Bilim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bilim — kishilarning tabiat va jamiyat hodisalari haqida hosil qilgan maʼlumotlari; voqelikning inson tafakkurida aks etishi. Kundalik tasavvurimizda nimaning nima ekanligiga ishonsak va bu ishonchimiz biz odatlangan voqea va hodisalarga (qoidalarga) zid kelmasa bunday ishonch B. hisoblanadi. Voqelik haqidagi bilgan maʼlumotlarimiz B. darajasiga koʻtarilishi uchun quyidagi shartlarni qanoatlantirishi lozim: birinchidan, bu maʼlumotlarning voqelikka mutanosibligi; ikkinchidan, yetarli darajada ishonarli boʻlishi; uchinchidan, bu maʼlumotlar dalillar b-n asoslangan boʻlishi lozim. Uchala shart birgalikda mavjud maʼlumotlarni B. darajasiga olib chiqadi. Inson ijtimoiy taraqqiyot jarayonida bilmasliqdan bilishga, mavhum B.lardan mukammal va aniq B.lar hosil qilish tomon boradi. Kishining moddiy dunyo toʻgʻrisidagi B.i nisbiydir, u doimo rivojlanib boradi. B. kundalik tajriba, kuzatish orqali toʻplanadi. B.larni tadqiqetuvchi taʼlimot — epistemologiyada perseptiv (hissiy), hayotiy — kundalik (sogʻlom akl) va ilmiy B. shakllari ajratib koʻrsatiladi. Ilmiy adabiyotlarda B.larning ilmiy va ilmdan tashqari shakllari ham farq qilinadi. Ilmdan tashqari B.larga madaniyat, adabiyot, sanʼat, mifologiya, din va sh.k. sohalarga oid B.lar kiradi. Odatdagi fan sohalarida tadqiq etiladigan B.lar ekzoterik (koʻzga tashlanuvchan) B.lar deb atalsa, astrologiya, va sh.k. sohalarga oid B.lar ezoterik (pinhoniy) B.lar deyiladi. Ekzoterik B.lar ilmfan qoidalariga zid kelmaydigan boʻlsa, ezoterik B.lar bunday qoidalarga zid kelishi mumkin.

Baxtiyor Toʻrayev.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil