Avtod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Avtod - (arab. الأوتاد - «vatad» so‘zining ko‘plikdagi shakli - qoziqlar, ustunlar) - tasavvuf bosqichidagi maqom. Ularning o‘rni, quyidan yuqoriga qarab belgilanadi. Avtodlar qadamlari va ishlari sobit bo‘lgan valiylar hisoblanadi.

Ushbu so‘z zaif yoki hasan hisoblanuvchi ayrim hadislarda ham uchraydi. Sufiylar nazdida, avtodlar to‘rt kishi va har biri o‘rin jihatdan olamning to‘rt tarafi ya’ni sharq, g‘arb, shimol hamda janubda o‘sha yerga tushuvchi ilohiy fayzni bu jihatlarga haqli bo‘lgan qutblarga yetkazib turuvchidir. Ularning soni doimiy tarzda to‘rtta sanalib, hech qachon ko‘p yoki kam bo‘lmaydi. Sha’roniy, Ibn Arabiy va Koshoniy kabi tasavvuf olimlari: «Biz Yerni to‘shak qilib qo‘ymadikmi?! Tog‘larni esa (Yerni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo'ymadikmi?!» (Naba’, 7-6) (matnda: avtod - qoziqlar) oyatlarini avtodlarning mavjud ekaniga dalil deb keltirganlar. Avtodlardagi to‘rt shaxs Idris, Ilyos, Xizr va Iso (a.s.) kabi payg‘ambarga ham bog‘lanadi. Ibn Arabiy, Shoziliy va Mursiylarga ko‘ra, Muhammad Hakim Termiziy ham avtodlardan bo‘lgan. Shuningdek, Hakim Termiziyning o‘z avtobiografik asarida u ko‘rgan tushlardan birida uning avtodligi bildirilganligi keltirilgan. Mutasavvuf olim Kumushxonaviyga ko‘ra, avtodlar zohiriy (ko‘p ro‘za, insonlar uxlaganda tungi namoz, muttasil ibodat va saharlarda istig‘for) va botiniy (tavakkul, tafviz - ishni Allohga topshirish, siqa - mustahkam ishonch va taslim.) amallarni doimiy tarzda bajaradilar. Avtodlardan bir kishi ularning qutbi hisoblanadi. Tasavvuf vakillarining qarashlariga ko’ra, Ka’ba yerning qalbi bo‘lganidek, Qutb olamning qalbidir. Avtodlar Kufa ahlidan ham deyilib, ularga o‘z navbatida shomiy, iroqiy, yamoniy ruknlar va hajar al-asvad qo‘shimcha qilinadi [1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Usmonov, Olimov, Yo'ldashxo'djayev, Faxriddinov, To'ychiyeva, Jabborov, Cho'tmamatov, Rahimov, Komiljonova, Karimova, Nurmuhammedov, Erkaboyeva, Jurayev 2015, s. 17.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360 bet. ISBN 978-9943-12-346-5.