XIV–XVI asr o‘rtalarida Janubiy va G‘arbiy Hindiston

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bahamoniylar davlati.

Dekan uzoq vaqt Dehli saltanati tarkibida bo‘lgan. Sulton Muhammad Tug‘loq Janubiy Hindistondan chiqib ketishi bilanoq isyonkor amirlar harbiy boshliqlaridan biri bo‘lmish Abul Muzaffar Aloviddin Bahmo–niyni (1347–1358 yy.) mustaqil sulton deb eʼlon qildilar. U bahamoniylar sulolasiga asos soldi. Bahamoniylar davlati kuchga to‘lgan pallada uning hududi g‘arbda Arab dengizi, sharqda Orissagacha cho‘zilgan edi. Uning shimoliy chegarasi Tapti daryosi, janubi Krishna va Tungabxadra daryolariga qadar yoyilgan. Bu davlatning janubida Bijonagar joylashgan bo‘lib, unga chegaradosh hosildor Raychur vodiysini egallash bahamoniylar ko‘p yillar mobaynida urush olib bordilar. Aloviddin janubda muvaffaqayatli urushlar qildi. U davlatni to‘rtta noiblikka ajratdi: Gulbarga, Davlatobod, Bidor va Beror shaharlari. U poytaxt qilib Gulbarga shahrini tanladi.

Mamlakatda ikki musulmon feodal guruhi – dekaniy (azaldan Dekanda yashovchi musulmon avlodlari) va ofoqiy (Eron va boshqa mamlakatlardan kelgan begonalar) o‘rtasida kurash boshlandi. Bu kurashning avj olishida diniy omil ham muhim rol o‘ynadi, chunki ofoqiylar asosan shia, dekaniylar esa sunniy mazhabiga mansub edilar.

Keyingi sulton qahri qattiq Ahmadshoh Bahmoniy (1422–1435 yy.) Bijonagar yerlarini ayovsiz talab, hindu aholisini tig‘dan o‘tkazdi. U poytaxtni Bidorga ko‘chirdi.

Bahamoniylar davlati.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mahmud Xovan (1446–1481 yy.) Bosh vazir bo‘lgan paytda davlat rivoj topdi. U Malva va Konkandagi ko‘plab hindu xonlari ustidan g‘alaba qozonib, o‘zining boyliklari bilan mashhur bo‘lgan Kanchidagi hindu ehromini talon-toroj qildi va Goani zabt etdi. Ammo u ofoqiylardan edi. Shu sababli dekaniylar unga qarshi fitna uyushtiradilar. Mahmud Xovan hech qanday aybi yo‘qligini sultonga uqtirishga urindi, ammo iltijolari behuda ketdi va oqibatda sulton tomonidan qatl etildi. Zero, Mahmud Xovanning nihoyatda boyib ketishi xonga ham xush kelmagan edi. Aynan shu davrda Rossiyaning Tver shahridan savdogar va sayyoh Afanasiy Nikitin Bidorga safar qilib, bahamoniylarning katta armiyasi, zoda­gonlarning hashamatli hayot kechirishi, aholining esa kambag‘alli­gini yozgan edi. U «Uch dengiz osha sayohat» nomli asarida «Zaminning aholisi ko‘p, qishloq odamlari juda qashshoq, zodagonlari esa nihoyatda boy va dabdabali hayot kechiradi” deb taʼriflagan edi.

Feodallarning o‘zaro nizolari davlatni zaiflashtirdi va XVI asrda Ahamoniylar imperiyasi parchalanib ketdi. 1490 yilda Bijopur mustaqillikni qo‘lga kiritdi, bu yerda Odilshoh hukmronlik qila bosh­ladi. Ko‘p o‘tmay Beror va Ahmad­nagar ajralib chiqdi. U davrda Nizomshoh sulolasi hukm surardi. 1512 yilda Qutbshohlar sulolasi boshchiligida Golkonda mustaqillikka erishildi. 1525 yili Ahamo­niylarning so‘nggi sultoni Bijopurga qochib ketdi. Qosim Barid degan bir kimsa o‘zini Bidorning hukmdori deb eʼlon qildi.

