Yadro fizikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yadro fizikasi — fizikaning atom yadrosi tuzilishini va ularning xossalarini, radioaktiv yemirilish va yadro reaksiyasi mexanizmini oʻrganuvchi boʻlimi. "YA.f." atamasiga umumiy maʼno berib, Ya.f.ga koʻpincha elementar zarralar fizikasi ham kiritiladi. Baʼzan texnikaning mustaqil tarmoqlariga aylangan tadqiqot yoʻnalishlari, mas, tezlatish texnikasi (q. Tezlatkichlar), yadro energetikasi ham Ya.f. boʻlimlari hisoblanadi. Umuman Ya.f. atom yadrosi mavjudligi aniqlanishidan avval paydo boʻlgan. Ya.f.ning paydo boʻlishi radioaktivlik kashf qilingan vaqtdan hisoblanadi.

Zamonaviy Ya.f. tor soha va yoʻnalishlarga aniq boʻlinmagan. Odatda, past, oraliq va yuqori energiyalar Ya.f. farqlanadi. Past energiyalar Ya.f.ga yadro tuzilishi masalalari, yadrolarning radioaktiv yemirilishini oʻrganish, shuningdek, energiyasi 200 MeV gacha boʻlgan zarralar keltirib chiqaradigan yadro reaksiyalarini oʻrganish kiradi. Energiyasi 200 MeV dan 1 GeV gacha boʻlgan energiyalar oraliq energiyalar deb, 1 GeV dan katta energiyalar yuqori energiyalar deb ataladi. Bunday boʻlinish shartli boʻlib, tezlatish texnikasining rivojlanishi tarixi bilan bogʻliq. Hozirgi zamon Ya.f.da yadro strukturasi yuqori energiyali zarralar yordamida tekshiriladi. Elementar zarralarning fundamental xossalari esa yadrolarning radioaktiv yemirilishini tadqiq qilish natijasida aniqlanadi.

Past energiyalar Ya.f.ning tarkibiy qismi sekin neytronlarning modda bilan oʻzaro taʼsirini va neytronlar taʼsirida boradigan yadro reaksiyalarini tadqiq qiluvchi neytron fizikasidan iborat. Ya.f.ning yangi sohasi koʻp zaryadli ionlar taʼsirida sodir boʻladigan yadro reaksiyalarini oʻrganishdir. Yadrolarning elektronlar va fotonlar bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganish Ya.f.ning alohida yoʻnalishini tashkil qiladi. Ya.f.ning eksperimental vositalari majmui turlituman va murakkabdir. Uning asosini zaryadlangan zarralar tezlatkichlari, yadro reaktorlari, yadro nurlanish detektorlari tashkil etadi. Ya.f.ning amaliy ahamiyati ham juda katta: yadro qurolini yaratish va yadro energetikasida, tibbiyotda (diagnostika va davolashda) keng qoʻllanadi. Oʻzbekiston FA Yadro fizikasi institutit Ya.f.ga doir ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi. Oʻzbekistonda Ya.f. ni taraqqiy ettirishda U.O. Orifov, S.A.Azimov, R.ʼ.Bekjonov, ʼ.S.Yoʻldoshev, M.S.Yunoʻsov, P.Q. Habibullayev va boshqalar olimlarning hissasi katta.