Boʻgʻimoyoqlilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

BOʻGʻIMOYOQLILAR (Arthropoda) - umurtqasiz hayvonlar tipi. B.ning ajdodi tuban tuzilgan dengiz halqali chuvalchanglari hisoblansada, ularning bitta yoki bir necha umumiy ajdodlardan kelib chiqqanligi toʻgʻrisidagi muammo hozirgacha uzilkesil hal etilmagan. Eng qad. boʻgʻimoyoklilardan trilobitasimonlar quyi kembriy qatlamlaridan boshlab uchraydi. Ordovik va silur davrida B. quruqlikka chiqishgan. B.ning tanasi va oyoqlari boʻgʻimlarga boʻlingan (B. nomi ham ana shundan olingan), ikki tomonlama simmetriyali. Tanasi qattiq xitin kutikula bilan qoplangan. Xitin qoplogʻich tashqi skelet funksiyasini ham bajaradi, unga ichki tomondan muskullar birikadi. Tana boʻgʻimlari geteronom, yaʼni ularning shakli va kattaligi har xil boʻladi. B. tanasi, odatda, bosh, koʻkrak va qorin boʻlimlaridan iborat. Lekin baʼzan tananing turli boʻlimlari oʻzaro har xil tarzda birikib ketishi mumkin. B.ning bosh boʻlimi bosh boʻlagi — akrondan va 4 tana boʻgʻimlarining qoʻshilishidan hosil boʻladi. Koʻkrak va qorin boʻlimlaridagi boʻgʻimlar har xil sistematik guruhlarda bir xil boʻlmaydi. B. tanasidagi har bir boʻgʻim dastlab bir juftdan nayga oʻxshash oʻsimtaga ega boʻlgan, keyinchalik bu oʻsimtalar jagʻlar, yurish oyoqlari, suzgich organlar, soʻrgʻichlar, oʻrgimchak bezlari va b. organlarga aylangan yoki yoʻqolib ketgan. B. jabra, traxeya yoki oʻpka orqali nafas oladi. Birlamchi ovqat hazm qilish sistemasi ektodermadan hosil boʻlgan oldingi va keyingi ichakdan, endodermadan hosil boʻlgan oʻrta ichakdan hamda ular bilan bogʻlangan soʻlak va hazm bezlaridan iborat. Ayirish organlari kelib chiqishi va funksiyasiga koʻra, halqali chuvalchanglarning metanefridiylariga oʻxshash boʻlgan antennal, koksal va maksillar bezlar — selomoduklardan yoki ichak oʻsimtalari — malpigi naychalaridan iborat. Qon aylanish sistemasi ochiq, qon aylanish organlari har xil darajada rivojlangan. Nerv sistemasi gangliylarning qoʻshilishidan hosil boʻladigan bosh miya va qorin nerv zanjiridan iborat. Qorin nerv zanjiridagi nerv gangliylari tana boʻgʻimlarining oʻzgarishiga moye holda turli darajada konsentratsiyalashgan boʻladi. Koʻpchilik B.ning yaxshi rivojlangan sezgi organlari, jumladan murakkab fasetkali koʻzlari, har xil mexano va xemoreseptorlari, eshitish, muvozanat saqlash, ovoz chiqarish organlari boʻladi. Deyarli barcha B. ayrim jinsli. Jinsiy dimorfizm yaxshi rivojlangan. Jinsiy yoʻl bilan (baʼzan partenogenez) koʻpayadi. Koʻpchilik turlari metamorfoz orqali rivojlanadi. Qattiq tana qoplogʻichi B.ning oʻsishiga toʻsqinlik qiladi. Shuning uchun B. faqat eski xitin qoplogʻichni tashlash (tullash), yangi xitin pust hosil qilish orqali oʻsadi. Tana boʻshligʻi aralash tipda (miksotsel). Muskullari toʻptoʻp boʻlib joylashgan. Koʻpchilik B.ning yuragi naysimon, koʻp kamerali, qoni tana suyuqligiga oʻxshash boʻlib, gemolimfa deyiladi. B. tipi 4 ta kenja tip: trilobitasimonlar (qazilma holda uchraydigan yagona trilobitlar sinfi), jabra bilan nafas oluvchilar (yagona qisqichbaqasimonlar sinfi), xelitseralilar (qilichdumlilar, oʻrgimchaksimonlar sinflari), traxeyalilar (koʻpoyoqlilar, hasharotlar sinflari) ga boʻlinadi. 2 mln.ga yaqin turi bor. Yerda mavjud boʻlgan hamma yashash muhitlarini egallagan. B.ning quruqlikda yashashga va havoda uchishga moslanishi hayvonot dunyosida sodir boʻlgan eng muhim oʻzgarishlardan biri hisoblanadi. B. biosferada beqiyos katta ahamiyatga ega. Koʻpchilik ekosistemalardagi tirik organizmlarning asosiy qismini tashkil etishi, xilmaxil oziqlanishi tufayli B. tabiatda moddalar aylanishi jarayonini amalga oshiradi. B. oziq-ovqat va kiyim-kechak uchun xom ashyo manbai sifatida ham katta ahamiyatga ega. B. orasida organik qrldiqlarini oʻzlashtirib, tuproq hosil boʻlishi jarayonida faol ishtirok etadigan; odam va hayvonlarda parazitlik qiladigan va kasallik tarqatadigan; gullarni changlatib, oʻsimliklarning hosildorligini oshirishga imkon beradigan; q. x. ekinlarini yeb, zararkunandalik qiladigan turlari ham koʻp.

Adabiyotlar[tahrir]

Ochil Mavlonov.