Toshkent botanika bogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Botanika instituti va botanika bogʻi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti va botanika bogʻi — Toshkent shahridagi ilmiy muassasa. Unda tabiiy sharoitda oʻsadigan oʻsimliklar dunyosi har tomonlamaoʻrganilib, muhofaza qilish, qayta tiklash, ulardan oqilona foydalanish, oʻsimliklar institutroduksiyasi va biotexnologiyasiga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Botanika instituti 1932 yilda Oʻzbekiston Fanlari qoʻmitasi qoshidagi oʻsimliklar xom ashyosi boʻlimi asosida shakllangan va 1941 yildan Botanika va tuproqshunoslik instituti deb atala boshlagan. 1948 yilda Tuproqshunoslik boʻlimi mustaqil institut boʻlib ajralib chiqqach, botanikaga oid ishlar Botanika va zoologiya ilmiy tadqiqotlar institutida olib borildi. 1950 yilga kelib mustaqil Botanika ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil topdi. 1998 yilda institutga botanika bogʻi qoʻshilgach, Botanika instituti va botanika bogʻi deb ataladigan boʻldi. Institutda 11 laboratoriya. boʻlib, bular orasida deyarli barcha qitʼalardan yigʻilgan 1 mln.dan ziyod oʻsimlik nusxalariga ega boʻlgan yirik Markaziy gerbariy laboratoriya. Oʻrta Osiyoda yagona laboratoriya. hisoblanadi. Institut bevosita tabiatda ish olib boradigan "Qizilqum choʻl stansiyasi"ga, Gʻarbiy Tyanshan (Ugam tizmasi)da va Orol dengizi boʻyida joylashgan tayanch nuqtalarga ega. Institutda oʻsimliklar qoplami, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish, paleobotanika, oʻsimliklar xom ashyosi, anatomiyasi, sitoembriologiyasi, Orol dengizi atrofidagi qurib qolgan yerlarni qayta oʻzlashtirish, chorva mollari uchun yemxashak bazasini tashkil etish, ifloslangan suvlarni biologik usulda tozalashga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonning tabiiy florasi va oʻsimliklar jamoasini oʻrganish ustida olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida 4274 tur, 1023 turkum va 138 oilani oʻz ichiga olgan va Beruniy mukofotiga sazovor boʻlgan 6 jildli (rus tilida) "Oʻzbekiston florasi", 125 oilaga mansub 8097 tur va 1152 turkumni oʻzida mujassamlashtirgan 10 jildli "Oʻrta Osiyo oʻsimliklari aniqlagichi", 10 jildli "Oʻzbekiston zamburugʻlari florasi", "Oʻrta Osiyo suv havzalari suv oʻtlari florasi", 3 jildli "Oʻrta Osiyo koʻkyashil suvoʻtlar aniqlagichi", 2 jildli "Zarafshon florasi va oʻsimliklari", 2 jildli "Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston oʻsimliklari", 4 jildli "Oʻzbekiston oʻsimliklar qoplami va undan oqilona foydalanish", 3 jildli "Oʻzbekiston paleobotanikasi", "Oʻzbekiston Qizil kitobi", "Choʻl oʻsimliklarining ekologik anatomiyasi" kabi 120 dan ziyod monografiya va toʻplamlar nashr etildi. Institutda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar ishlari oʻz maktablari bilan dunyoga tanilgan Ye.P. Korovin, A.M. Muzaffarov, Q.Z. Zokirov, J.K. Saidov kabi olimlar faoliyati bilan bevosita bogʻliq.

Institut Germaniya, Finlyandiya, Xitoy, Janubiy korea hamda MDH davlatlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boradi. Institutda botanikaning turli sohalariga bagʻishlangan xalqaro simpoziumlar oʻtkazib kelinadi. Institutda 1 akad., 7 fan doktori, 13 ga yaqin fan nomzodlari 5 falsafa doktori (PhD) dan iborat 40 dan ziyod ilmiy xodim faoliyat koʻrsatadi (2018). 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 7 fevraldagi №33-sonli Qaroriga binoan “Botanika” ilmiy ishlab chiqarish markazi va Zoologiya institutining negizida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi PQ-3256 “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkillashtirish chora tadbirlari haqida” Qaroriga asosan Botanika instituti Fanlar akademiyasi tarkibida mustaqil ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida ajratildi. Botanika instituti flora, o‘simliklar sistematikasi, geobotanika, morfologiya va anatomiya, mikologiya, algologiya, resursshunoslik, kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kadastri va davlat kadastrini yuritish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan.

