René Magritte

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Rene Magrittedan yoʻnaltirildi)
Rene Magritte
fransuzcha: René Magritte

Tavalludi 1898-yil 21-noyabr
Lessin, Belgiya
Vafoti 1967-yil 15-avgust
Bryussel, Belgiya
Sohasi Tasviriy san'at
Oqim surrealizm

René Fransua Gislen Magritt (fransuzcha: René François Ghislain Magritte; 1898-yil 21-noyabr, Lessin — 967-yil 15-avgust, Bryussel) — surrealizm oqimida ijod qilgan mashhur Belgiyalik rassom.

Yoshligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

René Magritt 1898-yilda Belgiyaning Eno provinsiyasidagi Lessin shaharchasida dunyoga keladi. Rassomning otasi, Leopold Magritt (1870-1928[1]) tikuvchilik va gazlama savdosi bilan shugʻullangan. Onasi, Regina (1871-1912[2]) turmushga chiqishdan oldin shlyapalar tayyorlash va sotish bilan shugʻullangan. Lessinda bir necha yil istiqomat qilganlaridan soʻng Magrittlar oilasi Gilliga koʻchib oʻtadi. U yerda Renening ikki ukasi: Pol (1902-1975[3]) va Raymon (1900—1970[4]) dunyoga keladi. Shundan soʻng, oila 1904-1912-yillar oraligʻida Shatleda istiqomat qiladi. Shu yerda Rene 1904-1910-yillar oraligʻida boshlangʻich maktabni va oʻrta maktabning birinchi sinfini tugatadi[5].

René oʻz xotiralarida, buvisi istiqomat qiladigan Suanyi shahrida yashagan davrlarida oʻz doʻsti bilan tashlandiq qabristonda oʻynashni yaxshi koʻrganini va doimiy ravishda oʻsha qabristonda ijod qiladigan rassom bilan koʻp uchrashganini eslab oʻtadi. Keyinchalik ushbu inson rassom Leon Xyugens boʻlganligi ayon boʻladi.

Rene Magrittning imzosi

1912-yil martida Renéning onasi Regina depressiya holatida Sharlerua shahridagi Sambre daryosida choʻkib vafot etadi. 1913-yil fevralida, Regina Magrittning oʻz joniga qasd qilganiga bir yilga yaqin vaqt oʻtganda, Magrittlar oilasi Shatledan Sharlerua shahriga koʻchib oʻtadi. Oʻsha yilning avgustida boʻlajak rassom qassobning qizi, 12 yoshlik Jorjetta Berger bilan tanishib qoladi. Ular 1-jahon urushi boshlangunga qadar doʻst edilar, urush boshlangandan soʻng ajralishadi va tasodifan 6 yildan soʻng yana uchrashishadi.

Ijodiy faoliyatining boshlanishi, Bryussel (1915-1922)[tahrir | manbasini tahrirlash]

1914-yil oxirida va 1915-yilning boshlanishida Magritt oʻzining ilk sanʼat asarini yaratadi. 1,5ga 2 metrlik rasmda yonayotgan otxonadan yugurib chiqayotgan otlar tasvirlangan edi. 1915-yilda boʻlajak rassom maktabni tashlab ketadi va Bryusselga koʻchib oʻtadi. Bu yerda tasviriy sanʼat akademiyasiga erkin tinglovchi boʻlib qatnashishni maqsad qiladi. Rassomning oʻzi eslashicha, u mashgʻulotlarga doimiy tarzda qatnashmagan va akademiyani 1918-yilda tark etadi. 1919-20-yillar orasida u abstraksionist Pyer Luis-Floke bilan birgalikda ijaraga studiya olishadi. Taxminan shu davrda u shoir Pyer Burjua va uning akasi, arxitektor Viktor Burjua bilan tanishadi. Oʻz doʻstlari bilan birgalikda Magritt „Au Volant!“(Yoʻlda) jurnalining 4ta sonini chop qilishadi[6].

