Folksonomiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Folksonomiya (ingl. folksonomy; folk — «xalq» soʻzidan + taxonomy — taksonomiya, yaʼni yunoncha "tartib bilan joylashtirish" va "qonun") — ixtiyoriy tanlanadigan tamgʻalar (teglar) vositasida axborotni hamkorlikda tasniflash amaliyoti, jamoaviy klassifikatsiya.

Bu jarayonda bir guruh kishilar axborotga tartib berish maqsadida erkin tartibda hamkorlik olib boradilar va bu odatda noierarxik boʻlgan muhitlarda amalga oshadi. Masalan, barchaning oʻrni baravar boʻladigan va ochiq veb-saytlarda. Koʻp qatlamli kollektivlarda, tashkilotlarda folksonomiya deyarli uchramaydi. Axborotni tasniflovchilar bir vaqtning oʻzida uning foydalanuvchisi boʻlgani sababli, folksonomiya ushbu jamoaning yigʻma konseptual modelini aks ettiradi.

Masalan[tahrir]

Keng tarqalgan jamoaviy tasniflash saytlariga quyidagilari kiritish mumkin:

LibraryThing.Com — Kitoblarning jamoaviy tarzda tasniflash xizmati; nashrlarga teglar biriktirish va boshqa foydalanuvchilarning tasniflangan resurslari bilan tanishish mumkin.

Delicious.Com — Internet saytlari va sahifalarini teglash. Foydalanuvchi boshqalar tomonidan turli mavzularda toʻplangan xatchoʻp (bookmark)larni mavzu boʻyicha yoki ommabopligi boʻyicha koʻzdan kechirishi mumkin. Buning foydali tarafi shundaki, har bir kishi oʻzi qiziqqan soha boʻyicha yangiliklardan va foydali manbalardan tezda xabardor boʻlib turadi.

Last.Fm — foydalanuvchilar bir ixtiyoriy tegni bir oʻrinda ishlatishi maʼlum miqdorga yetgach, shu teg qidiruv natijalarida aks ettiriladi va barcha foydalanuchilarga tegishli musiqani izlab topishiga yordam beradi. Shu yoʻsinda musiqa asarlarining janrlar boʻyicha tasniflash amalga oshadi.