Mustaqillik yillarida Institutda O‘rta Osiyo florasining zamonaviy tarkibi tuzilgan, mahalliy florani yaratish bo‘yicha yangi tadqiqotlar boshlangan, botanik-geografik rayonlashtirishning yangi sxemasi ishlab chiqilgan va O‘zbekiston mahalliy floralarining yangi elektron ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilgan. Bu vaqt mobaynida O‘zbekistonning turli hududlaridan fan uchun 30 dan ortiq yangi tur topilgan. Milliy Qizil kitobning 3 ta nashri tayyorlangan, o‘simliklarning qurg‘oqchil sharoitlarda strukturaviy moslashish qonuniyatlari aniqlangan, O‘zbekistonning bir qator hududlari, jumladan, Orol dengizi qurigan tubining o‘simliklar qoplami xaritalari tuzilgan. Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari yuksak o‘simliklari florasi kadastri amalga oshirilgan. Bevosita Institut xodimlari ishtirokida bioxilma-xillikni saqlab qolish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi va milliy strategiya ishlab chiqilgan (2015).

Institut ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:

- O‘zbekiston o‘simliklar olami ob’ektlarini monitoring qilish va baholash, asosiy botanik hududlarni identifikatsiya qilish, milliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, milliy Qizil kitob va O‘zbekiston florasi davlat kadastrini yuritish, xom ashyo o‘simliklarini inventarizatsiya qilish; - molekulyar filogeniya va sistematikani rivojlantirish, elektron barkodlash va O‘zbekiston florasining kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini pasportlash; - o‘simliklarning iqtisodiy jihatdan istiqbolli turlarini introduksiya va akklimatizatsiya qilish, O‘zbekiston florasining kamyob, yo‘qolib borayotgan va endem turlarining genetik bankini yaratish; - ekosistemalarning zamonaviy holatini antropogen omillar va cho‘llanish jarayoni ta’siri ostida baholash, arid ekosistemalaridan barqaror foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.

Hozirgi kunda Institutda 5 ta laboratoriyada ilmiy faoliyat olib boriladi.

1. O‘zbekiston florasi laboratoriyasi o‘simliklar sistematikasi va flora bo‘yicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan. Oxirgi 10 yil ichida laboratoriya negizida O‘zbekistonning botanik-geografik rayonlashtirish, O‘zbekiston o‘simliklar xilma-xilligining elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, bir qator kam tadqiq qilingan hududlarni o‘rganish va flora konspektlarini chop etish kabi tadqiqotlar bajarilgan. Hozirgi kunda O‘rta Osiyo hududida o‘xshashi yo‘q bir qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston florasining yangi tomlarini tayyorlash va nashr qilish bo‘yicha fundamental loyiha doirasida 2016 yilda Amaryllidaceae oilasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston florasi” monografiyasining birinchi tomi chop etildi. Laboratoriyada Zarafshon tizmasi g‘arbiy tizmalari florasini to‘r tizimli xaritalashga bag‘ishlangan O‘rta Osiyo uchun yangi amaliy loyiha amalga oshirilmoqda.

2. O‘simlik resurslari laboratoriyasi 2017 yilda tashkil etilgan. Laboratoriyaning asosiy ilmiy faoliyati O‘zbekistonning xom ashyo o‘simliklarini inventerizatsiya qilish hamda texnik va dorivor o‘simliklarning biologik va ekspluatatsion zahiralarini aniqlashdan iborat. O‘zbekiston florasi yuksak yovvoyi o‘simliklari - dorivor, asal-shirali, texnik va ozuqabop o‘simliklari genofondiga juda boy. Umumiy turlar xilma-xilligi 1000 turdan kam emas. Hozirgi kunda laboratoriya dorivor o‘simliklar bo‘yicha interaktiv elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu baza O‘zbekistonning asosiy yovvoyi dorivor o‘simliklari haqida to‘liq ma’lumotni o‘zida aks ettiradi. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yo‘nalishlaridan biri xalk tabobatining yangi dorivor o‘simliklarini o‘rganuvchi va yurtimiz tabobatining rasmiy dorivor o‘simliklar tarkibini to‘ldiruvchi etnobotanik tadqiqotlar hisoblanadi.

3. Geobotanika va o‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasi 1953 yilda akad. E.P. Korovin tashabbusi bilan tashkil etilgan. Laboratoriyada cho‘l ekosistemalari dinamikasini iqlim va antropogen omillar bilan bog‘liq holda o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonning tabiiy o‘simlik qoplamlarining zamonaviy holatini o‘rganish, arid mintaqalar em-xashak o‘simliklarini inventarizatsiya qilish va ulardan ratsional foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish laboratoriyaning asosiy vazifalari hisoblanadi. Cho‘l yaylovlarining zamonaviy holatini yaylov o‘simliklar qoplami transformatsiyasini aniqlash asosida o‘rganish laboratoriyaning asosiy ilmiy yo‘nalishidir. Uzoq yillik tadqiqotlar davomida yaylovlarni xaritalash, yaylovga tushayotgan bosim va ularning mavsumiy hosildorligini aniqlash, yaylovlarning florogenetik tarkibini inventarizatsiya qilish va kamyob turlar iqlim o‘zgarishi va antropogen ta’sirlarning turli tiplari bilan bog‘lik holda monitoring qilish kabi tadqiqotlar olib borilgan. Hozirgi kunda Ustyurt platosi o‘simliklar qoplami dinamikasini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lik holda aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston arid mintaqalarinining yuksak o‘simliklari davlat kadastrini yuritish hisoblanadi. So‘nggi yillarda laboratoriya xodimlari tomonidan respublikaning arid ekosistemalarida o‘suvchi kamyob va yo‘qolib borayotgan turlar senotik populyasiyalarining holatini baholashga bag‘ishlangan zamonaviy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

4. Mikologiya va algologiya laboratoriyasi tadqiqotlarining asosini O‘rta Osiyo suv havzalari suvo‘tlarini o‘rganish tashkil etadi. Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida mikroskopik suvo‘tlarining va tabiiy suv havzalari, suv omborlari, sug‘oruvchi kanallar va sholi maydonlari tarkibidagi yuksak suvo‘tlarining turlar xilma-xilligi aniqlangan. Hozirgi kunda laboratoriyada mikologiya va algologiya sohasida tadqiqotlar olib borilmoqda. - mikologik tadqiqotlar O‘zbekiston zamburug‘lar florasini o‘rganish, alohida taksonlar bo‘yicha aniqlagichlar tuzish, makro- va mikromitsetlarning biologiya, ekologiya va geografiyasini o‘rganish, elektron ma’lumotlar bazasi va tarqalish xaritalarini tuzish, madaniy, qishloq xo‘jaligi va yovvoyi em-xashak o‘simliklarining zararli zamburug‘ kasalliklariga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda dorivor va ozuqabop zamburug‘lar etishtirish usullarini ishlab chiqishdan iborat. - algologik tadqiqotlar O‘zbekiston tuproq va suv havzalari suvo‘tlarining turlar xilma-xilligini, respublika suv havzalari florasining indikator-saprob turlarini inventarizatsiya qilish va ularni suvning ekologik-sanitariya holatini baholashda qo‘llash, suvo‘tlarini kolleksiyalarda saqlab qolishdan iborat.

5. Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi O`simliklarning sistematik birliklarini aniqlash asosida olib boriladigan fundamental va amaliy koordinatsiyasi asosida molekulyar genetik tahlillar bo`yicha turga oid bo`lgan xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir. O`zbekistonning kamyob turlar genofondini faollashtirish, ularni populyatsion darajada saqlab qolish. Ekologik – genetik tadqiqotlar. Laboratoriyaning istiqbolli maqsadining amalga oshirishdagi vazifalari: O`simlik turlarini metodik pasportlashtirishni ishlab chiqish, molekulyar-genetik identifikatsiyasini yuzaga chiqarish, shtrixkodlash va O`rta Osiyo yovvoyi o`t-o`simliklari populyatsiyasi holatini baholash. Taksonlarni identifikatsiyalashning sistematik avtomatlashtirish darajasida ishlab chiqish. O`simliklar tabiiy xom-ashyosi zaxiralaridan oqilona foydalanish, shuningdek atrof-muhit holatini monitoringini yo`lga qo`yish uchun O`zbekistonning aloxida hududlaridagi kamyob o`simliklarini molekulyar-filogenetik tadqiq qilish. Ushbu yo`nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va mustaxkamlash maqsadida shu yo`nalishdagi tashkilotlar bilan aloqalarni yo`lga qo`yish. Laboratoriyaning ilmiy yo`nalishi: O`zbekiston florasini fundamental amaliy molekulyar sistematika ishlari asosida olingan amaliy natijalar o`zaro yuqori darajadagi yangiliklari bilan tubdan farq qiluvchi malumotlarni aniqlash. Maxsus dasturlardan foydalangan holda genetik malumotlar bazasi va o`tkazilgan filogenetik tahlil malumotlarini to`plash. Molekulyar biologiya soxasida yuqori darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda kerakli sharoitlarni tashkil etish.

Institutda quyidagi asosiy ilmiy yutuqlarga erishilgan: - ilk bor florani tahlil kilish, oilalar va turkumlarning originalligi, endem va subendem taksonlar ro‘yxati va ularning geografik aloqalari, o‘simliklar qoplami va landshaftlarining xususiyatlari asosida GAT yordamida tuzilgan O‘zbekiston botanik-geografik rayonlashtirishning murakkab sxemasi ishlab chiqilgan. O‘zbekistonnning tog‘li qismi hududida 8 ta okrug va 23 ta rayon, tekislik kismida esa 8 ta okrug va 15 ta rayon ajratildi. Rayonlashtirish kriteriyalari, tabiiy fitoxorionlarni aniqlash ayrim hududlarning botanik-geografik joylashuviga tegishli bir qator muammolarga echim topildi. Tadqiqotlar natijalari «Botanical Geography of Uzbekistan» monografiyasida chop etildi; - ilk bor senopopulyasion darajada Qizilqum florasining kamyob va yo‘qolib borayotgan turlar populyasiyalarining zamonaviy holati aniqlangan, bu esa butun O‘zbekiston florasining endem va xavfli turlarini maqsadli o‘rganish uchun ilmiy asos bo`lib xizmat qiladi; - kamyob va endem turlarning tarqalishini ko‘rsatuvchi GAT xaritalari bilan O‘zbekistonning ayrim mahalliy floralari ma’lumotlar bazasi O‘zdavqo‘mekologiya, O‘zdavo‘rmon i O‘zdavergeodezkadastr amaliyotiga joriy etilgan. O‘zbekiston o‘simliklar xilma-xilligi bo‘yicha olib borilgan zamonaviy tadqiqotlar natijalari xalqaro portal (www.gbif.org), indekslar (www.inpi.org, www.theplantlist.org), dunyoning gulli o‘simliklar zamonaviy klassifikatsiyasiga (www.mobot.org) kiritildi.


Botanika bogʻi
Botanika bogʻi. Shimoliy Amerika Kolleksiyasi

Botanika bogʻi. O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bog`i O`zbekitonning noyob madaniy meros ob`ektlaridan biri sanalib, egallagan maydoni 65 gektar. Botanika bog`ining asosiy qismi Shimoliy Amerika, Yevropa-Qrim-Kavkaz, Uzoq Sharq, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo dendrofoloralariga ajratilgan. Botanika bog`ida uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida atrof muhit holatini yaxshilashga samarali xizmat qiladigan yuqori manzarali daraxtlar, butalar, o`t o`simliklarning keng assortimenti yaratilgan. Hozirgi kunda ham shahar landshaft arxitekturasini yaratishda, ko`kalamzorlashtirishda qo`llaniladigan iqlimning noqulay sharoitlariga moslashgan istiqbolli o`simliklar ustida tadqiqotlar olib borish Botanika bog`ining muhim vazifalari qatoridan joy olgan. 1943-yilda asos solingan Toshkent Botanika bog`i dunyoning turli mintaqalaridan iqlimlashtirish uchun keltirilgan o`simliklarning mahalliy tuproq iqlim sharoitiga moslashtirish, O`zbekiston sharoiti uchun moslashgan ko`kalamzorlashtirish uchun istiqbolli o`simliklarni urug`dan va vegetativ ko`paytirish, dorivor o`simliklar va Respublikamizdagi xo`jalik uchun ahamiyatli daraxt va o`t o`simliklarni o`rganish bilan shug`ullanadi. Botanika bog`i o`z faoliyati davomida daraxt va butalarning 2000 dan ortiq tur va formalari, 900 dan ortiq o`t o`simliklar, 2100 dan ortiq manzarali gullarning nav va formalari, yopiq grunt sharoitida 950 dan ortiq tropik va subtropik o`simliklar ustida introduktsion tadqiqotlar olib bordi. Botanika bog`i tirik tabiat muzeyi hisoblanib, tashrif buyuruvchilar o`simliklar olami bilan tanishibgina qolmasdan, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo`lishni ham o`rganadigan joy xisoblanadi. Botanika bog`idagi ekskursiya yo`laklarining uzunligi 10 km. dan ortiq bo`lib, O`zbekistondagi etakchi ilmiy-ma`rifiy muassasalardan biri sanaladi. Bog`da O`zbekiston tabiiy florasiga mansub o`simliklar genofondini saqlab qolish, noyob va yo`qolib borayotgan o`simlik turlarini introduktsiya qilish va iqlimlashtirish, noyob va kamayib borayotgan o`simliklarning morfo-anatomik xususiyatlarini o`rganish asosida ulardagi moslashuvchanlik qonuniyatlarini o`rganish, tabiiy va introduktsiya sharoitida o`simliklarni tirik kollektsiyalarini saqlab qolish, boshqa ilmiy, xo`jalik, madaniy-estetik ahamiyatga ega o`simliklarni tadqiq etish va ilmiy-pedagogik, ma`naviy-ma`rifiy ishlarni amalga oshirish ishlari olib boriladi. Bu ishlar natijasida manzarali o`simliklarning madaniy areali kengayib boradi. Botanika bog`ida istiqbolli manzarali, dorivor, xo`jalik uchun ahamiyatli o`simliklarni ko`p miqdorda ko`paytirish orqali olingan natijalar shaharlar va aholi punktlarini ko`kalamzorlashtirishda keng qo`llanilmoqda.

Botanika bog`ida introduktsiya qilingan va iqlimlashtirilgan noyob va endem, xo`jalik uchun ahamiyatli o`simliklar ustida olib borilgan amaliy tadqiqotlar natijasida turli ishlanmalar amaliyotga joriy qilinmoqda.