Ushbu davrga kelib Magritt oʻzining ilk asarlarini ommaga koʻrsatishni boshlaydi. Magrittning ilk ommaviy kartinalari namoyishi 1919-yilda Centre d’Art galereyasida amalga oshiriladi. Bunda uning rasmlari emas balki 2ta guash afishalar namoyish etiladi. Oʻsha yili Rene ommaga oʻzining ilk sanʼat asarini namoyish etadi. Ushbu kartina yoki „Ayollar“ (fransuzcha: Femmes)[7], yokida „Yalangʻoch ayol“ (fransuzcha: Nu)[8] hisoblanadi. Tadqiqotchilar Margittning ilk ijodida kubizm (ayniqsa Pablo Pikasso) va futurizm taʼsiri kuchli ekanligini eʼtirof etishadi.

1920-yilda botanika bogʻida sayr qilib yurgan Rene tasodifan oxirgi marotaba 1914-yilda koʻrishgan Jorjettani uchratib qoladi. Renening 1920-21-yillardagi Belgiya armiyasidagi xarbiy xizmatidan soʻng, 1922-yil 28-iyunda Rene va Jorjetta nikoh qurishadi va Bryusselning Laken tumaniga koʻchib oʻtishadi.

Belgiya surrealizmi (1923-1927)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Magritt 1926-yilda Belgiyaning Sento galereyasi bilan shartnoma imzolagunga qadar qogʻoz fabrikasida plakat va reklamalar rassomi sifatida ishlaydi. Shundan soʻng u oʻzini butunlay tasviriy sanʼatga bagʻishladi.

1926-yilda Magritt oʻzining eng birinchi omadli kartinasi hisoblagan surrealistik janrdagi „Adashib qolgan chavandoz“ kartinasini yaratadi. 1927-yilda tanqidchilar tomonidan omadsiz deb baholangan rassomning ilk koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.

Parij surrealizmi (1927-1938)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Magritt va Jorjetta Parijga koʻchib oʻtishadi va u yerda Andre Briton bilan tanishib, uning surrealistlar toʻgaragiga aʼzo boʻlishadi. Ushbu toʻgarakka az’o boʻlish unga oʻziga xos uslubiga ega boʻlishiga yordam beradi. Rassom boshqa surrealistlar bilan bahslashishdan qoʻrqmaydi: misol uchun, u psixoanalizning sanʼatda namoyon boʻlishiga salbiy qaragan va qoralagan. Rene Magrittning ijodiga nazar tashlasak, rassom asarlarining tabiati psixologik emas, falsafiy-sheʼriy va fikrlash paradokslariga asoslangandir. Rassom oʻz ijodini „sehrli realizm“ deb ataydi. Magritt buni shunday taʼriflaydi: „Men obyekt yoki mavzuni savol tarzida qabul qilaman. Shunday soʻng ushbu savolning javobi boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa obyektni qidiraman. Javob boʻladigan obyekt savol bilan bir necha sirli bogʻliqliklarga ega boʻlishi kerak[9].“

Sento galereyasi bilan shartnomani bekor qilgandan soʻng Magritt Bryusselga qaytadi va yana reklama sohasida ishlay boshlaydi. Keyin esa akasi bilan birgalikda ularga doimiy daromad olib keladigan oʻz agentliklarini ochishadi.

Urush yillari, „Renuar davri“ (1940-1948)[tahrir | manbasini tahrirlash]

