustahkamlanadi, kasalliklarga chalinmaydigan boʻladi. G. organizmini astasekin chiniqtira borish kerak. Ketlikni shoshmasdan (G.ni 1—2 min. yalangʻoch yotqizib qoʻyib) almashtirish lozim, shunda G. havo vannasiga oʻrgana boradi. G.ni ochiq havoda sayr qildirish muddati obhavoga qarab oʻzgartirib turiladi. Bolani kun boʻyicha qoʻlda koʻtarib yurish yaramaydi, aks holda oʻrganib qolib, onasiga ham, boshqalarga ham tinim bermaydi, oʻzi ham qiynaladi. Ona va oiladagi boshqa kishilar G.ka gapirib, tovushni ajratishga, oʻyinchoqlarni oʻynashga oʻrgatishlari lozim. Sogʻlom bola har qanday sharoitda ham oʻzi uxlab qoladi. U yotgan xonani qorongʻi qilish, tinchlik saqlash shart emas. Bola yigʻlasa, sababini aniqlashga harakat qilish lozim. Atrofdagilar qanchalik shirinsuxan boʻlishsa, bola ham shunchalik sergak va sogʻlom oʻsadi. G.ni 4—5 oyligidan toʻsishga oʻrgatish, emizishdan oldin va keyin, uxlatish oldidan va uygʻonganidan keyin goʻsayotganda uni maqtab, erkalab turish kerak. G.ning harakatlanish qobiliyatini oʻstira borish juda muhim, lekin bunda ehtiyotkor boʻlish lozim. Bolani barvaqt, yaʼni badani qali qotmaganda, hatto atrofiga yostiq qoʻyib oʻtqazilsa ham, bukchayib oʻtiradi, natijada umurtqa pogʻonasi, erta yurishga oʻrgatilganda esa oyogʻi qiyshayib qolishi mumkin. 2,5—3 oyligidan boshlab bolani qattiqroq narsa ustiga qorni b-n yotqizib turish kerak, bunda boʻyin, orqa, oyoq muskullari mustahkam boʻlib boradi. Bola surila boshlagach, uzoqroqqa oʻyinchoq qoʻyib, uni surilib borishga oʻrgatish zarur. 4—5-oydan boshlab har kuni 5 min.cha badan tarbiya qildirish kerak. Yoshiga mos holda tanlangan oʻyinchoqlarni oʻynatish bolaning teran oʻsishiga imkon beradi.

Ona tugʻruqxonadan chiqqach, G.ni bolalar poliklinikasi hisobga oladi, shifokorlar ona huzuriga borib, unga bolani toʻgʻri boqish va parvarishlashga oid tegishli maslahatlar berib turadilar.

Adabiyotlar[tahrir]

  • Tarase n ko I.A., Goʻdak bola parvarishi, T., 1984; Qodirov U.Z., Abdumajidov A.A., Askaryans V. P., Bolalar fiziologiyasi, T., 1999.

Akmal Sultonov.[1]


„Goʻdak“ soʻzi bir oylikdan oʻn ikki oylikgacha boʻlgan bolalarga nisbatan ishlatiladi. Emgaklashni boshlagan goʻdakni emgakdagi bola deb ham atashadi.

Jismoniy belgilari[tahrir]

Yangi tugʻilgan chaqaloqning yelkalari va soni keng boʻladi, qorni esa yon tomonlaridan ozgina chiqib turadi. Ogʻirligi 2500 grammdan 4000 grammgacha boʻlishi mumkin, oʻrtacha vazni odatda 3200-3700 gramm boʻladi. Yangi tugʻilgan chaqaloq birinchi hafta ichida 200-300 grammga ozadi, bu oʻpkada toʻplangan suyuqlik va glukozaning bir qancha qismining chiqib ketishi bilan bogʻliq yuz beradi. Bola ona koʻkragiga qanchalik tez qoʻyilsa va tez emishni oʻrgansa yoʻqotilgan energiya tez tiklanadi va ozishni oldi olinadi. Birinchi oy chaqaloq 600 grammgacha semiradi, baʼzi hollarda esa 1 kilogrammgacha ogʻirlashishi mumkin.

