Vazir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vazir (arab. — yuk koʻtaruvchi) – Yaqin va O‘rta Sharq davlatlarida, shu jumladan, O‘rta Osiyo xonliklarida hukumat idorasi yoki kengashi (devon) boshlig‘i. Vazirlar Vaziri a’zam rahbarligida davlatni idora etish vazifalari bilan shug‘ullangan. Mustaqillik davrida O‘zbekistonda sobiq sho‘rolar davridagi boshqaruv organlari ministr, ministrlik so‘zlari vazir, vazirlik istilohlari bilan almashtirildi[1].

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vazir so‘zi arab tilidan ,,وزير” – so‘zidan olinib, ,,yuk ko‘taruvchi” degan ma’noni anglatadi[2]. Bu soʻz Qurʼoni karimda tilga olingan boʻlib, unda Horun Musoning vaziri (yordamchisi) sifatida tasvirlangan[3]. Keyinchalik u shia yetakchilari al-Muxtor va Abu Salama tomonidan vazir al-Muhammad (,,Muhammad (s.a.v.) oilasining yordamchisi”) shaklida unvon sifatida qabul qilingan[4]. Arab xalifaligida vazir lavozimini birinchi bo‘lib xalifa al-Mansur (754-775) joriy etgan va ushbu lavozim butun musulmon olamiga tarqaldi. Abbosiy xalifalari vazir unvonini ilgari qotib (kotib)larga berishgan. Avvaliga shunchaki yordamchi boʻlgan vazirda keyinroq Sosoniy podshohlarning vakolatlari paydo boʻlgan[5]. XI asr huquq nazariyotchisi al-Mavardiy vazirlarning ikki turi: cheklangan vakolatlarga ega boʻlgan vazir al-tanfid (,,qatl vaziri”) va xalifaning siyosatini amalga oshirishga xizmat qilgan fuqarolik va harbiy ishlar bo‘yicha hokimiyatga ega bo‘lgan va xalifa bilan bir xil vakolatlar sohibi vazir al-tafvid (,,vakolat berilgan vazir”) haqida yozgan[4]. Al-Mavardiy taʼkidlashicha, ikkinchisi samarali noib sifatida shariatni yaxshi bilgan musulmon boʻlishi kerak. Holbuki, birinchisi musulmon bo‘lmagan yoki hatto qul ham bo‘lishi mumkin edi, garchi ayollarning bu lavozimga kirishlari taqiqlangan[4].

O‘zbekistonda[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston hududlarida o‘rta asrlarda vazirlar podshoh, xon, viloyat hokimligiga tayinlagan shahzoda va xonzodalarning yordamchilari hisoblangan. Somoniylar davrida 10 devon bo‘lib, ularni xo‘jayi buzurg, sohib barid, mushrif, vakil, muxtasib va boshqa vazirlar boshqargan. Amir Temur va uning vorislari zamonida saltanatning markaziy ma’muriyatini bosh vazir –  devonbegi boshliq 7 nafar vazirdan iborat arkoni davlat boshqargan. Ular:

1) mamlakat va raiyat ishlari;

2) harbiy ishlar;

3) tijorat;

4) moliya ishlari bo‘yicha vazirlar sanalib,

5) 3 nafar maxsus vazir chegara viloyatlari va tobe mamlakatlardagi ishlarni nazorat qilib turgan. Mazkur yetti vazir devonbegiga bo‘ysungan va ular bilan bamaslahat davlatning muhim moliyaviy ishlarini olib borishgan. Xiva xonligida vazir yuqori mansabdor shaxs sanalib, vazifasi soliq to‘plash, qo‘shni xonliklar bilan aloqa qilish, amaldorlarni tayinlash va hokazolardan iborat bo‘lgan.

Tarixdagi mashhur vazirlardan Horun ar-Rashidning vaziri Yahyo ibn Xolid, G‘aznaviylar sulolasida vazir Hasanak, Saljuqiylar tarixida Malikshoh I ning vaziri Nizom ul-Mulk, Usmonli imperiyasining Pargali Ibrohim poshosi kabilarni eslash mumkin.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi, 2000. 
  2. Encyclopedia Britannica, 11, volume 28 Chisholm, Hugh: , Cambridge University Press, 1911 — 435 bet. 
  3. Goyṭayn, Šelomo D. Studies in Islamic history and institutions — 171 bet. 
  4. 4,0 4,1 4,2 Zaman, Muhammad Qasim. The Encyclopaedia of Islam, New Edition, Volume XI, 2002 — 185–188 bet. ISBN 978-90-04-12756-2. 
  5. R. A. Nicholson. A Literary History of the Arabs — 257 bet.