Ahamoniylar davlati parchalangach, uning o‘rnida beshta xonlik (Bijopur, Golkonda, Axmadnagar, Bidor va Beror) vujudga keldi. Bularning ichida eng yirigi Bijopur edi. SHu paytdagi Dekan tarixi haqida gapirganda, bu xonliklarni Bijonnagar bilan o‘zaro urushlari xususida to‘xtalish zarur.

1505 yili Dekan davlatlarining barchasi Bijonagarga qarshi ittifoq tuzdilar. Krishna daryosi bo‘yidagi Talikot yonidagi jangda Bijonagar armiyasi mag‘lubiyatga uchradi. Natijada imperiya parchalanib ketdi. Besh yildan so‘ng Bijopur yana ittifoq tuzdi. Bu gal ittifoq Ahmadnagar va Olikot bilan portugallarga qarshi qaratilgan edi. 300 ming kishilik hind armiyasi bir necha ming kishilik ganizon joylashgan portugal shaharlari Goa va Chaulni qamal qildi.

XVI asr oxirida Dekanga boburiylar yurish boshladilar.

Bijonagar davlati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlat XIV asrning 70-yillarida Bijonagar hududi Hindistonning deyarli butun janubini qamrab oladi. Keyinchalik u Ahamoniylar saltanati bilan to‘qnashib, bu saltanat parchalanganidan so‘ng Dekan xonliklari bilan urush olib boradi. Ammo 200 yil mobaynidagi uzluksiz urushlarga qaramasdan Bijonagarning chegaralari deyarli o‘zgarmaydi.

1486 yilda feodal nizolar hamda Ahamoniylar qo‘shini va Orissa hukmdorining Bijonagarga qilgan g‘olibona yurishi natijasida Bijonagarda Sangam sulolasi qulatiladi va o‘rniga Bijonagar lash­karboshilaridan biri Narasimxa Saluvani taxt­ga o‘tiradi. Bijonagar qo‘ldan ketgan yerlarini katta qismini qaytarib oladi, ammo o‘g‘illari hukmronligi davrida tarix yana qaytariladi. Lashkarboshi Vira Narasimxa bu sulolani ag‘­darib, 1505 yili Tuluva sulolasiga asos soladi. Uning ukasi Krishna Devarayya (1509-1520 yy.) hukmida Bijonagar qudrati avjiga chiqadi. Krishna Devarayya mamlakatning maʼmuriy bo‘linishini amalga oshiradi va soliq ishini yo‘lga qo‘yadi. Inʼom qilingan daromadli yerlardan olinadigan soliqlarning miqdori oshiriladi. Portugallar bilan aloqalar yaxshilanib, ular yordamida Eron va Arabistondan otlar keltiriladi. Holbuki, portugallar Dekan saltanatlariga ot keltirishni cheklab qo‘ygan edilar. Hind armiyasining jangovar qismini otliq askarlar tashkil qilganligi bois bu Bijona­garning g‘alaba qozonishiga qo‘l keladi. Hindiston musulmon sulolalari ilgari otlarni Arabiston va Eron kabi musulmon va do‘st mamlkatlardan olar edilar. Hind okeani va Fors ko‘rfazida portugallar hukmronligining o‘rnatilishi vaziyatni o‘zgartiradi. Endi otlar bilan savdo-sotiq qilish portugallarning ixtiyorida edi.

Bijonagar imperiyasi anchagina markazlashgan davlat edi. Davlat boshlig‘ini maxaraja deb atalardi. Lekin hokimiyat­ning jilovi ko‘­pincha uning vaziri maxapradxana qo‘lida bo‘lar­di. Maxaraja huzurida davlat kengashi bo‘lib, unda saroy aʼyonlaridan bo‘lak yirik feodallar va savdogarlar jamoasi vakillari qatnashardi. Viloyat noiblari bevosita maxapradxanaga bo‘ysunar edilar. Ayirmachilik (separatizm)ga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida noiblarni har ikki-uch yilda almashtirib turishardi. Ular davlat yerlaridan yig‘ilgan yer solig‘i hamda feodal yerlari – amarayaklar va vassal xonlardan boj yig‘ishar edi. SHuningdek, ular o‘z foydalariga ham uncha-muncha o‘lpon yig‘ish huquqiga ega edilar. Viloyatlar hukumat amaldorlari boshqar­gan okruglarga bo‘linardi.

