Benzol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Benzol, C6H6 — aromatik uglevodorodlarning oddiy vakili. Molar massasi 78,11, rangsiz, tez yonuvchan, uchuvchan suyuqlik boʻlib, oʻziga xos hidi bor. Zichligi 879 kg/m3. Qaynash temperaturasi 80,1 °C. Yonganda is chiqadi. Benzol bugʻi havo bilan aralashganda portlovchi aralashma hosil boʻladi. Uglevodorodlar va koʻpchilik organik erituvchilar bilan yaxshi aralashadi. Suvda erimaydi.

Benzolning strukturasi
Benzol strukturasining qisqartma shakli

Tarixi[tahrir]

Benzolni 1825-yilda ingliz olimi Maykl Faradey yonuvchi gaz kondensatidan ajratib oldi. Toza benzolni 1833-yilda nemis olimi Eylgard Micherlix kalsiy benzoatni quruq haydab olgan. 1865-yilda nemis olimi Kekule benzol uchun 3 oddiy va 3 qoʻsh bogʻdan iborat 6 atomli halqa shaklidagi formula taklif qildi. Benzol molekulasida uglerod atomlari toʻgʻri yassi olti burchaklik hosil qiladi, lekin qulay boʻlishi uchun u choʻziqroq qilib chiziladi. Fransuz kimyogari Bertlo 1866-yilda atsetilenni 500—600° da qizdirib benzolni olib, sintez usuli yordamida alifatik birikmalardan aromatik birikmalarga oʻtish mumkinligini nazariy jihatdan isbotladi.

Xossalari[tahrir]

Benzolning tavsifli xususiyatlaridan biri uning yuqori temperaturaga chidamligidir. Benzol kimyo sanoatining muhim mahsulotlaridan hisoblanadi. U toʻyinmagan uglevodorod boʻlishiga qaramay, asosan oʻrin almashinish reaksiyalariga kirishadi. Masalan, benzolni nitrolab nitrobenzol, sulfolab benzosulfokislota, xlorlab xlorbenzol va geksaxlorbenzol, oksidlab malein angidridi, alkillab etilbenzol va izopropilbenzol, degidrogenlab difenil olish mumkin. Benzol toʻyinmagan birikma xususiyatlarini namoyon qiladigan birikish reaksiyalariga juda qiyin kirishadi. Ularning sodir boʻlishi uchun maxsus sharoit: yuqori temperatura va bosim, katalizator, yorugʻlik nuri taʼsir ettirish talab qilinadi. Masalan, nikel yoki platina katalizatorligida benzol gidrogenlanib siklogeksan, yorugʻlik taʼsirida esa xlorni biriktirib olib geksaxlorsiklogeksan (geksaxloran) hosil qiladi. Benzol boʻyoqlar, portlovchi moddalar, dorivorlar, xushboʻy moddalar, plastik massalar va boshqa birikmalarni olishda hamda erituvchi sifatida ishlatiladi. Benzol katalizator ishtirokida gidrogenlanganda kaprolaktam sanoatining xom ashyosi boʻlmish siklogeksan hosil boʻladi. Kaprolaktam oʻz navbatida polimerlanib, sintetik tola boʻlgan „kapron“ni beradi. Benzol motor yonilgʻilariga ham ishlatiladi. Benzol bugʻi kishi organizmiga yomon taʼsir etadi, qon tarkibini buzadi, qattiq zaharlanganda odam oʻladi. Suyuq benzol teriga kuchli taʼsir qiladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil