Shomansur Alixoʻjayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shomansur Alixoʻjayev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1888-yil
Namangan shahri
Vafoti 1938-yil

Shomansur Alixoʻjayev (1888—1938) — davlat va jamoat arbobi. Alixoʻjayev Shomansur 1888-yilda Namangan shahrida tavallud topgan. Uning otasi sangtarosh boʻlib, oʻzining quruvchi guruhi bilan birgalikda buyutma asosida ishlagan. Alixoʻjayev Shomansur dastlab eski usuldagi maktabda oʻqiydi. U ham otasi kabi bir qator ishchilar bilan birgalikda Namangan shahar va uning atroflarida ish olib boradi. U rus-tuzem maktabida ham tahsil oladi. U faoliyati davomida yer oʻlchovchiga tarjimon, 1911-yil Namanganda politsiya pristaviga izvosh boʻlib ishga kiradi. Skobelov (Fargʻona) shahri pristaviga 1914-1917-yillarda izvoshchilik qiladi. 1917-yil Turkiston muxtoriyati tashkil etilgach, muxtoriyatning tadbirlarida faol ishtirok etadi. 1918-yil Alixoʻjayev Shomansur sovet militsiyasiga ishga olingan. 1923-yil bir muddat u Toshkent shahar soveti raisi oʻrinbosari sifatida ishlaydi. Alixoʻjayev Shomansur 1927-yilgacha Fargʻona muzofot inqilobiy qoʻmitasi raisi sifatida ishlaydi[1]. Alixoʻjayev Shomansur keyingi yillarda OʻzSSR suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi, 1931-yildan OʻzSSR Boshavtoyoʻltrans boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida faoliyat olib boradi. 1937-yil 21-mart kuni OʻzSSR IIXK Zagvozdin bu davrda Toshkent qurilish tresti boshligʻi oʻrinbosari boʻlgan Sh. Alixoʻjayevga nisbatan OʻzSSR JKning 60, 67-moddalari qoʻllab qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. 1937-yil 6-aprel kuni u qamoqqa olinadi. 1938-yil 4-oktabr kuni Oliy sud qaroriri bilan unga oliy jazo tayinlanadi va shu kunning oʻzidayoq jazo bajarildi. 1957-yil 12-martda Shomansur Alixoʻjayevning turmush oʻrtogʻi Sabohat Alixoʻjayeva OʻzSSR KP(b) MK birinchi kotibi N. A. Muhiddinov nomiga ariza yozadi. Alixoʻjayev Shomansur 1957-yil 26-oktyabr kuni OʻzSSR Oliy sudi qarori oqlanadi va uning oila aʼzolariga ushbu xabar haqida maʼlum qilinadi[2].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240 bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304 bet.