Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi institutiqorakoʻlchilik sohasidagi yirik ilmiy markaz. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibida. Samarqand shahrida joylashgan. 1930-yil 26-oktabrda Kattaqoʻrgʻon stansiyasi asosida mintaqaviy qorakoʻlchilik tajriba stansiyasi tashkil qilindi. 1935-yilda tajriba stansiyasi Oʻzbekiston qorakoʻlchilik ilmiy tadqiqotlar institutiga aylantirildi, 1939-yildan Butunittifoq qorakoʻlchilik ilmiy tadqiqotlar instituti. 1992-yil iyundan Oʻzbekiston qorakoʻlchilik ilmiy tadqiqotlar instituti, 2000-yil apreldan hozirgi nomda.

Institut tarkibida (2005): qora rangli qorakoʻl qoʻylari seleksiyasi va tovarshunoslik; rangli qorakoʻl qoʻylar seleksiyasi, zot monitoringi va mahsulot ishlab chiqarish; qorakoʻl qoʻylari biotexnologiyasi va choʻl-yaylov hayvonlari ekologiyasi, qorakoʻl qoʻylarni suv bilan taʼminlash va oziqlantirish; choʻl yaylovlarining ekologik monitoringi, choʻl oʻsimliklari institutroduksiyasi, seleksiyasi va urugʻchiligi, galofit oʻsimliklar; choʻlda ozuqa ishlab chiqarish, tuyachilik, echkichilik; qorakoʻlchilik menejmenti va marketingi; markaziy tahlil ilmiy-axborot laboratoriyalari, tajriba-konstruk-torlik byurosi bor. Ilmiy-texnika kutubxonasi, qorakoʻl terilari muzeyi, aspirantura boʻlimi faoliyat koʻrsatadi. Ilmiy tadqiqotlar shart-nomalar asosida 30 ta naslchilik zavodlari va naslchilik xoʻjaliklarida, 1 tajriba stansiyasida, 2 tayanch punktida va 4 tajriba dalalarida olib boriladi. Institutda seleksiya-naslchilik tizi-mi, terilarning tovar sifatlarini baholash tizimi va ularni navlash standartlari, qoʻylarni qayta urchi-tish biotexnologiyasi, toʻsiqli madaniy yaylovlar yaratish, qoʻy goʻshti va qorakoʻlcha ishlab chiqarish xoʻjaliklarida qari qoʻylarni boʻrdoqiga boqish texnologiyasi, artezian suvlari manbalarida va hosildorligi yaxshilangan yerlarda yem-xashak ishlab chiqarish texnologiyasi va boshqa boʻyicha muhim ilmiy ishlanmalar bajarilgan. Qorakoʻl qoʻylarining 27 yuqori mahsuldor zavod tiplari, choʻl ozuqa oʻsimliklarining 15 navi yaratildi. Institut xodimlarining ilmiy ishlari, yutuklari uchun 97 mualliflik guvoh-nomalari va patentlar olingan.

Institut faoliyati V. M. Yudin, Ye.V. Odinsova, M.A.Koshevoy, A.M.Lisov, R.G.Valiyev, M.D.Zokirov, R.M.Chalbash, Z.Sh.Shamsutdinov, I.B.Atakurbanov, S.Yu.Yusupov, M.Mahmudov va boshqa olimlarning nomlari bilan bogʻliq. Institutning qorakoʻlchilikni rivojlantirishdagi katta ilmiy yutuqlari uchun olimlardan I.N.Dyachkov, V.I.Stoyanovskaya, F.Sharafiddinov, M.A.Koshevoy, P.A.Fadenchev va boshqa Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1970). Institutda 62 ilmiy xodim, shu jumladan, 2 fan doktori, 32 fan nomzodi ishlaydi (2005). Ilmiy ishlar toʻplamlari, ilmiy-amaliy anjumanlar materiallarini nashr etadi. Institut Xalqaro qurgʻoqchilik mintaqalarida qishloq xoʻjaligi boʻyicha tadqiqotlar ilmiy markazi (IK ARDA), AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti, Rossiya chorvachilik, Rossiya ozuqa, Qozogʻiston qorakoʻlchilik ilmiy tadqiqotlar institutlari bilan ilmiy hamkorlik qiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil