Echmiadzin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Echmiadzin (1945 yilgacha Vagarshapat) — Armanistondagi shahar, Ararat tekisligida, Echmiadzin t.y. stansiyasidan 15 km, Yerevandan 20 km. Aholisi 60,5 ming kishi (1998). Shahar mil. av. 2-asrdan Vardkesavan nomi bilan maʼlum. 2-asrning 2-yarmi — 4-asrlarda Armanistonning poytaxti. Mashinasozlik, kimyo (plastmassa zavodi), oziq-ovqat (vino kti, konserva zavodi) sanoatlari mavjud. Oʻlkashunoslik muzeyi, Armaniston davlat kartinalar galereyasining filiali, arman shoiri I.M.Ioannisyan uymuzeyi va boshqalar muzeylar bor. Meʼmoriy va tarixiy yodgorliklardan Sobor (303 yil, 5 va 7-asrlarda qayta qurilgan) va uning qoʻngʻiroqxonasi (17-asr), cherkovlar saklangan. Echmiadzin yonida armangrigorian cherkovi markazi hamda katolikos rezidensiyasi joylashgan. Monastir majmuasida mehmonxona (18-asr), katolikos uyi (18-asrning 1-yarmi), maktab (1813), tosh hovuz (1846) va boshqalar bor. Echmiadzin yonida Zvartnots ibodatxonasi xarobalari (641—661) mavjud. Sobor ichida oʻrta asr dekorativ sanʼatining noyob kolleksiyasi asarlari namoyish etilgan muzey bor. Turizm rivojlangan.