Boysun shirachi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boysun shirachi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Bir urugʻpallalilar
Turkum: Shirach
Oila: Shirachdoshlar
Binar nomi
Eremurus baissunensis

Boysun shirachi (lotincha: Eremurus baissunensis) — shirachdoshlar oilasi, shirach turkumiga mansub, koʻp yillik oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Birinchi marta Olga Fedchenko tomonidan tasvirlangan. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari Koʻhitang tizmasi, Boysun hamda Denov shaharlari oraligʻida tarqalgan[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 60-80 sm ga yetadigan koʻp yillik, oʻt. Ildizpoyasi qisqa, urchuqsimon, yogʻonlashgan ildizlarining eni 4-6 mm. Barglari ingichka, qalami, eni 4-6 mm. Gullari ikki jinsli, shingil toʻpgulda joylashgan. Shingili siyrak, koʻp gulli, uzunligi 25-45 sm. Gulkosachabarglari yirik, uchburchak, nashtarsimon. Toʻpulining pastida joylashgan gullarining bandlari gulqoʻrgʻonidan 1,5 marta uzun. Gullari hidga ega. Gulqoʻrgʻon bargchalari oq. Changchilari notekis joylashgan va gulqoʻrgʻonidan qisqa. Mevasi koʻsak meva, shakli choʻziqroq, yuzasi silliq, eni 6-7 mm, uzunligi 15-20 mm. Urug‘lari ingichka qanotga ega, shamol orqali tarqaladi. Aprel-may oylarida gullab, mevasi may-iyunda yetiladi. Urug‘i va ildizpoyalari orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yakka-yakka holatda oʻsadi. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, Koʻhitang tizmasi, Boysun va Denov shaharlari hududida tarqalgan. Ola jinsli va gipsli tuproqlarda oʻsadi. Oʻsimlik oʻsishi uchun yetarlicha sharoitning yoʻqligi va oʻsimlik tarqalgan hududlarning odamlar hamda chorva mollari tomonidan payxon qilinishi, populyatsiyaning kamayishiga sabab boʻlgan. 1964—yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bogʻida turni madaniylashtirish uchun olib borilgan ishlar ijobiy natija bermagan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Ширач байсунский- Eremurus baissunensis - Описание таксона - Плантариум“. 2015-yil 12-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-aprel.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.