Dok

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dok (ing . dock) — 1) kemalarning suvga botib turadigan qismini qurish, suvdan chiqarib koʻzdan kechirish va taʼmirlash uchun xizmat qiladigan inshoot. Dok quruq, suvli va suzib yuruvchi xillarga boʻlinadi. Quruq Dok gavan yoki havzaning qirgʻogʻiga quriladi. U devorlari va tubi suv oʻtkazmaydigan kamera, shlyuz, nasos stansiyasi, kemalarni kameraga kiritish va undan chiqarish jihozlaridan iborat. Dok yogʻoch, tosh, poʻlat, beton va temir-betondan quriladi. Unga suv toʻldirilib, taʼmirlanadigan kema kiritiladi va suv chiqarib yuboriladi, shunda kema maxsus toʻsinlarga oʻtirib qoladi. Suvli D.da kema kamera devori boʻylab yasalgan maydonga oʻtiradi. Buning uchun maydonlar orasidagi kanalga nasos yordamida suv toʻldirilib, kema kiritiladi va suv chiqarib yuboriladi. Suvli D.da bir vaqtda ikki kema taʼmirlanishi mumkin. Suzib yuruvchi D. chetlariga koʻtarish kranlari oʻrnatilgan uzun pontonyadan iborat. Kemani D.ga kiritish uchun pontonga suv toʻldirilib, kema kiradigan darajada suvga botiriladi va kranlar orasiga toʻgʻri keltiriladi, soʻngra nasos yordamida pontondagi suv chiqarib tashlanadi, D. suv betiga qalqib chiqadi va kema ponton tubiga oʻtiradi. Bunday D.ning afzalligi uni istalgan joyga olib borish mumkinligidir. Suzib yuruvchi D. poʻlat va temir-betondan yasaladi; 2) dengiz sathi keskin oʻzgarib turadigan joylarda kemalar yuk ortish yoki yuk tushirishga qoʻyiladigan port havzasi (kamerasi). Bunday Dokda suv sathi oʻzgarmay turadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil