Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov
Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov
Turkiston Milliy Majlisi aʻzosi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Toshkent
Vafoti XX asrning 30-yillari

Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov — (?) davlat va jamoat arbobi. Turkistondagi milliy komunistlarning taniqli namoyondalaridan biri. Turkiston Milliy Majlisi aʼzosi.

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov Toshkent shahrida ulamo oilasida tavallud topgan. U dastlab madrasa ta’limini olgach, rus-tuzem maktabida va Rossiya markazidagi oliy o’quv yurtida tahsil oladi.


Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

U faoliyati davomida Toshkentdagi taraqqiyparvarlar harakatiga faol qatnashib kelgan. Qo’qonda bo’lib o’tgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida qatnashgan va Turkiston Milliy majlisi a’zoligiga saylanadi. 1918-yilda Turkiston muxtoriyati tugatilgach, sovet hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Boku shahrida 1920-yil 1-8-sentyabrda bo’lib o’tgan Sharq xalqlari qurultoyida Munavvar Qori, Turor Risqulov, Choʻlpon, Rajab Muhammedov, Qudratulla Yunisiy, Obidjon Mahmudov, Salimjon Tillaxonov, To’roqul Jonuzoqov, Zayniddin Qori Nasriddinov, Hoji Safo Jo’raboyev kabi turkistonlik millat fidoyilari qatorida Toshpo’latbek Norbo’tabekov ham faol qatnashgan[1]. Toshpo’latbek Norbo’tabekov ushbu qurultoyda o’zini chiqishlari bilan sermazmun nutq so’zlaydi. Tarixchi olim Qahramon Rajabov so’zlariga ko’ra u o’z nutqida quyidagicha gapirgan: “Biz ozodlik, tinchlik va birodarlik shiorlari faqat qogʻozda emas, balki hayotda ham amalga oshishini talab qilamiz. Musulmon dunyosining boshqa qismlarida Turkistonda bo’lgan hodisalar qaytarilmasligi uchun men oʻzimizning hokimiyatni ogohlantirib qo’ymoqchiman. Biz uch yil ichida olib borgan siyosatni, undagi xatoliklarni bilamiz va shunday deymiz: “Oʻz ichlaringizdagi aksinqilobchilarni yo’q qiling, milliy kelishmovchilik urug’ini sochayotgan kelgindi unsurlarni yoʻq qiling, kommunizm niqobi ostida ishlayotgan zamonaviy mustamlakachilarni yoʻq qiling”. Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov faoliyati davomida sovet rejimiga qarshi kurashib kelgan va ta’qib va tazyiqlar ostida yashashga majbur bo’lgan. U XX asrning 30-yillarida qamoqqa olinib, otib tashlangan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdullayev R. Raximov M, Rajabov Q va boshqalar. O’zbekiston tarixi (1917—1991) birinchi kitob. Toshkent: O’zbekiston, 2019 — 560 bet. 
  2. Rajabov Q. Turkiston muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis a’zolari hayoti va taqdiri. Toshkent: Bodomzor invest, 2021 — 92 bet.