Gedonizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gedonizm yoki hedonizm (yunon. ἡδονή — rohat, huzur, lazzatlanish) — huzur-halovatga, lazzatlanishga intilish insonning oliy maqsadi deb hisoblovchi axloqiy taʼlimot. Unga koʻra, huzur-halovatga intilish insonga tabiatan xos, uning butun xatti-harakati, maqsadi shunga qaratilgan. Gedonizm baxt-saodatga erishish axloqning asosi deb taʼlim beruvchi evdemonizmaan farqlanadi. Gedonizm yunon falsafasida keng tarqalgan edi. Kiren maktabi vakillari lazzatlanishni inson xayotining birdan-bir maqsadi sifatida talqin qilib, xulq-atvordagi axloqiy beqarorlik va tubanlikni shaxsiy fazilatlar tarzida targʻib qilgan. Epikur baxtli hayot ruhiy xotirjamlikdan iborat, deb hisoblagan. Beruniy fikricha, haqiqiy lazzatlanish — bu ilm lazzati, chunki qancha koʻp ilmga ega boʻlmaylik, u inson meʼdasiga tegmaydi, oʻzidan bezdirmaydi. Boshqalari esa vaqtincha, nisbiy, beqarordir. Shunday ekan, ilmdan tashqaridagi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan barcha saʼy-harakatlar haqiqiy lazzatlanish boʻla olmaydi.

Yevropada Uygʻonish davrida gedonistik taʼlimot rivojlanib bordi. Inson oʻzining tabiiy ehtiyojlarini toʻla-toʻkis qondirish uchun intilishga haqlidir, degan gʻoyalar ilgari surildi. Kant gedonizmga qarshi chiqib, uni sogʻlom aql mahsuli emas, balki aqlga zid hissiy turtkilar hosilasi, deb baholadi. Axloq-odob sohasining vakili G. Uilyame fikricha, ayrim shaxslar lazzatlanish maqsadida odamlarga nisbatan zoʻravonlik ishlatmasligi lozim, aks holda umuminsoniy huquq, axloqiy meʼyor va tamoyillarga zid boʻladi. G. gʻoyasi yangi davr utilitaushzmida oʻz ifodasini topdi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil