Sotsiologiya
Sotsiologiya (lot. socius - jamiyat, yun.λόγος (logos) - bilim, ta'lim, tushuncha) — jamiyatning dinamik rivojlanishi haqidagi, jamiyat tarkibiga kiruvchi alohida institutlar, tizimlar, guruhlar va ular orasidagi ijtimoiy munosabatlar to‘g‘risidagi fandir.
XVIII asrda kishilik jamiyati, uning qonuniyatlarini o‘rganuvchi fan sifatida tarix falsafasi shakllandi. Ijtimoiy hayotning murakkablashuvi va ilmiy bilimlarning tabaqalanishi sotsiologiyaning falsafadan ajralib, mustaqil fanga aylanishini muqarrar qilib qo‘ydi.
XIX asrgacha sotsiologiya falsafaning tarkibiy qismi bo‘lib keldi. XVIII-XIX asr klassik falsafasi va adabiyotining ijtimoiy voqelikka noilmiy munosabati sotsiologiyaning fan sifatida shakllanishini taqozo etdi. XIX asr boshlaridan u falsafadan ajralib chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Ushbu asrning 30-yillarida fransuz faylasufi Ogyust Kont «sotsiologiya» atamasini fanga kiritdi. U «Sotsiologiya» fanining asoschisi hisoblanadi.
O.Kontning fikricha, sotsiologiya bir butun organizm hisoblangan jamiyat haqidagi barcha bilimlarni birlashtirish va dalillarni izchil o‘rganish orqali unga ilmiy asos berishi kerak. Shuning uchun ham, sotsiologiya o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:
- jamiyatni bir butun tizim sifatida o‘rganish
- jamiyatni ilmiy vositalar yordamida o‘rganish
- ijtimoiy munosabatlarni o‘rganish
AQShlik sotsiolog N.Smelzer o‘zining «Sotsiologiya» darsligida «Sotsiologiya – jamiyat to‘g‘risidaga fan» ekanligini ta’kidlaydi. O.Kont esa sotsiologiyani «jamiyat to‘g‘risidagi pozitiv fan», deb baholaydi. Fransuz mutafakkiri E.Dyurkgeym esa «Sotsiologiyaning predmeti – ijtimoiy faktlardan iborat» deb bilgan.
Nemis sotsiologi G.Zimmel ta’rificha, «Sotsiologiya xususiy ijtimoiy fanlarning bilish nazariyasidir». Boshqa nemis sotsiologi M.Veberning fikricha «Sotsiologiya ijtimoiy xulq-atvor to‘g‘risidagi fandir». U ijtimoiy xulq-atvorni insoniy munosabatlardan iborat, deb bilgan. Insoniy xulq-atvor esa ijtimoiy mohiyatga ega.
Rus sotsiologi P.Sorokin esa ushbu fanning predmeti – «jamiyat yoki ijtimoiy hodisalardan iborat», deb hisoblaydi. V.Yadovning fikricha esa Sotsiologiya jamiyatning bir butun organizm ekanligini, ijtimoiy muno-sabatlarning bir butunligini o‘rganadi. Sotsiolog G.Osipov «Sotsiologiya» deb nomlangan o‘quv qo‘llanmasida «Sotsiologiya ijtimoiy tizimlarning faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishi to‘g‘risidagi, umumiy va o‘ziga xos ijtimoiy qonun hamda qonuniyatlarning shaxs, ijtimoiy birliklar, sinflar, xalqlar faoliyatida vujudga kelish va amal qilish shakllari to‘g‘risidagi fan», deb ta’riflagan.
Sotsiologiyaiing obyektini jamiyatni boshqaruvchi tafakkur qonuniyatlari, ratsional vositalari tashkil etadi.
Sotsiologiya ijtimoiy hayot jarayonlarini uch bosqichda o‘rganadi:
- aniq-empirik;
- maxsus;
- umumiy.
Shunga muvofiq ravishda sotsiologiya empirik, maxsus va umumsotsiologik tadqiqot jarayonlarini o‘z ichiga oladi.
Sotsiologiyaning vazifasi jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydigan eng qulay variantlarni, ijtimoiy madaniy modellarini topishdan iborat. Bular jamiyat va insonning o‘z-o‘zini takomillashtirishga qaratilgan qonuniyatlardir. Sotsiologiyaning vazifasi, shuningdek, murakkab ijtimoiy dunyoni tashkil etuvchi o‘zaro birikib harakat qiluvchi tuzilma va mexanizmlar mohiyatini aniqlashdan hamda ularning rivojlanish yo'nalishlarinilarini belgilashdan iborat.
Sotsiologiyaning tadqiqot predmeti tarkibiy tuzilish jihatidan quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Umumiy sotsiologiya – turli sotsial tizimlarda uchrab turadigan ijtimoiy hayotga oid me’yorlarni, bu tizimlarning yashash tarzi va taraqqiyotining eng umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi.
- Maxsus sotsiologiya – ijtimoiy faoliyatning alohida sohalarini ko‘p omilli tizim sifatida tadqiq etadi. Maxsus sotsiologiyaning bir qancha tarmoqlari bor: industrial sotsiologiya; shahar sotsiologiyasi; demografik sotsiologiyasi va boshqalar.
- Bevosita empirik sotsiologik tadqiqotlar – tadqiq qilinayotgan hodisalar, individlar bilan bevosita aloqa va ularning hayot faoliyatlaridagi faktlar to‘plami bo‘lib, so‘roq, kuzatuv, eksperiment va hujjatlarini o‘rganish usullarini tajriba yordamida bilishdir.