Bog‘i Zarafshon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bog‘i ZarafshonAgra shahrida, hozir Tojmahal maqbarasidan besh chaqirim shimol tomonda joylashgan, Hindistonda samarqandcha chorbog‘ uslubida yaratilgan dastlabki bog‘ (1528 y.). Bobur shaxsan o‘zi tanlagan yerda uning chizib bergan tarxi bo‘yicha bunyod etilgan. Bobur Bog‘i Zarafshonning bir chetida xilvatxona soldirib, “Vaqo’ye” (ya’ni, “Boburnoma”)ni qayta oqqa ko‘chirgan. Davlat ishlaridan butunlay uzilib ketolmaganidan, Bobur ko‘rinishta keluvchilarni daryodan kema orqali olib o‘tishni buyurgan). Bobur Bog‘i Zarafshonda hokimiyatni Humoyunga topshirgan (uch kundan so‘ng vafot etgan; “Humoyunnoma”, 196). “Boburnoma”ni qayta ko‘chirgan xattotning yozib qoldirganiga ko‘ra, Bobur shu bog‘da dafn etilgan (keyinchalik, vasiyatiga ko‘ra xoki Kobulga olib kelinib qayta dafn qilingan). Bobur vafotidan so‘ng Bog‘i Zarafshon Boburiylar hukmdorlarining sevimli maskaniga aylangan. Humoyun harbiy yurishlari oldidan bu yerda mashvarat o‘tkazgan. Akbar bog‘ni yanada kengaytirib nilufarzorlar bilan o‘ragan va Bog‘i Nilufar deb atagan. Jaxongirshoh sevimli malikasi Nurjahon Begim sharafiga nomini Bog‘i Nurafshon deb o‘zgartirgan. Nurjahon Begim bog‘ o‘rtasida Mohitob nomli qabulxona bino qilib, Namgir nomi bilan ma’lum taxt o‘rnattirgan hamda Jaxaz Mahal degan saroy qurdirgan. Boburiylar sulolasining keyingi vakillari Orombog‘ deb atagan (mahalliy hind tilida: Rambog‘). [1]

  1. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. SHARQ. -T.;2014