Davlat yerlari – amaram shartli ravishda harbiylarga berilardi. Uni iqta yerlaridan farqi shundan iborat ediki, dehqon­lardan olinadigan soliq miqdorini o‘zlari belgilar, o‘z yerlarini o‘zlari sotishga haqli edilar. Odatda bunday yer egalari – amaranayak harbiy qo‘shinlarga zarur bo‘lgan xarajatlarni ko‘zda tutgan daromadning 1/3 qismini xazinaga topshirar edilar. Qoidaga ko‘ra amaranayak yerlari vorisiy emas, ammo amalda u doimo nasldan naslga o‘tardi.

Yirik xususiy feodallar egaligining yana biri ehromlar edi. Ular ko‘pincha katta viloyat (okrug)ning iqtisodiy va madaniy markaziga aylanardi. Ehromlarda ziyoratchilar to‘planishar­, yarmarkalar o‘tka­zilardi. Ehromlar atrofiga hunarmandlaru savdogarlar manzilgoh qurishardi. Hunarmandlarning bir qismi ehromda xizmat qilib, buning evaziga natura holida maosh oli­shar, ehromga tegishli yerdan ham bahramand bo‘li­shar edi. Bu yerlar nasldan naslga o‘tar edi.

XIV asr o‘rtalaridan boshlab davlatdagi barcha to‘lovlar pul hisobida to‘lanadigan bo‘ldi, shu bois dehqonlarning soliq to‘­lash imkoniyati qiyinlashdi. Oqibatda bir qancha jamoalar qishloq yer­larining bir qismini sotishga majbur bo‘ldi, yoki yangi joylarga ko‘chib ketdilar.

Jamoa aʼzolari bu vaqtga kelib o‘z haq-huquqlaridan mahrum bo‘la boshladilar. Jamoa aʼzolarining talaygina qismi to‘la huquqqa ega bo‘lmagan ijaradorlar (payyakari)ga aylandilar. Albatta, bunday arayon norozilik keltirib chiqa­rib, dehqonlar qishloqlardan qochib ketishardi. 1379, 1506 va 1551 yillarda dehqon qo‘zg‘olonlari bo‘l­ganligi haqida maʼlumotlar bor.

Mamlakatning hukmron doiralari boyib ketishdi. Bu o‘lkaga sayohat qilganlar poytaxt shah­rining ulug‘vorligi, uni yettita baland devor bilan mustahkam­langani, shahar bozorlarining mo‘l-ko‘l va to‘kinligini ko‘rib hayratda qolishar edi. Biroq dehqonlar nochor edi­lar, ular amaranayak yerlaridagi hosilning 9/10 qismini to‘lashar, amaranayaklar esa daromadning 1/3 va ½ qismini hukmdorga berar edilar.

Maxaraja Krishna Devarayya vafotidan so‘ng mamlakatda uning ukasi Achʼyuta Krishna Devarayya (1530-1542 yy.), so‘ng uning aʼyonlaridan Rama Rayya hukmronlik qiladi. Bijonagarga qarshi Dekan sultonlari birlashib, 1565 yilda Fama Rayyani mag‘lub etadilar. SHundan keyin Bijonagarning parchalanishi boshlanadi.

Аdabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Alaev L. B., Vigasin A. A., Safronova A. L. Hindiston tarixi. - M .: Bustard, 2010. - 544 b. - (Oliy ma'lumot). — ISBN 978-5-358-04667-2
  • Antonova K. A., Bongard-Levin G. M., Kotovskiy G. G. Hindiston tarixi. - 2-nashr, tuzatilgan. va qo'shimcha - M.: Fikr, 1979. - 608 b. - 22 000 nusxa. (1-nashr - 1973)
  • Bongard-Levin G. M., Ilyin G. F. Antik davrda Hindiston. - M .: Nauka, Sharqning asosiy nashri. adabiyot, 1985. - 758 b.
  • Bongard-Levin G. M. Qadimgi Hindiston sivilizatsiyasi: tarix, din, falsafa, epos, adabiyot, fan, madaniyatlar uchrashuvi. - M .: IF "Sharq adabiyoti" RAS, 2007. - 494 b.: kasal.
  • Basham A. L. Hindiston bo'lgan mo''jiza / Per. ingliz tilidan. Ed. G. M. Bongard-Levina. - M .: Nauka, Asosiy nashr. sharq adabiyoti, 1977. - 616 b.: kasal. - (Sharq xalqlari madaniyati).