Yangi tugʻilgan chaqaloqning uzunligi 48-58sm orasida boʻlib, odatda 52-53smda tugʻiladi. Boshining oʻlchovi esa 34-35sm atrofida boʻladi. Qiz bola chaqaloqlar oʻgʻil bola chaqaloqlarga qaraganda 200-300 grammga engil, 1-2smga kalta tugʻiladi.[2]

Goʻdakning terisi uni mikroblardan himoya qilishga qodir lizosim va shunga oʻxshash moddalarni ishlab chiqarishga qodir boʻladi. Lizosim bola tanasi toza mahalda eng koʻp ishlab chiqiladi shuning uchun chaqaloqni imkoni boʻlishicha har kun choʻmiltirish tavsiya etiladi. Bola emish, yutish, ushlash, emgaklash, suzish, oyoq tirash va yurish kabi harakat reflekslari bilan tugʻiladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqning tana harorati 35-37 gradus boʻladi, vaqt oʻtishi bilan muallaq 36 gradus atrofida boʻladi. Tez orada rivojlangan ter bezlari esa bolani isib ketishdan himoya qiladi. Xona haroratini esa doim bir xil darajada, masalan 20 gradusda ushlash tavsiya qilinadi.

Goʻdaklarda boshining tepasida kichkina va katta liqildoq boʻladi, bu miya suyagining yaxshi qoʻshilmagan joyi boʻlib bola jarohatsiz tugʻilishiga yoki yiqilganda qattiq jarohat olmasligida muhim yordam vazifasini bajaradi. Vaqt oʻtishi bilan bola bir yoshga toʻlgunicha liqildoqning joyi bitib ketadi. Shu muhlat ichida bitib ketmagan liqildoq, bolada raxit kasalligi bor ekanligini belgisi boʻlishi mumkin.

Ovqatlanishi[tahrir]

Goʻdak istagini yigʻlash orqali ifoda qiladi. Bola yigʻlashining sabablari har xil boʻladi, bu uning qorni ochgani, bir narsa bezovta qilayotgani, isib yoki sovqotib ketganidan, zerikkanidan yoki boʻlmasam yolgʻizlanib qolganidan dalolat berishi mumkin.

Goʻdakni nima bilan boqish uning asab tizimlarining qanday rivojlanishini va kelajakda qanday odam boʻlib ulgʻayishini belgilaydi va shuning uchun ham bolaning ovqatlanishiga katta eʼtibor qaratish joizdir. Bu jarayonda ona koʻkrak sutining oʻrnini birinchi 6 oy ichida hech narsa bosa olmaydi. Goʻdakning dastlabki kunlarda tanasining bioritmi onasi bilan qattiq bogʻliq boʻladi, shuning uchun ham onaga nima boʻlsa bolada ham shu holat roʻy beradi.

Ona suti bilan boqish[tahrir]

Bolani ona suti bilan boqish bir yoshga toʻlgandan keyin ham tavsiya qilinadi, infeksia tarqalishiga moyil joylarda esa ikki yoshgacha va undan ham koʻproq emizish mumkin. Quroni karimda (2:233) esa goʻdakni ikki toʻliq yoshga kirguncha emizish farz koʻrsatilgan. Butun Dunyo Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti bolani ikki yoshgacha ona suti bilan boqish zarurligini taʼkidlab, bunga bir qancha sabablar keltiradi. Ikki yoshga toʻlganda bolaning hamma tishlari chiqadi va u ovqatni oʻzi isteʼmol qila oladi. Bundan tashqari, ona sutining tarkibida bor maxsus modda bolaning tishlarini qoplab ularni karies hosil boʻlishidan saqlaydi. Bu jarayonni turli sut aralashmalari esa taʼminlab berisholmaydi. Ona sutining afzal tomonlaridan yana biri uning tarkibidagi tez hazm boʻlib issiqlik almashinuvini taʼminlab turadigan suv (emgan bola suv ichmasa ham boʻlaveradi), goʻdakni energiyasini saqlab turadigan sut shakari, laktoza, yogʻ hujayralari va ularni tanaga singishini amalga oshiradigan lipaza (sut aralashmalarida bu fegment yoʻq) bor. Va nihoyat eng asosiysi, ona suti tarkibidagi immunoglobulin garmoni bolani infeksiyalardan himoya qilib, turli kasalliklardan saqlaydi.[3]

Ona sutining yana bir yaxshi tomoni, uning tabiiy kontraseptiv funksiyasini bajarishligidir. Agar ona bolani har uch soat oraligʻida, va kechqurun (negaki kontraseptiv funksiyasini oʻtovchi prolaktin garmoni kechqurun eng koʻp miqdorda ishlab chiqariladi) emizsa, bu onani birinchi oyi kirguncha bevaqt homiladorlikdan saqlaydi. Ikki yil, bugungi kunda tibbiyot fani tadqiqotlari asosida tavsiya etilgan navbatdagi bolani rejalashtirishga ona tanasining tayyor boʻlish muhlatidir.

Sut aralashmalari[tahrir]

Manbalar[tahrir]

Havolalar[tahrir]