Botanika bog`ining faoliyati, strategik maqsadi va tashkiliy tuzilmasi

Botanika bog`i o`zining yarim asrdan ortiq davom etgan tarixida nafaqat O`zbekiston, balki butun O`rta Osiyo botanika fanining rivojiga o`zining sezilarli hissasini qo`shib kelmoqda. Necha o`n yillar davomida dorivor va manzarali introdutsentlarning iqlim sharoitiga moslashishi ustida turli yo`nalishlarda tadqiqotlar olib borildi. Botanika bog`ining asosiy faoliyati o`simliklar olamida biologik xilma-xillikni saqlab qolish muammolarini hal qilshdan iborat bo`lib – har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ustuvor yo`nalishlardan biri sanaladi. Ayni damda atrof muhitga texnogen va antropogen omillarning ta`siri natijasida o`simliklar sonining kamayib borishi, o`simliklar genofondining tiklanib bo`lmas darajada qisqarib borayotgani bugungi kunning o`tkir muammosiga aylanib bormoqda. Bu muammolarni hal qilish uchun O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga yangi o`zgarishlar kiritildi. Bular jumlasiga 2016 yilning 21 sentyabrida qabul qilingan “O`simliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunda tabiatning biologik xilma-xilligini saqlab qolish, yo`qolib ketish havfi mavjud bo`lgan o`simliklar genofondini muhofaza qilish, mamlakat hududida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni yaratish va kengaytirish, o`simliklar olamidan samarali foydalanish sohasidagi qonunchilik munosabatlarini tartibga solish taklif qilindi. Botanika bog`i ilmiy xodimlari tomonidan: - o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirishning nazariy va terminologik asoslashda turkum komplekslari metodi ishlab chiqildi; - qimmatli em-xashak, dorivor va ozuqabop istiqbolli yovvoyi o`simliklarning 40 dan ortiq turi madaniylashtirildi; - manzarali o`simliklarning dunyo amaliyotida qiyosi yo`q, mintaqa sharoitiga moslashgan yangi gibridlari va formalari yaratildi (yukka, gibiskuslar, katalpalar, na`mataklar, liliyalar). Ko`kalamzorlashtirish uchun manzarali daraxt va butalarning 200 dan ortiq turi joriy qilindi. Botanika bog`ining asosiy strategik maqsadini amalga oshirishda quyidagi vazifalarni hal qilish lozim bo`ladi: - o`simlik resurslaridan samarali va barqaror foydalanish chora-tadbirlarini aniqlash, noyob va endem o`simliklarni saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish; - lokal va boshqa mintaqalar florasidagi o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishning nazariy asoslarini qabul qilish, yovvoyi turlarning respublikamizning turli xo`jalik tarmoqlarida qo`llanilishini joriy qilish; - genetik xilma-xillikni saqlab qolishning metodik asoslarini tabiiy sharoit (in-situ) bilan bir qatorda botanika bog`i kollektsiyalarida (ex-situ) sharoitlarida rivojlantirish va kelgusida ularni tabiiy sharoitga reintroduktsiya qilish; - botanika va ishlab chiqarishning turli sohalarida fundomental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish; - o`z yo`nalishi bo`yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni yanada yuqori darajalarda davom etdirish. Botanika bog`ining asosiy ilmiy tarkibini laboratoriya mudirlari tomonidan boshqariladigan ilmiy laboratoriyalar, o`simliklar ekspozitsiyalarining kuratorlari va O`zbekiston Respublikasi va xorijdagi oliy ta`lim muassasalarining tegishli tarmoqlardagi kafedralari bilan hamkorlik asosida tayyorlangan malakali yosh mutaxassislar tashkil qiladi. Botanika bog`i faoliyati Direktor, umumiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari, laboratoriya mudirlari, ma`muriyat shtat birliklari va texnik personal orqali amalga oshiriladi.


Botanika bog`i rivojlanish dasturini amalga oshirish mexanizmlari

Botanika bog`ida ilmiy faoliyatni olib borish asosan byudjet mablag`lari hisobiga amalga oshiriladi. Bundan tashqari asosiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib davlat dasturlarini amalga oshirish fundomental va amaliy loyihalar orqali bajariladi. Fundamental va amaliy dasturlar dunyo botanika fani va O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati va ushbu dastur talablaridan kelib chiqib, o`simliklar bioxilma-xilligini saqlab qolish sohasida o`z rejalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ushbu dasturni amalga oshirishning muhim tarkibiy qismi sifatida yosh malakali mutaxassislarni tayyorlash va Botanika bog`ida amalga oshirilayotgan natijalarni o`quv jarayonida tadbiq qilish maqsadida O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarining shu yo`nalishdagi kafedralari bilan hamkorlik olib boradi. Natijalarni amaliyotga joriy qilish biologik xilma-xillikni saqlab qolish sohasida ish olib boruvchi davlat va jamoatchilik tashkilotlari yuilan hamkorlikni yo`lga qo`yish orqali amalga oshiriladi, olingan ilmiy ishlanmalar va olingan natijalar tabiatni muhofaza qilish faoliyatining aniq yo`nalishlarida qo`llaniladi. Dunyo ilm-fani bilan integratsiyani shakllantirish vazifasi, o`simliklar hilma-xilligi yo`nalishida izlanishlar olib boradigan etakchi ilmiy markazlar bilan halqaro hamkorlikni yo`lga qo`yish orqali amalga oshiriladi. Halqaro aloqalarni yuqori darajadaligi Botanika bog`ining ushbu dasturini amalga oshirishda bosh mezonlardan biri sanaladi.

Botanika bog`i faoliyatidagi muhim vazifalar

Botanika bog`i faoliyatidagi ustuvor yo`nalishlar quyidagicha: O`simlik resurslaridan samarali foydalanishni kompleks o`rganish, Respublikamiz iqlim hududlariga mahalliy va xorijdan keltirilgan istiqbolli o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirish usullarini ishlab chiqish, O`simliklar olamining va O`zbekiston florasining noyob, endem o`simliklarini saqlab qolishning samarali usullarini yaratish bo`yicha izlanishlar olib borish. Botanik fanlarning tegishli yo`nalishlari: introduktsiya, akklimatizatsiya, genofondni saqlash, morfologiya, biotexnologiya. Bu yo`nalishda quyidagi ishlar olib boriladi: - bioxilma-xillik sohasida olib borilayotgan milliy va halqaro loyihalarga ekspert xulosalari berib borish, o`simliklar olamini himoya qilish borasida olib borilayotgan barcha ilmiy amaliy dasturlarda faol ishtirok etish va ilmiy baholab borish; - iqtisodiy-xo`jalik jihatdan ahamiyatli o`simlik turlarini ko`paytirish agrotexnikalarini ishlab chiqiladi va ularni madaniylashtirish (ishlab chiqarish plantatsiyalari yaratish orqali) ustida tajribalar olib boriladi, bundan tashqari dorivor o`simlik xom ashyolarini uzluksiz etkazib berish jarayonida o`simliklarning tabiiy populyatsiyalariga zarar keltirmaslik chora-tadbirlarini ishlab chiqiladi; - lokal va boshqa mintaqalar floralaridan keltirilgan o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirishning yangi nazariy asoslari amaliyotda qo`llaniladi, mahalliy floraning yovvoyi o`simlik turlarini xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida samarali qo`llanilishini amalga oshiriladi; - kamyob va yo`qolib borayotgan o`simliklarning tabiiy sharoitda saqlab qorishning metodik asoslari rivojlantiriladi (in-situ) va ularning botanika bog`ida kollektsiyalari yaratiladi (ex-situ), kelgusida o`simliklarni O`zbekistonning tabiiy sharoitlariga reintroduktsiya qilish maqsadida ularni urug`dan va vegetativ ko`paytirish metodlari ishlab chiqiladi; - O`zbekistonning noyob va yo`qolib borayotgan o`simlik turlarini saqlab qolish uchun yuqori moslashuvchanlik imkoniyatiga ega namunalar olish maqsadida, biotexnologiya metodlarini qo`llash orqali amaliy introduktsiya sohasi rivojlantiriladi (in-vitro); - o`simliklarning morfologik, anatomik, bioekologik xususiyatlari tadqiq qilinadi va noyob, yo`qolib borayotgan o`simliklarning Botanika bog`i sharoitiga molashuvchanligi qonuniyatlari aniqlanadi; - MDH ning etakchi botanika bog`lari bilan istiqbolli turlar urug`larini almashishi uchun aloqalar yo`lga qo`yiladi va o`quv-pedagogik, ilmiy-ma`rifiy ishlar davom etdiriladi.


Adabiyotlar[tahrir]

  • Oʻktam Pratov, Ozodbek Ashurmetov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Institut arxividan. Toshkent, 2018-yil