Qosim kohiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qosim Kohiy - toʻliq nomi Sayid Najmiddin Muhammad Abulqosim Kohiy.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qosim Kohiy 1463 yilda Samarqand va Buxoro orasidagi togʻlik hudud boʻlmish Miyonkoʻlda dunyoga kelgan. Qosim Kohiy dastlabki taʼlimni qishloq masjidi qoshidagi maktabda olib, keyinchalik Samarqanddagi madrasalarning birida oʻqishni davom ettirdi, taxminan 15-16 yoshga kirganda esa, Hirotga bordi, u yerda dastlab „Nizomiya“ madrasasida keyinroq Mir Alisher Navoiy qurdirgan „Ixlosiya“ madrasasida taʼlim oldi, shu orada Abdurahmon Jomiy bilan uchrashib, Movlononing fayzbaxsh suhbatlaridan bahramand boʻldi. Kohiy Hirotda qancha vaqt yashagani va taʼlim olgani manbalarda aniq koʻrsatilmagan, ammo oʻsha zamonda bilim oʻchogʻi sifatida shuhratga ega boʻlgan bu shaharda yashagan davri boʻlajak shoir, musiqashunos va faylasuf uchun katta maktab boʻldi, uning dunyoqarashi, badiiy adabiyotga boʻlgan munosabati aynan shu yerda shakllandi. Shuningdek, Kohiy shu shaharda tasavvuf yoʻliga kirgani va oila qurmaslikka qaror qilgani taxmin qilish mumkin.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kohiy sheʼriyatida Hind forsiyzabon shoirlaridan Amir Xusrav Dehlaviy, Hasan Dehlaviyga, Iroq uslubi ijodkorlaridan Hofiz Sheroziy va Saʼdiy Sheroziyga koʻproq ixlosmand edi. Ulardan Tashqari Kohiy Gʻaznaviylar davri shoirlaridan Anvariy, mashhur soʻfiy Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy asarlaridan tazminlar qilgani, oʻz zamondoshlari sheʼrlariga javoblar yozgani manbalarda qayd etilgan. Bundan maʼlum boʻladiki, shoir nafaqat mumtoz forsiyzabon adabiyot tarixini yaxshi bilgan, balki oʻziga zamondosh shoirlar ijodidan ham yaxshi xabardor boʻlgan. Kohiy shoir sifatida koʻp jihatdan XVI asr Hirot adabiy anʼanalari davomchisi sifatida gavdalanadi. Bu hol uning sheʼriyati mavzulari va gʻoyalari, shoir ijodida asosiy oʻrin egallagan janrlarda yaqqol namoyon boʻladi. Uning Saʼdiy Sheroziyning „Boʻston“ asari va ustozi Abdurahmon Jomiyning „Bahoriston“ masnaviysidan ilhomlanib, „Gulafshin“ nomi bilan axloqiy-didaktik mazmundagi masnaviy yaratgani ham buning dalilidir. Kohiyning ijodiy faoliyati seriqrra boʻlib, u Kobul madaniy muhitida ham, Hindiston madaniy muhitida ham nafaqat shoir sifatida, balki bastakor va qoʻshiqchi sifatida ham tanilgan edi. u koʻpincha oʻzi yozgan gʻazallarga kuy bastalab ijro etar, keyinchalik esa bu qoʻshiqchila mashhue boʻlib, ogʻizdan ogʻizga koʻchib yurar edi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rahmon Inomxoʻjayev. Afgʻoniston dariyzabon adabiyoti (XVIII-XIX asrlar). — Toshkent, 2016