Kontent qismiga oʻtish

Abduvosiq Muhamedov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Abduvosiq Muhammedovdan yoʻnaltirildi)
Abduvosiq Muhammedov
Tavalludi 1905-yil
Vafoti 1938-yil 5-oktyabr
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Sharq mehnatkashlari kommunistik universiteti
Leningrad arxitektura instituti
Kasbi Arxitektor-injener
Faoliyat yillari 1920-1938
Turmush oʻrtogʻi Matluba Muhammedova
Otasi Abdushukur Toshmuhammad oʻgʻli
Onasi Oyimchabibi

Abduvosiq Muhammedov (1905-yil, Toshkent — 1938-yil 5-oktyabr, Toshkent) — XX asr oʻzbek maʼrifatparvarlaridan. Toshkent viloyati komsomolida tashkilotchi. 1938-yil qatagʻon qurboni boʻlgan.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abduvosiq Muhammedov 1905-yilda Toshkent shahrining Shayx Hovandi Tohur dahasi, birinchi Mergancha mahallasida tugʻilgan. Otasi Abdushukur Toshmuhammad oʻgʻli bogʻbon oilasidan chiqqan. U 1900—1905-yillarda Fargʻona shahrida Jamurzaqov savdo idorasida, 1906—1914-yillarda toshkentlik savdogar Abdurasul Mavlonqoriyevning savdo manufakturasida, 1914—1917-yillarda esa Fargʻona shahrida Ahmedovning savdo idorasida ish yurituvchi boʻlib xizmat qilgan.

Abduvosiq Muhammedov 1917-yilgacha eski usul va jadid (yangi usul) maktablarida tahsil olgan. 1918—1919-yillarda Toshkentdagi Munavvarqori Abdurashidxonovning „Namuna“ maktabida oʻqigan. Abduvosiq Muhammedov 1919-yil oxirida maktabni tugatib, 1920-yildan komsomol tashkilotiga aʼzo boʻlib kiradi. U Toshkentning eski shahar komsomolida tashkilotchi sifatida ish boshlaydi. A.Muhammedov tahsilni davom ettirish maqsadida Toshkent shahridagi ishchi fakultetiga oʻqishga kiradi. Biroq, oʻqish sharoitidan koʻngli toʻlmaydi va oʻqishni tashlab "Chigʻatoy gurungi" tashkilotida faol harakat olib boradi. Shu bilan birga Turkbyuroning nashriyot boʻlimida musahhih sifatida faoliyat olib boradi.

A.Muhammedov keyinchalik Moskvadagi Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetda taʼlim oladi[1]. 1924-yil noyabrda oʻqishni muvaffaqiyatli tugallab, Toshkentga qaytib keladi. 1925-yilning mart oyigacha Toshkent viloyati komsomolida tashkilotchi, soʻng 1926-yil 15-iyungacha mas’ul kotib lavozimida ish olib boradi.

1927-yil iyul oyida A.Muhammedov partiya yoʻllanmasi bilan Andijon viloyatiga yuboriladi. U Oyim tumanida yer islohotlarini oʻtkazish ishlariga jalb etiladi. 1928-yil sentyabrda Leningrad arxitektura institutining arxitektor-injener fakultetiga oʻqishga kiradi. U toʻrt yillik Leningraddagi tahsildan soʻng Toshkentga qaytib, VKP (b) Oʻrta Osyo byurosi qarori bilan Oʻzbekiston davlat plan qoʻmitasi Prezidiumi aʼzosi etib saylanadi.

1937-yil 21-oktyabr kuni ishdan chetlatiladi.

1938-yil 5-mart kuni A.Muhammedovga Toshkentdagi teatr qurilishida katta miqdordagi davlat pulini oʻmarish aybi qoʻyiladi. Sud 5-oktyabr kuni soat 09:00 dan 09:15 gacha oʻtkaziladi va oliy jazoga hukm qilinadi. Hukm oʻsha kuniyoq ijro qilinib, otib tashlanadi. 1938-yil 17-yanvar kuni A.Muhammedovning turmush oʻrtogʻi Matluba Muhammedova ham qamoqqa olinadi. 1938-yil 17-may kuni Toshkent viloyat sudi Matluba Muhammedovani 10 yilga qamoqqa hukm qiladi. U Sibirning Usolskiy lagerida jazoni ijro etadi[2].

1956-yil 28-noyabrida Abduvosiq Muhammedov oqlanib, 1938-yil 5-oktyabrda chiqarilgan „uchlik“ qarori bekor qilinadi. 1956-yil 14-dekabrda A.Muhammedovning oqlangani toʻgʻrisida yaqinlari xabardor qilinadi[3].

  1. Bahrom Irzayev. Turkiston jadidlarining Ko'mak tashkiloti. Toshkent islom universiteti 2016 — 8-bet. ISBN 978-9943-4825-0-0. 
  2. „Шеъри учун қатағонга учраган ўзбек қизи. Матлуба Муҳаммедованинг аянчли қисмати ҳақида“. xabardor.uz. Qaraldi: 26-iyun 2023-yil.
  3. Б. Ҳасанов. Tarixning noma'lum sahifalari. 7-kitob. Toshkent islom universiteti 2018 — 139-bet. ISBN 978-9943-4964-4-6.