G'ulommuhammadxon Tarziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gʻulommuhammadxon Tarziy XIX asrda yashab ijod etgan koʻzga koʻringan dariyzabon ijodkorlardan hisoblanadi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Afgʻonistonda yashab faol ijod qilgan davri 1850-80 yillarga toʻgʻri keladi. Mamlakatning mazkur davrdagi adabiy-madaniy hayotida u davlat arbobi, shoir, xattot, miniatyurachi rassom sifatida faoliyat koʻrsatgan.

Gʻulom Muhammadxon Tarziy 1828-yilda Qandahorda mahalliy zodagonlardan boʻlmish Rahimdilxon oilasida dunyoga keldi. U oiladagi toʻngʻich farzand edi.

Gʻulom Muhammadxon hayotining 26 yoshgacha boʻlgan ilk davri Qandahorda kechdi. Bu davrda u, asosan, ilm olish, zodagonlar bilishi lozim boʻlgan bilim va hunarlarni egallash bilan shugʻullandi. Ayni paytda u otasi rahbarligida davlat ishlarini bajarishda ham qatnashdi, otasi muxoliflariga qarshi amalga oshirilgan harbiy yurishlarda ishtirok etdi. Natijada, u oʻz davriga nisbatan yaxshi saviyada oʻqimishli, bilimli va tajribali shaxs boʻlib yetishdi.

Tarziyning Qandahor davri hayoti otasi va amakilari panohida, oila qoʻynida osudalik bilan, rohat- farogʻatda kechgan boʻlsa, bundan keyingi voqealar bu osudalikka chek qoʻydi. Doʻstmuhammadxon 1854-yilda Hirotda oʻz hokimiyatini oʻrnatib Qandahor tomon yuzlangach Rahimdilxon yangi amir, durroniylar qabilasining borakzoyi urugʻidan boʻlgan hukmdor bilan toʻqnashishni istamay Qandahorni tashlab Eronga muhojirat qildi. Gʻulommuhammadxon esa, Qandahorda qoldi. Doʻstmuhammadxon uni oʻzi bilan birga Kobulga olib ketib, sardorlar toifasidan boʻlgan boshqa shaxslar safidan joy berdi, bilimi va ilmu hunarini qadrlab, unga arjmand, donishmand „qadrli“, „donishmand“ laqablarini berib yiliga 20 ming rupiya maosh tayinladi.

Shunday qilib, Tarziy borakzoyilar davlati xizmatchisiga aylandi va bu hol Doʻstmuhammadxon vafotidan keyin Sheralixon va Afzalxonlar hukmronligi davrida ham davom etdi, ammo 1867-yilda Sheralixon ikkinchi marta hokimiyatni qoʻlga olganida u qamoqqa tashlandi. Buning sababi Gʻulommuhammadxonning yana bir taxt daʼvogari — Abdurahmonxon bilan yaqin doʻstlik munosabatida boʻlgani edi.

Shoir 1900-yilning 8-dekabrida vafot etdi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻulommuhammadxon XIX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan eng mashhur dariyzabon shoir edi. Unga zamondosh shoirlardan Mirzo Ahmad Alixon Tarziy madhiga bagʻishlab 75 baytdan iborat qasida bitgan va uning sheʼriyatdagi maqomini sifatlab bunday yozgan edi:

Bu asr va zamon yagonasi, yuqori martabali Xisrav,

Davrning birdan-bir bilagʻoni Gʻulommuhammadxon.

Yuragi baquvvat, niyati toza, qoʻli ochiq,

Aqlda — qari, toʻrt muchasi komil, baxti ochilgan.

„Tarziy sheʼriyatda arzirli martabaga ega. Kulliyotidagi gʻazallarini ustozlar yoʻlida, ularga tatabbu qilib yozgan. Uning asarlari mohiyat va ravonligi jihatidan shunday darajadaki, koʻpchilik unga yetisha olmaydi“.

Gʻulommuhammadxon Tarziyning ijodiy merosi bugungi kunda 15 ming bayt sheʼr va bir qator boshqa turlarga oid asarlardan iborat. Uning sheʼrlari adib hayotlik vaqtidayoq uch marta nashr etilgan.

Birinchi bor shoirning qasidalari 1890-yilda Karochida Fayz muhammad bosmaxonasida184 sahifada chop qilindi. Kitob matnini Tarziyning oʻgʻli Muhammad Zamonxon husnixat bilan koʻchirgan va shoirning yana bir oʻgʻli Mahmud Tarziy unga soʻzboshi yozgan edi. Shoir gʻazallari 1891-yilda 708 sahifada yana Muhammad Zamonxon yozuvi bilan oʻsha bosmaxonada chop etildi.

Xolmuhammad Xastaning maʼlumotiga koʻra, kulliyotda 10108 bayt gʻazal, 320 bayt ruboiy, 42 muxammas, bir tarkibband, 6 tarjiʼband, 1 soqinoma, 82 bayt fardlar, ruqʼalar (ularda ishlatilgan sheʼrlar soni 504 bayt), 70 qasida mavjud[1]

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rahmon Inomxoʻjayev. Dariyzabon adabiyoti(XVIII-XIX-asrlardagi). 2016

  1. Rahmon Inomxo'jayev. Dariyzabon adabiyoti (O'zbek), Toshkent, 2016.