Astrolyabiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sfera astrolyabiyasi

Astrolyabiya (lot. astrolibium), usturlab — joyning geografik koordinatalarini, vaqtni, obyektning azimutini, yulduzlarning chiqish va botish paytlarini, shuningdek amaliy astronomiyanit boshqa masalalarini hal qilishda ishlatiladigan koʻchma astronomik asbob. Astrolyabiya qadim zamonlardan (miloddan avvalgi 2-asrdan) beri maʼlum. Turli davrlarda tuzilishi va tashqi koʻrinishi turlicha boʻlgan. Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Astrolyabiya darajalarga boʻlingan doira, chizgʻich va vizirlovchi dioptrdan iborat. Yoritqich balandligini aniqlash paytida Astrolyabiya maxsus halqa yordamida osib qoʻyilgan (rasmga q.) 17-asrda tayyorlangan Astrolyabiyalarning biri Toshkentdagi tarix muzeyida saqlanmoqda. Astrolyabiya gorizontal burchaklarni oʻlchashda keng qoʻllanilgan. Hozir qoʻllaniladigan Astrolyabiya astrometriya muammolarini hal qilishda keng ishlatiladigan murakkab asbob. Shulardan biri Danton Astrolyabiyasi deyiladi. Uning yordamida vaqtni, geografik kenglama va uzunlamani aniqlash, Yer qobigʻining harakatini tekshirish mumkin[1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil

Havolalar[tahrir]