Odil Ikrom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Odil Ikrom
Tavalludi 1960-yil 26-yanvar
Ko'lkent, Isfara, Sug'd, Tojikiston
Kasbi Shoir, tarjimon
Shoh asari Xo'jand davlat universiteti
Mukofotlari Abu Abdulloh Rudakiy nomidagi Tojikiston davlat mukofoti

Odil Ikrom (Ikromov) — 1960-yil 26-yanvarda Tojikiston Respublikasi, Sugʻd viloyati, Isfara tumanidagi Koʻlkent qishlogʻida tugʻilgan[1]. Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, shoir va tarjimon. Abu Abdulloh Rudakiy nomidagi Tojikiston davlat mukofoti sohibi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odil Ikrom Tojikistonda tavallud topgan. 1967-1977 yillarda Isfara tuman Koʻlkent qishlogʻidagi 35-sonli oʻrta maktabda tahsil olgan[2]. 1977-81-yillarda Leninobod davlat pedagogika institutining (hozirda Xoʻjand davlat universiteti) tarix-filologiya fakulteti, oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimida oʻqigan[3]. 1990-yil SSSR Yozuvchilar Ittifoqi aʼzoligiga qabul qilingan. 1981 — 1983 yillarda Hisor tumanining Shahrinav shaharchasidagi 8-o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan. 1983 — 1985 yillarda „Sovet Tojikistoni“ (hozirgi „Xalq ovozi“) jumhuriyat ro‘znomasining maorif va madaniyat, partiya turmushi, adabiyot va sanʼat bo‘limlarining maxsus muxbiri,1985-2000-yillar oraligʻida Oʻzbekiston radiosi adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Tarjima va adabiy aloqalar markazida boʻlim mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Oilali, farzandlari bor.

Ijodiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sheʼriy toʻplamlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shoirning ilk kitobi „Ufq daraxti“ 1990-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti tomonidan „Shoirning ilk kitobi“ ruknida chop etilgan[4]. Shundan keyin shoirning „Tahajjud“ („Xuroson“ nashriyoti, Xoʻjand, 2007), „Tahammul“ (Rahim Jalil nomidagi davlat nashriyoti, Xoʻjand, 2012), „Iqtido“, „Uzlat“ (Rahim Jalil nomidagi davlat nashriyoti, Xoʻjand, 2012), „Xayol maqbarasi“ („Pravo Press“ nashriyoti, Toshkent,2020) kabi sheʼriy kitoblari nashrdan chiqqan[5][2][6].

Tarjima asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odil Ikrom rus, ingliz, fors va tojik shoirlarining ijodini oʻzbek tiliga oʻgirib keladi. Jumladan, fors shoirasi Furugʻ Farruxzoddan tarjimalari dastlab „Asr ovozi“ (Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, Toshkent, 1988) nomli toʻplamga kiritilgan. 2019-yilda Furugʻ Farruxzodning sheʼrlari „Qaygʻu guli“ nomi ostida „Akademnashr“ nashriyoti tomonidan nashr etildi. Bundan tashqari, Zahiriy Samarqandiyning „Makrunniso“ nasriy asarini „Xotinlar makri“ (Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992; Rahim Jalil nomidagi davlat nashriyoti, 2012) nomi bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. „Onaginam“ (Rahim Jalil nomidagi davlat nashriyoti, Xoʻjand, 2012; „Noshirlik yogʻdusi“ nashriyoti, Toshkent, 2019) kitobida esa Tojikiston xalq shoiri Loyiq Sherali ijodidan oʻgirmalari oʻrin olgan. Qolaversa, tojik shoiri Ozaraxshning „Xayrli tong“, alban-amerikalik shoir Gjekë Marinajning „46 sahifa“ (Mirzohid Muzaffar bilan birgalikda)[7], „Zamonaviy tojik sheʼriyati antologiyasi“ („Adabiyot“ nashriyoti, Toshkent, 2022) sheʼriy toʻplamlarini, Muhammad Iqbol (Pokiston), Nodir Nodirpur (Eron), Farzona (Tojikiston) kabi shoirlar sheʼrlari va Mirzo Bedil masnaviylari, Naqibxon Togʻralning gʻazallarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.

= "Masnaviy Maʼnaviy" tarjimasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

U mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat „Maʼnaviy masnaviy“ asarini fors tilidan oʻzbek tiliga toʻliq tarjima qilgan. 2021-yilda asarning birinchi kitobi Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi tomonidan chop etildi. Ayni shu yili „Pravo Press“ nashriyoti asarning birinchi kitobini oʻzbek va tojik tillarida nashrdan chiqardi. Professor Nodira Afoqova ushbu tarjima haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:

"Biz tarixiy hodisa ila ro‘baro‘ turibmiz. Bu tarixiy hodisa — muhtasham Jaloliddin Rumiy „Masnaviyi maʼnaviy“sining o‘zbek tilidagi tarjimasidir. Bu muazzam badiiy obidani bu gal betakror shoir va mutarjim Odil Ikrom tarjimasida o‘z tilimizda mutolaa qilish baxtiga muyassar bo‘lib turibmiz"[8].

Shuningdek, filologiya fanlari doktori, yozuvchi Ulugʻbek Hamdam "Global dunyodagi yoʻlchi yulduzlar yoxud „Masnaviy“dan taralgan yogʻdu" nomli maqolasida Odil Ikrom tarjimasi haqida iliq fikrlarni bildirgan:

"Odil Ikromgacha „Masnaviy“dek shoh asarning tarjimasi yo‘q edimi? Bor edi. Bo‘lganda qandoq. Marhum shoir Asqar Mahkam uning ikki kitobini izohlar bilan o‘z tarjimasida eʼlon qilgandi, afsuski, qolganiga ulgurmadi — erta qaytish qildi. O‘zbekiston xalq shoiri, ulkan tarjimon Jamol Kamol „Masnaviy“ning to‘liq tarjimasini ilk bor o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etdi… Mana, nihoyat, qo‘limizda muazzam asarning uchinchi — o‘zbekcha o‘girmasi turibdi. Buning ko‘zga ilk tashlanguvchi xususiyati shuki, u chindan ham o‘zbekcha ifodada jaranglagan"[9].

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

2022-yilda Odil Ikrom tojik adabiyoti namunalarini dunyoga targʻib qilish borasidagi xizmatlari uchun Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan Abu Abdulloh Rudakiy nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi[10][11][12][13].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „«СЕНИ ҚАНДАЙ ҚИЛИБ УНУТАЙ АХИР, ЁДИНГ ИЛК МУҲАББАТ ЁДИДАЙ ШИРИН…»“ (2019-yil 12-aprel). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  2. 2,0 2,1 „Odil Ikrom. She’rlar va «Taxammul» kitobi.“ (2014-yil 26-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 28-iyul.
  3. „"Ma‘naviy masnaviy"ning har lahzasidan ta‘sirlanganimni aytib ado qilolmasam kerak"“ (2013-yil 26-iyul). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  4. „«Shoirning ilk kitobi» turkumi (1988-1997)“ (2017-yil 2-mart). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  5. „«СЕНИ ҚАНДАЙ ҚИЛИБ УНУТАЙ АХИР, ЁДИНГ ИЛК МУҲАББАТ ЁДИДАЙ ШИРИН…»“ (2019-yil 12-aprel). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  6. „Odil Ikrom. «Xayol maqbarasi» kitobidan she’rlar“ (2022-yil 26-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  7. „American's poetry inspires in Uzbekistan“. Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  8. „ИНСОНИЯТНИНГ СЎЗ ОСМОНИДАГИ МЕЪРОЖИ“ (2021-yil 11-mart). 2022-yil 27-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  9. „Ulug’bek Hamdam. Global dunyodagi yo’lchi yulduz(lar) yoki «Masnaviy»dan taralgan yog’du“ (2022-yil 15-aprel). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  10. „Ўзбекистонлик таржимонга Тожикистон Давлат мукофоти берилди“ (2022-yil 25-avgust). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  11. „Эмомали Рахмон наградил узбекистанского переводчика Одила Икрома Государственной премией Таджикистана“ (2022-yil 26-avgust). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  12. „https://pressa.tj/barandagoni-%D2%B7oizai-r%D3%AFdak%D3%A3-va-navisandai-hal%D2%9B%D3%A3-kistand-on%D2%B3o/“ (2022-yil 25-avgust). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.
  13. „Маросими супоридани мукофотҳои давлатӣ“ (2022-yil 25-avgust). Qaraldi: 2022-yil 27-avgust.