Yadro fizikasi instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yadro Fizikasi Institutidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Yadro fizikasi instituti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti — yadro fizikasi, qattiq jismlar radiatsion fizikasi, materialshunoslik, aktivatsion tahlil, radiokimyo, ilmiy asbobsozlik, informatsiya texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy muassasa.

Akademik I.V.Kurchatov, U.O. Orifov va S.A.Azimovlarning tashabbusi bilan 1956 yil tashkil etilgan. 1957 yildan boshlab yadro reaktori, fizika laboratoriyalari, gammanurlatgichlar, siklotron (U—150—11), tajriba ustaxonasi qurila boshlandi. Quvvati 2000 kVt boʻlgan VVRSM rusumli yadro reaktori 1959 yil sentyabrda ishga tushirildi. 1960—64 yillarda fizika laboratoriyalari, gammanurlatgichlar, siklotron ishlay boshladi, radiokimyo laboratoriyalari majmui qurilib, radioaktiv izotoplar ishlab chiqarila boshlandi. 1980 yilda yadro reaktori rekonstruksiya qilinib, quvvati 10000 kVt ga yetkaziddi. Institutda radioaktiv izotoplar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Radiopreparat" va "Tezlatkich" shoʻʼba korxonalari, konstruktorlik byurosiga ega boʻlgan tajriba zavodi, ogʻir ionlar fizikasi boʻlimi mavjud. Institutda 4 ta ilmiy boʻlim, 17 ta ilmiy laboratoriya, 11 ta xizmat boʻlimlari, aspirantura, doktorantura va dissertatsiyalarni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan 2 ta ilmiy kengash faoliyat koʻrsatadi. Olib borilayotgan tadqiqotlar (nazariya va eksperiment) quyidagi yoʻnalishlarni qamrab olgan. Yadro fizikasi — relyativistik yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, yadro spektroskopiyasi, yadro va zarralarning moddalar bilan taʼsiri, yadro nazariyasi, past energiyalarda yadroviy reaksiyalar, nisbiylik nazariyasi. Radiatsiyaviy qattiq jism fizikasi va materialshunoslik — metallar, konstruksion materiallar va yarimkoʻtkazgichlar, dielektriklar, keramikalar, optik, kompozitsion va yuqori trali oʻta oʻtkazgich materiallarning radiatsiya fizikasi, kristallar tuzilishi, radiatsiya texnologiyasi, kristallardagi nuqsonli holatlar nazariyasi va ularni matematik modellashtirish. Aktivatsion tahlil va radiokimyo — yadroviy analitika, tahlil uslubiyati, turli obʼyektlarning tahlili va texnologik jarayonlarning nazorati boʻyicha yadrofizikaviy usullarni yaratish; materialshunoslik, togʻkon sanoati, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va ekologiyada yadroviy analitikaning amaliy jihatlari; turli radioizotoplar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish. Ilmiy asbobsozlik — texnologik parametrlarni nazorat qiluvchi, radioaktiv va yadroviy materiallarni qayd etuvchi asboblar yaratish, shuningdek, suvning tozaligini nazorat qiluvchi, tozalovchi va zararsizlantiruvchi tizimlar barpo qilish; suv va havo havzalari ekosistemalarining holatini radiatsiyaviy nazorat qilish, modellashtirish va prognoz qilish usullarini yaratish. Informatsiya texnologiyalari — ilmiy boʻlinmalar, xizmat va yadrofizikaviy obʼyektlar uchun ilmiy informatsiontelekommunikatsiyalar tizimlari va dasturlarini yaratish.

Fundamental tadqiqotlardan olingan natijalar tibbiyotda, neftni qayta ishlash, togʻkonmetallurgiya ktlarida, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, farmatsevtika, zargarlik, elektrotexnika, materialshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha ishlayotgan respublika korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida qoʻllanilmoqda.

Institut olimlarining ilmiy ishlari Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan: yuqori energiyalar fizikasi sohasida (S.A.Azimov va boshqalar); atom yadrosi fizikasi sohasida (R.ʼ.Bekjonov va boshqalar); amaliy yadro fizikasi sohasida (P.Q.Habibullayev va boshqalar); atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi sohasida (B.S. Yoʻldoshev va boshqalar); qattiq jismlar fizikasi sohasida (M.S.Yunusov va boshqalar). institut fundamental va amaliy faoliyatida koʻpgina chet el tadqiqot markazlari bilan faol hamkorlik qilmoqda. Bu markazlar jumlasiga Yevropa yadro tadqiqot markazi (Jeneva, Shveysariya), Fermi nomidagi tezlatgichlar ilmiy laboratoriya (Bataviya, Illinoys, AQSH), oʻta oʻtkazuvchi superkollayderi laboratoriya (Dallas, Texas, AQSH), "Triumf" tezlatkich markazi (Kanada), Argon va Sandiya ilmiy laboratoriya (AQSH), Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti (Dubna, Rossiya) va AQSH, Germaniya, Rossiya, Fransiya, Shvetsiya, Italiya, Belgiya, Yaponiya, Polsha, Chexiya, Koreya va boshqalar mamlakatlarning tadqiqot markazlari va universitetlari kiradi. Yadro xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik bilan faol hamkorlik qilinmoqda. institut faoliyati U.O.Orifov, S.A.Azimov, S.V. Starodubsev, U.Gʻ. Gʻulomov, P.Q. Habibullayev, R.B.Bekjonov,M.S.Yunusov, B.S.Yoʻldoshev va boshqalar olimlar nomi bilan bogʻliq.