Zuxeyr ibn Abu Sulma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Zubiyan va abs qabilalari o‘rtasidagi urush davrining taniqli shoirlaridan yana biri Zuxeyr ibn Abu Sulma (530–627) bo‘lgan. Ushbu tinchlikparvar shoirning asarlarini o‘rta asr arab tanqidchiligi qadimgi arab she’riyatining eng ajoyib namunalariga kiritgan. Shoir abs va zubiyan qabilalari kelib chiqqan gatafan qabilasining vakili bo‘lgan. Zuxeyr shoirlik hunarini arab tilshunoslari alohida (ausiy) she’riy maktabning asoschisi deb hisoblovchi Aus ibn Hujra rahbarligida o‘rgangan.

Zuxeyr – tipik badaviy shoir. Uning ijodi yuksak qabilaviy ko‘tarinkilikka to‘la. Zuxeyr o‘z qabilasi qudratining tiklanishi haqida orzu qilib, butun ijodi bilan absiylar va zubiyanlarni yarashtirishga intilgan, chunki o‘z qabilasi ojizlashganligining sababini shoir aynan shunda ko‘rgan.

She’riy rivoyatga ko‘ra, abs va xazar – zubiyanlarning qardosh qabilalar o‘rtasida o‘tkazilgan ot poygasida absiylar dohiysi Kays ibn Zuxeyr Daxis laqabli toyni, Xazar qabilasining hukmdori Xuzeyfa ibn Badr esa al-Gabra laqabli biyani poygaga qo‘ygan. Xazariylar g‘alabaga erishish uchun pistirma qo‘yib, Daxisni cho‘chitib yuborganlar va marraga birinchi bo‘lib al-Gabra yetib kelgan. Biroq Xuzeyfa mukofot tariqasida yuzta tuya talab qilganida, Kays buni rad qilgan. Bu esa urush boshlashga bahona bo‘lgan. Ushbu urush «Daxis va al-Gabra urushi» nomini olgan va afsonaga ko‘ra, 40 an’anviy yil davom etgan.

Zuxeyr she’riyatida madhiya markaziy o‘rin tutadi, biroq ularda shoir dunyodagi kuchli shaxslarni emas, balki o‘z faoliyati bilan qadrdon qabilasining farovonligiga xizmat qilgan hamda tinchlikparvarligi, saxiyligi va boshqa badaviylar uchun an’anaviy bo‘lgan ezguliklar bilan shon topgan shohlarni ulug‘lagan. Xususan, Zuxeyrning mualaqasi zubiyanlik ikki nafar taniqli shaxs – rivoyatga ko‘ra, qabilalar o‘rtasida tinchlik o‘rnatish maqsadini qo‘ygan hamda xun talablarga o‘z mulkidan uch ming tuyadan iborat ulkan tovon to‘lagan Xarim va Xarisni maqtashga bag‘ishlangan:

Qasamki, siz ikki janob qanchalar oliyjanob ekansiz,

Har qanday holatda – oddiy tugunmi yoki chigalmi?

Siz aytdingiz: agar har tomonlama sulxga erishsak,

Boylik, hayrli so’z yordamida, qutulib qolamiz.

Shoir o‘z muallaqasida urushni va qabilani urushga tortganlarni qoralaydi, tinchlikka rioya etishga va yomonlikni unutishga chaqiradi. U urushni qabilalarni maydalab tashlovchi tegirmon toshiga o‘xshatadi. O‘z dalillarini obrazli shaklga kiritib, ayni vaqtda u o‘z qasidasini «tartibga keltiradi», uni aniq-ravshan va mantiqan izchil qiladi, barcha qismlarini yagona umumiy g‘oyaga bo‘ysundiradi. Kompozision jihatdan, Zuxeyrning muallaqasi Imru ul-Kays yoki Tarafa muallaqalariga qaraganda yaxlitroq asardir.

Ayni vaqtda Zuxeyrning muallaqasida Imru ul-Kays asarlariga xos tiyraklik va shiradorlik yo‘q. Arablar nazdida Zuxeyr mulohazadorlik va ezgulikni, ayni vaqtda Imru ul-Kays va Tarafa esa yengiltaklik va beg‘amlikni ifodalagan.

Hattoki Zuxeyr qasidalaridagi lirik chekinishlar (muqaddima) ham hissiyotning emas, balki aqlning hosilasi; ularning mavjudligi faqat an’ana tufayli bo‘lgan. Shoirning hajviyasi juda tiyilgan va nasihatomuzdir.

Zuxeyr hikmatlarida tushkunlik elementlari ko‘zga tashlanadi. U qabilalararo nizolar, o‘zboshimchalik va adolatsizlik hukmron bo‘lgan dunyoning nomukammalligini keskin his qiladi. Zuxeyr she’rlaridagi achchiq motivlar qabila ideallarining poymol etilishi, bir vaqtlar mavjud bo‘lgan qabilaviy jipslikning buzilishi, patriarxal badaviy axloqning tanazzuli bilan bog‘langan.

Arablarda Zuxeyr tavsiflashning eng zo‘r ustasi hisoblangan. Uning ta’riflari harakatga to‘la, bo‘yoqdor, lo‘nda va aniq. Ularda shoirning she’riy xayolotlari kuchiga qaraganda, uning nihoyatda ajablanarli kuzatuvchanligi ko‘proq namoyon bo‘lgan. Masalan, u yovvoyi eshakni tavsiflaganda lablaridagi yashil maysaning izi singari tafsilotlarni ham ko‘zdan qochirmaydi. Narsa haqida so‘z yuritganda Zuxeyr uning rangi, shakli va nimadan yasalganligini albatta eslatib o‘tadi. U doimo hayotda ko‘rgan narsasini fotosuratdagidek aniq berishga hamda harakat vaqti va joyini ko‘rsatishga urinadi. Ko‘chish jarayonini tasvirlaganda shoir joy relefi, ob-havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida batafsil so‘z yuritadi. Harakat joyi, sharoiti va vaqtini aniq ko‘rsatishda arablarda tarixiy tafakkurning yuzaga kelayotganligini ko‘rish mumkin.

Zuxeyr metafora usulidan mahorat bilan foydalangan. Masalan, tinchlik elchisi Xarimni ulug‘laganida va uning ko‘z yoshlarini tavsiflaganda, Zuxeyr uning ko‘zlarini suv to‘ldirilgan chelaklarga qiyoslaydi va shu joyning o‘zida ushbu chelaklarni olib ketayotgan tuyani, tuya egasini (haydovchini), u chelakdagi suvni to‘kayotgan irmoqlarni hamda cho‘kishdan qo‘rqib suvdan sakrab chiqayotgan qurbaqalarni ham tasvirlaydi.

O‘rta asr arablari Zuxeyr ijodini yuksak qadrlaganlar va uni islomgacha bo‘lgan davrdagi eng ajoyib shoirlardan biri deb hisoblaganlar.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mumtoz arab adabiyoti, Muallif: M.Ziyavuddinova