Ahmadiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ahmadiya — XIX asr oxirida Hindistonda vujudga kelgan diniy harakat. Mirza Gʻulom Ahmad Kodiyoniy (1835—1908) asos solgan. U XIX asrning 70-yillarida Panjob musulmonlari oʻrtasida yirik ulamo va avliyo sifatida nom chiqargan. Islom tarixi va ilohiyot boʻyicha bir necha asar yozgan. 1891-yilda „Anjumani Ahmadiya“ diniy tashkilotini tuzgan. Izdoshlari uni „paygʻambar“, deb eʼlon etgan. Vafotidan keyin uning oʻrniga Hakim Nuriddin qolgan. Bashar Ahmad ibn Gʻulom ham taniqli ahmadiya arboblaridan hisoblanadi, „Siyrat ul Mahdiy“ („Mahdiyning hayot yoʻli“), „Kalimat ulfadl“ („Ajratuvchi soʻz“) va boshqa kitoblari bor.

Ahmadiylik: Gʻayriislomiy mohiyat va diniy-siyosiy mazmunga ega ahmadiylik (baʼzi manbalarda „qodiyoniylik“) harakatiga Hindistonning Panjob viloyati Qodiyon qishlogʻida tavallud topgan Mirzo Gʻulom Ahmad Qodiyoniy (1835—1908) tomonidan asos solingan. Gʻulom Ahmadning islom asoslaridan chetlashishiga va gʻayriislomiy gʻoyalarni yaratishiga zamin yaratgan bir qator omillarni qayd etish mumkin. Xususan, Gʻulom Ahmad tabib otasidan tibbiyotga oid ilmlarni oʻzlashtirgan boʻlsa-da, diniy ilmlarni hech kimga shogird tushmay mustaqil oʻrgangan. Gʻulom Ahmadning oʻgʻli Mahmud Ahmad ibn Gʻulom otasi haqidagi „Siyrat ul-Mahdiy“ („Mahdiyning hayot yoʻli“) nomli kitobida uning ilm olishda birorta ustozi boʻlmaganini yozgani ham fikrimizning isboti boʻla oladi. Gʻulom Ahmadning yoshligidan hinduiylik, yahudiylik, xristianlik aqidalari bilan tanishgani ham uning dunyoqaraashiga kuchli taʼsir oʻtkazgan. Uning oʻzini hinduiylarning Avatari (hinduiylik taʼlimotiga koʻra, Xudoning Yerdagi koʻrinishi), yahudiylarning Mashiahi (yahudiylikka koʻra, Isroil xalqi va insoniyatni qutqarish uchun Yaratgan tomonidan yuboriladi, deb ishhoniladigan Dovud paygʻambar avlodidan boʻlgan shoh), xristianlarning xaloskori va buddaviylarning Maytreyasi (buddaviylar tomonidan Yerda paydo boʻlishi kutiladigan iloh) deb eʼlon qilgani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi. Bu bir tomondan, ushbu taʼlimotningmazkur dinlarning gʻoyalari qorishmasidan iborat ekaninni va ikkinchi tomondan, Gʻulom Ahmad islomga mutlaqo yot boʻlgan aqida va jamoaga asos solganini koʻrsatadi. Jamoa dastlab, baʼzi mustamlakachi davlatlarning maʼlum maqsadli rejasi asosida yuzaga kelib, ularning himoyasi ostida shakllangan. Uning hayot yoʻlini qunt bilan oʻrganib chiqqan ulamolarimiz, avval boshda Panjob viloyatiga bostirib kirib, oʻrnashib olishga muvaffaq boʻlgan ingliz mustamlakachilariga sidqidildan xizmat qilgani, faoliyatini dastlab islomga chaqirirq bilan boshlab, atrofiga muxlislar orttirgach, oʻzini Alloh tomonidan yuborilgan „mujaddid“ (dinni yangilovchi — reformator) deb daʼvo qila boshlaganini taʼkidlashadi. Keyinchalik esa ergashuvchilari koʻpaygach, avvaldan rejalashtirilgan maqsadga koʻra, kutilgan Mahdiy va vaʼda qilingan Masih, soʻngra paygʻambarlik daʼvosi bilan chiqqan, hatto uning paygʻambarligi Muhammad (s.a.v) nubuvvatidan ham aʼlo va yuksak ekani eʼlon qilingan. Asli marokashlik tahlilchi Idris Shomixning „Qodiyoniylik — mustamlakachilik mahsuli“ maqolasida taʼkidlanishicha, 1869-yilda Britaniya qirolligi Hindistonadagi vaziyatni tahlil qilish maqsadida ushbu mamlakatga bir guruh olim va din uamolarini yuborgan. Oʻrganish natijalariga koʻra, hukumatga taqdim etilgan hisobotda Hindistondagi musulmonlar oʻz rahbarlarigagina boʻysunishi, agar „Ilohiy ilhom“ sohibi boʻlgan biror yangi diniy rahnamo boʻlsa, uning ortidan koʻplab odamlar ergashib ketishi mumkinligi haqidagi gʻoya bayon etilgan. Mutaxassislar aynan shu xulosaga tayaniib, dinni yangilash bayrogʻi ostida musulmonlarni Britaniya imperiyasiga tobe boʻlishga chaqiruvchi, Vatan mustaqilligi uchun kurash tuygʻusini soʻndiruvchi yangi harakatni shakllantirish rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinganini qayd etadilar. Gʻulom Ahmad oʻz faoliyatini avvaldan puxta ishlangan reja asosida tizimli raviishda amalga oshirib borgani, oʻz asarlarida mustamlakachilarga nisbatan yuksak ehtirom bilan munosabatda boʻlgani ham bunday xulosalarning oʻrinli ekanini koʻrsatadi. Oʻziga ikki marta ingliz tilida vahiy yuborilgani, ularni yosh yigit suratidagi bir ingliz odam keltirishi borasidagi iddaosi va Hindiston xalqi ozodlikka erishishi yoʻlida harakat qilgan bir vaqtda Gʻulom Ahmadning aksincha, Vatanni ozod qilish yoʻlidagi urushlarni qoralab, mustamlakachi hukmdorlarga sodiq boʻlishga chaqirgani bir tomondan, uning mustamlakachi xojalarini ulugʻlash yoʻlida hech narsadan tap tortmaganini, ikkinchi tomondan, harakat ortida aslida qanday kuchlar turganini fosh qiladi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Айдарбек Тулепов. Ислом ва ақидапараст оқимлар, 2-nashr, Toshkent: «Sharq» нашриёт-матбаа акциядорлик компанияси Бош тах,ририяти, 2013. 

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil