Xorazm (atama)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xorazm atamasining etimologiyasi. Xorazm – tarixiy oʻlka va qadimiy davlat Amudaryo adoqlaridan janubga tomon Murgob va Tajan daryolarining yuqori oqimlarigach choʻzilgan.

Qadimgi Xorazm hududlari shu nomdagi hozirgi viloyat maydonidan ancha keng boʻlgan va Qadimgi Xorazm va Katta Xorazm kabi nomlar bilan taʼriflangan. Xorazm haqidagi ilk maʼlumotlar Avesto, Doro I ning Bixistun bitiklari, qadigi yunon mualliflari (Getakey, gerodot, Strabon va hokazo) hamda X-XIII asrlar arab geograflari (Al-Istahriy, Ibn-Havqal, Al-Muqaddasiy, Yoqut Hamaviy) asarlarida uchraydi.

“Xorazm” atamasi Avestoda “Xvarezm”, qadimiy foriychada “Uvarazmis”, lotinchada “Xorasmiya” va yunonchada “Xorazmiya” deb yuritilgan. Arabcha yozma manbalarda esa bu oʻlka “Xvorazm” talaffuzida tilga olinadi. Uning asl mohiyati esa “xvo” – “goʻsht”, “razm ” – “oʻtin”kabi ikki soʻzdan tarkib topib “Xorazm goʻsht va oʻtinga serob oʻlka” degan maʼnoda qoʻllangan. Maʼlum vaqtdan keyin Xorazmning tarixini har tomonlama chuqur oʻrganish S.P.Tolstov tomonidan boshlangan va “Xorazm” atamasi eroncha “Hurr-xurshed” va “zm-zem” soʻzlari asosida yuzaga kelgan nomning “Quyoshli oʻlka”, “Quyoshli Yer”, “Quyosh(Xalq) yeri” maʼnolarini aytib oʻtadi. Bundan tashqari uning “Ming irmoqli daryo” va “Koʻllar va oʻtloqlarga boy oʻlka” kabi atamalari ham Avestoning “Yasht” qismida aytib oʻtilgan.

Amudaryoning qurib qolgan qadimgi Oqchadaryo adogʻI, Murgob va Tajan daryolari havzalarida qazib olingan miloddan avvalgi VI-V, IV-III, II-I mingyillikning birinchi yarmiga mansub moddiy madaniyat obidalarining tadqiqoti natijalari bilan qadimgi yunon mualliflarining Xorazm haqidagi yozma maʼlumotlari majmuasining qiyosiy tahlilidan maʼlum boʻlishicha, Qadimgi Xorazm hududi tabiiy jihatdan ikki mintaqadan iborat boʻlgan. Uning shimoliy Amudaryo etaklarida son-sanoqsiz sersuv oʻzanlaru shimol va shimoli-sharqqa tomon yastangan keng yaylovlardan iborat pasttekisliklar, janubiy qismida togʻ va adirliklar hamda ulardan boshlangan daryo-jilgʻalar etaklarida yuzaga kelgan hosildor yerlar joylashgan.

“Xorazm” atamasining toponimistik va lingvistik talqinidan aniqlanishicha, mazkur nomning shakllanib tarixda mashxur boʻlishi oʻlka tabiatining quyoshli va yer sathining tekisligi yoki unumdor va unumsizligi, shuningdek, mustahkam mudofaa inshootlari – qalʼalarining sifati hamda ularning xorazmliklarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni bilan uzviy bogʻliqdir.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdullahad Muhammadjonov. Zahar Hakimov. «Moziydan Sado». 4.(44). 2009.