Gidromexanika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gidromexanika (gidro... va mexanika) —mexanika boʻlimi; suyuqpik va gazsimon muhitlarning muvozanati va harakatini, shuningdek suyuqlikning unga botirilgan yoki suyukliqda harakatlanayotgan jism bilan oʻzaro taʼsiri qonuniyatlarini oʻrganadi; gidrodinamika va gidrostatikata boʻlinadi. G. amaliyot bilan uzviy bogʻlangan holda rivojlandi. Dastlabki gidrotexnik qurilmalar (kanallar, quduqlar) va suzib yuruvchi vositalar (sol, qayiqlar) qadimdan maʼlum. Nisbatan murakkab boʻlgan aero va gidromexanik qurilmalar (eshkak, yelkan, rul, nasos)ning ixtiro qilinishi ham uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Dengizda suzish, harbiy ishlarning rivojlanishi mexanika asoslarining , xususan G.ning paydo boʻlishiga asos boʻldi. Muhit (suv, havo) bilan unda harakatlanayotgan yoki tinch turgan jism orasidagi taʼsirlar G.ning asosiy masalalari hisoblanadi. Arximed kashf qilgan qonun va suyuqliklar muvozanati nazariyasi porshenli nasoslar yaratishga asos boʻldi. Leonardo da Vinchi jismlarning suyuklik va gazlardagi harakatni oʻrgandi, qushlarning uchishini kuzatib, muhit qarshiligi mavjudligini kashf qildi. B. Paskal suyuqliklarda bosim tarqalish qonunlarini kashf qildi. I. Nyuton suyuqliklarda ichki ishqalanish qonunlarini tahlil qilib berdi. Bu esa suyuqliklarning jism yuzasiga ishqalanishi natijasida hosil boʻladigan qarshilik kuchlarini hisoblashga asos boʻldi. Bu dinamikaning asosiy qonunlari va tenglamalarini belgilab berdi. L. Eyler va D. Bernulli nazariy gidrodinamikaning asoslarini yaratdilar. J. Lagranj va O. Koshi, G. Kirxgof, G. Gelmgolʼs, N. Ye. Jukovskiy, asarlarida ideal suyuqliklarda harakatlanayotgan jismlarning suyriligini aniqlashning analitik usullari ishlab chiqildi; bu usullar suyuqliklarning turli shakldagi kanallarda harakatlanishiga, qattiq jismlarning suyuqlik va gazlarda harakatlanishiga tegishli koʻpgina masalalarni yechishda tadbiq qilindi. Qovushoq suyuqliklar harakatini oʻrganish gidravlika, gidrotexnika va mashinasozlikning (ishqalanuvchi yuzalarni moylash) rivojlanishiga asos boʻldi. Zamonaviy G. koʻpgina boʻlimlardan iborat boʻlib, boshqa fanlar, xususan mat., fizika, kimyo bilan uzviy bogʻlangan (yana q. Gidroaeromexanika).

Kudratilla Latipov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil