Rubens Piter Pauel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

RUBENS (Ryubens; Rubens) Piter Pauel (1577.28.6, Zigen, Germaniya — 1640.30.5, Antverpen) — flamand rassomi, barokko davri flamand rangtasviri maktabining asoschisi. 1600—08 y.larda Italiyada yashab Mikelanjelo, Rafael, Titsian asarlarini oʻrgangan. Antverpenga qaytgach, R. Flandriya hukmdori saroyida bosh rassom boʻlgan. R. hayotni uning ijtimoiy koʻrinishlarida aks ettiradi; asarlarida bezak koʻlami cheklanmagan, kompozitsiyalar murakkab ritmga boʻysundirilgan, shakllar joʻshqin harakatda, keskin rakurslardatasvirlanadi, nursoya keskinligi keng qoʻllaniladi. Monumental diniy kompozitsiyalar ("Xochni oʻrnatish", taxm. 1610—11; "Xochdan olish", taxm. 1611 — 14; Antverpendagi OnzeliveVrauekerk soborida), portretlar ( "Izabella Brant bilan avtoportret", 1609; "Mariya Medichi", taxm. 1622—25; "Poʻstin", taxm. 1638—40 va b.), afsonaviy lavhalar ("Persey va Andromeda", "Dahshatli sud", 1612— 40 va b.), manzaralar ("Kamalakli manzara", 1632—35; "Quyosh botishidagi manzara", 1635—40 va b.) yaratgan. 1617 y. dan R. ustaxonasida uning eskizlari asosida bir qator turkum monumental bezak asarlar tayyorlangan ("Mariya Medichi tarixi", 1622—25, Luvr va b.), ularni yaratishda R.ning shogirdlari — yirik rassomlar (A. Van Deyk, Ya. Yordane, F. Sneyders va b.) ishtirok etgan.

R.ning nozik kuzatishlari, murakkab bezak dogʻlari, chiziklari va b. bilan ajralib turuvchi eskiz va rasmlari uning virtuoz mahoratini namoyen etadi. R. ijodi flamand va umumevropa rangtasviri rivojida muhim rol oʻynagan. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil