Vasvi Abduraimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vasvi Ennanovich Abduraimov

Vasvi Abnduraimov, 2014-yil
Tavalludi 1954-yil 18-oktyabr
Fuqaroligi SSSR, Ukraina va Rossiya
Taʼlimi Farg‘ona davlat pedagogika instituti (1976-yil)
Kasbi siyosatchi, universitet oʻqituvchisi
Turmush oʻrtogʻi Abduraimova Asie Osmonovna
Bolalari Dikaya Fevziye Vasviyevna (qizi)
Abduraimov Edem Vasviyevich (oʻgʻli)
Mukofotlari fizika-matematika fanlari nomzodi

Vasvi Ennanovich Abduraimov (qrim tatarcha: Vasvi Ennan oğlu Abduraimov, Васви Эннан огълу Абдураимов; 1954-yil 18-oktyabr, Fargʻona viloyati, Oltiariq tumani, Tinchlik) — rus siyosatchisi, Qrimtatarlar milliy harakatining taniqli faol shaxslaridan biri, „Milli Firka“ Keneshi (Kengash)[1] raisi.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vasvi Abduraimovning ota-onasi barcha Qrimtatar xalqi bilan birgalikda 1944-yilning 18-may sanasida Qrimdan Fargʻona viloyatiga deportatsiya qilingan. Abduraimov 1954-yilning 18-oktyabrida O‘zbekiston SSR Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Hamza shahrida dunyoga kelgan.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1976-yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining[2] fizika-texnika fakultetini „Umumiy texnika va mehnat fanlari“ mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Fizika-matematika fanlari nomzodi, 1987-yilda Leningrad shahridagi A. F. Ioffe nomidagi Fizika-texnologiya instituti ilmiy kengashida „Yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi“ mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Karyerasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1978—1990-yillarda Farg‘ona davlat pedagogika institutida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.

1990-yilning oktyabr oyidan 1991-yilning martiga qadar — Qrim ASSR deportatsiya qilingan xalqlar ishlari boʻyicha qoʻmitasining fuqarolarni oʻz yurtiga qayta yuborish boʻlimi boshligʻi.

1991-yil may oyidan 1997-yil sentyabrgacha — Qrim Muxtor Respublikasi Taʼlim vazirligining bosh mutaxassisi.

1998—1999-yillarda — „Ostrov Krym“ jurnali bosh muharriri oʻrinbosari.

1999—2000-yillarda — „Krym“ jurnali bosh muharriri oʻrinbosari.

2000—2003-yillarda — „Qrim amaliy axborot texnologiyalari markazi“ xususiy korxonasi bosh direktori.

2003—2005-yillarda — V. I. Vernadskiy nomdagi Tauri Milliy Universiteti siyosatshunoslik kafedrasi katta oʻqituvchisi.

2005—2006-yillarda — Qrim muhandislik-pedagogika universitetining matematika kafedrasi katta oʻqituvchisi.

2006—2009-yillarda — „Poluostrov“ haftalik jurnali bosh muharriri[3].

2009-yildan 2013-yilga qadar — „Qrim amaliy axborot texnologiyalari markazi“ xususiy korxonasi bosh direktori.

Ijtimoiy-siyosiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Professor Dilyaver Akmollayev, Prezidentning Qrim federal okrugidagi vakolatli vakili Oleg Belaventsev, Vasvi Abduraimov, Qrim Respublikasi Davlat kengashi raisi Vladimir Konstantinov. 2014-yil may.

1987-yildan — Qrimtatarlar milliy harakati faoli. Yuriy Bekirovich Osmonovning ittifoqdoshi.

2006-yil noyabr oyidan — „Milli Firka“ jamoat tashkiloti aʼzosi.

2008-yil may oyidan 2014-yil iyuliga qadar — „Milli Firka“ Kengashi raisi.

2013-yil yanvar oyidan — Ukraina Prezidenti huzuridagi Qrimtatar xalqi vakillari kengashi raisi oʻrinbosari.

2014-yil iyul oyidan hozirgi kunga qadar — Qrim respublika ijtimoiy-madaniy rivojlanish tashkiloti „Milli Firka“ tashkiloti raisi.

2014-yilda Vasvi Abduraimov Qrimning Rossiya tarkibiga kirishiga ijobiy munosabat bildiradi, Qrimtatarlar muhitida referendumga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha bir qator samarali ishlarni amalga oshiradi. Qrimtatarlar majlisini[4] kuchli tanqid ostiga oladi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukrainadagi Qrimtatarlar uchun „xalqning tiklanishi va uning yanada rivoj topishi uchun hech qanday istiqbol yoʻq edi“[4].

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vasvi Abduraimov uylangan, bir qizi va bir o‘g‘li bor.

Xotini — Abduraimova Asie Osmonovna, 1956-yilda tavallud topgan, pedagog[5].

Qizi — Dikaya Fevziye Vasviyevna, 1978-yilda tugʻilgan, pedagog va iqtisodchi.

Oʻgʻli — Abduraimov Edem Vasviyevich, 1985-yilda tugʻilgan, pedagog, axborot texnologiyalari mutaxassisi[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Кенеш (Совет) Милли Фирка“. 2021-yil 11-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 24-sentyabr.
  2. „Ферганский государственный педагогический институт“. 2019-yil 28-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 24-sentyabr.
  3. „Газета "Полуостров"“. 2021-yil 21-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 24-sentyabr.
  4. 4,0 4,1 „Страшилки, которыми пугали крымских татар, оказались мифом | Milli Firka. Krimskie tatari. Krim“. 2017-yil 17-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 29-iyun.
  5. „Персональный сайт воспитателя общежития“. 2021-yil 11-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 24-may.
  6. „ajat.be.“. 2017-yil 2-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 18-yanvar.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]