Elektr razvedka

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elektr razvedka — Yer poʻstidagi togʻ jinslarining elektr hususiyatlarini hamda doimiy va oʻzgaruvchan tok taʼsirida hosil boʻlgan tabiiy va sunʼiy elektr maydonlarni oʻrganishga asoslangan geofizik razvedka usullari guruhi. Elektr razvedkani qoʻllash natijasida geologik kesim jinslarining elektr xossalari (elektr qarshiligi, dielektrik oʻtkazuvchanligi va boshqalar) boʻyicha tabaqalanadi. Elektr razvedkaning quyidagi: 1) doimiy tok usuli — tabiiy elektr maydoni, zaryadi, qarshiligi; 2) pastchastotali oʻzgaruvchan tok usuli — tellur toki, chastotali elektromagnit zondlash va boshqalar; 3) oʻrtacha chastotali oʻzgaruvchan tok usuli — induksiya, aeroelektr razvedka va boshqalar; 4) yuqori chastotali oʻzgaruvchan tok usuli — radiotoʻlqin bilan tekshirish, radiokip va boshqalar; 5) qutblanish, oʻtish jarayonlari, maydon barqarorlanishi natijasida yuzaga kelgan qoʻzgʻaluvchan maydonlarni oʻrganish usullari mavjud. Elektr razvedka usullaridan samarali foydalanish quyidagi shartsharoitlarga bogʻliq: 1) togʻ jinslari va foydali qazilmalarning elektr xossalari bir-biridan sezilarli farqlanishi; oʻrganilayotgan obʼyektning morfologiyasi va oʻlchamini uning yotish chuqurligiga nisbatan ustunligini yaqqol sezilishi; 3) qoplama togʻ jinslari toʻsiqlik taʼsirining nisbatan kamligi va boshqalar Hal qilinayotgan geologik masalalar xarakteriga koʻra, muhandislik geol.si, ruda va strukturaviy Elektr razvedkalarga ajratiladi. Elektr razvedka usullarini qoʻllash, odatda, qimmatga tushadigan kon kavlash va burgʻi ishlari hajmini qisqartirish hisobiga geologik izlanishlarni tezlashtiradi va arzonga tushadi.