2-jahon urushi davridagi nemis okkupatsiyasi davrida Rene oʻz stilistikasini oʻzgartirib, impressionistlar, avvalo Renuar uslubiga taqlid qila boshlaydi: rassom ushbu qiyin davrda insonlarni ruhlantirish va ularda umid uchqunlarini uygʻotishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. Shu sababdan i ushbu davrdagi Magritt ijod Renuar davriga oiddir (fransuzcha: Période Renoir)[10]. Ushdu davrga oid rassomning eng mashhur asarlaridan biri 1943-yilda yaratilgan „Hosil“ (fransuzcha: La moisson) kartinasi hisoblanadi[11]. Rene Magritte oʻz ijodida yangi uslubni 1947-yil bahorigacha sayqallaydi. Ushbu uslubda 70 ga yaqin kartinalar yaratadi. Oʻzining yangi konsepsiyasini u „quyoshli surrealizm“ (fransuzcha: Le Surréalisme en pleine soleil) deb nomlaydi. U Bretonga yuborgan maktubida hattoki yangi davr — „quyoshli davr“ni (fransuzcha: Période solaire) eʼlon qiladi. Lekin Breton va Magrittning muhlislari, shuningdek kolleksionerlar rassomning ushbu yangiliklariga salbiy fikrda boʻlishadi[12].

Urushdan keyingi davr (1949-1967)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urushdan soʻng rassom „quyoshli“ uslubda ijod qilishni toʻxtatadi va oʻzining urushdan oldingi uslubiga qaytadi. Oʻz kartinalarini qayta ishlab u oʻzining noodatiy uslubini yaratadi va keng miqyisda mashhurlikka erishadi.

Rene Magritt oʻzining „Yorugʻliq imperiyasi“ kartinasining yangi variantini oxiriga yetkaza olmay 1967-yil 15-avgustda oshqozon osti bezi saratoni tufayli vafot etadi. Rassom Sxarbeks qabristoniga dafn etiladi.

Rene Magritt 1993-yilgi Belgiya pochta markasida aks ettirilgan.

Magritt muzeyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bryussel shahridagi Rene Magritt muzeyi

Magritt muzeyi (fr. Musée Magritte) Bryusselning Qirollik nafis sanʼat muzeylari kompleksiga kirib, 2009-yilda Antenlox mehmonxonasi binosida ochilgan[13]. 2500 m² maydonda rassomning 230ga yaqin asarlari joy olgan. Ularning katta qismi rassomning rafiqasi Jorjetta va shoira Iren Xamoa kolleksialaridan olingan[14].

Hujjatli filmlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • 2016 — Magritt. Shlyapadagi odam / Rene Magritte, Man in the Hat (rejissor: Maykl Bork / Michael Burke)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Family tree of Léopold MAGRITTE“ (en). Geneanet. Qaraldi: 2019-yil 21-yanvar.
  2. „Family tree of Adeline BERTINCHAMPS“ (en). Geneanet. Qaraldi: 2019-yil 21-yanvar.
  3. „Family tree of Paul MAGRITTE“ (en). Geneanet. Qaraldi: 2019-yil 21-yanvar.
  4. „Family tree of Raymond MAGRITTE“ (en). Geneanet. Qaraldi: 2019-yil 21-yanvar.
  5. [prabook.com/web/rene.magritte/1110160 „Rene Magritte“]. PraBook.
  6. Brodskai︠a︡, N. V. (Natalʹi︠a︡ Valentinovna). Surrealism : genesis of a revolution. New York: Parkstone International, 2012. ISBN 9781780428734, 1780428731. 
  7. Susan Day. „The Contradictory World of René Magritte“. Susan Day (2018-yil 19-mart). 2019-yil 28-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-fevral.
  8. „Rene Magritte - 370 artworks - WikiArt.org“. www.wikiart.org. 2019-yil 28-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-fevral.
  9. Геташвили 2016.
  10. „Magritte / Renoir. Le surréalisme en plein soleil | Musée de l’Orangerie“ (fr) (deadlink). www.musee-orangerie.fr. 2021-yil 1-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-may.
  11. „Œuvre « La moisson » – Musées royaux des Beaux-Arts de Belgique“ (fr) (deadlink). www.fine-arts-museum.be. 2021-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-may.
  12. Аллмер 2020.
  13. „Origin – Magritte Museum“ (en). www.musee-magritte-museum.be. 2018-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 2-oktyabr.
  14. „Artworks – Magritte Museum“ (en). www.musee-magritte-museum.be. 2018-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 2-oktyabr.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]